O‘zbekiston | 10:43 / 06.09.2022
45387
4 daqiqa o‘qiladi

«Prokuror bilan gaplashishdan oldin maktab qurilishini joyiga qo‘yib qo‘yish kerak» - Prezident Surxondaryo hokimiga

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari hududlarda yangi maktablar qurilishi mavzusiga alohida to‘xtaldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bugun har bir hokim shoshilmasdan menga aytib beradi: ichki imkoniyat bormi yoki yo‘qmi? Bor bo‘lsa, nega xalqimizga xiyonat qilyapsan? Nega borib pulni o‘zlashtirmayapsan? Nega berilgan kreditni qilolmayapsan? Men bugun hammadan so‘rayman.

Bugun - 1 sentabr. 290 ta maktab obektlari qurilish-ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetmagan. Bu nimadan dalolat? Bugungi aytgan kamchiliklar bo‘yicha investitsion dasturni tugatamiz. Shu viloyatlarga kelgusi yil maktab bo‘yicha pul berilmaydi. Hokim aybdor, deb hammaning o‘zi televizorda chiqadi: «Shuni bajarmaganimga men aybdorman», deb. 

Andijon - 25 ta, Buxoro - 24 ta, Jizzax - 12 ta, Qashqadaryo - 32 ta, Navoiy - 8 ta, Namangan - 12 ta, Samarqand - 8 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari tugatilmagan. Surxondaryoda, janob, prokuror bilan gaplashayotgan bir hokim bor - 29 ta maktab. Sen prokuror bilan telefonda gaplashishdan oldin maktablar qurilishini joyiga qo‘yib qo‘y. Charchagan bo‘lsang, ishdan olaman seni ham. Toshkent viloyati, janob Mirzayev - 41 ta, Sirdaryo - 6 ta, Farg‘ona - 23 ta, Xorazm - 6 ta, Toshkent shahri - 23 ta maktab oxirigacha yetkazilmagan. Bugun kechqurun hamma hokimlar menga xat yozadi, agar bironta gapning tagi bo‘lmasa ishdan olaman», dedi yig‘ilishda prezident. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. 

Ma’lumot uchun, avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurorini haqoratlagani audiosi internetda tarqalgan, unda viloyat hokimi o‘ziga yaqin bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortayotgani uchun prokurorni haqorat qilib, tergovga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashgani aks etgandi.

Bosh prokuraturaning holat yuzasidan bergan bayonotida audioyozuvlar haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotgani aytilgan. Biroq shundan beri o‘rganish natijalari jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q.

24 avgust kuni internetda viloyat hokimining yangi audiosi tarqaldi. Unda Bobolov prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi 3907-sonli qaroriga zid ravishda «Surxon tongi» gazetasini kerakli miqdorda obuna qila olmayotgan mutasaddilarga qattiq tanbeh berganini eshitish mumkin.

Hokimlik matbuot xizmati Angor tumani prokurori haqoratlangan dastlabki audio hokimlik soatida bo‘lib o‘tgan muhokamadan kesib olinib, boshqacha talqin qilingani, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tgani sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgani bilan xaspo‘shlagandi. 

Navbatdagi audio bo‘yicha munosabatda esa 2022 yilda viloyat hokimi rahbarligida obuna masalasida yig‘ilish yo uchrashuv o‘tkazilmagani, mazkur audioyozuv «2021 yildagi yig‘ilishlardan montaj qilingani»ni bildirgan.

Mavzuga oid