Holandning tezlik olishi Ronaldu va Messinikidan yaxshiroq, Mbappe Neymardan to‘p qizg‘anmoqda. YeChLda kun o‘yinlari
Seshanba kuni Chempionlar ligasida guruh bosqichining 1-tur uchrashuvlari boshlandi.
Benzema jarohat oldi, Germaniyada sensatsiya
F guruhi
Seltik — Real 0:3
Gollar: Vinisius (56), Modrich (60), Azar (77).
Seltik – Hart, Yuranovich, Karter-Vikers, Yyens, Teylor, Makgregor, O`Rayli (Muy, 72), Hatate (Ternbull, 72), Yakumakis (Furuhasi, 72), Jota (Hakshabanovich, 82), Abada (Maeda, 46).
Real – Kurtua, Karvaxal, Alaba, Militao (Ryudiger, 46), Mendi, Modrich (Asensio, 80), Kroos, Tchuameni (Kamavinga, 71), Valverde, Benzema (Azar, 30), Vinisius (Rodrigo, 80).
Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi startda o‘ta noqulay raqibga duch keldi. «Seltik» uyda istalgan jamoaga muammo tug‘dirishi mumkin, qolaversa «keltlar» hozirda juda yuqori sport formasida. Shanba kuni ular azaliy raqibi «Reyndjers»ni tor-mor etdi (4:0). Bu o‘yinda esa raqib mudofaasi va Kurtua doimiy bosim ostida ushlab turildi, birinchi bo‘limda Makgregorning zarbasidan keyin faqat darvoza ustuni goldan saqladi.
Bu «Real»ni, albatta xavotirga soldi, ammo o‘yinning yarim soati o‘tganida Benzema jarohat olib safdan chiqqanidagi xavotirlar ko‘proq edi. Fransuz hujumchisi o‘rniga tushirishga boshqa hujumchi yo‘q edi va Karlo Anchelotti Azar «aldamchi to‘qqizlik» rolida bo‘ladigan sxemaga o‘tishga qaror qildi. Belgiyalik futbolchi esa ishonchni oqladi, avvaliga «Qirollik klubi»da 100-bor YeChL o‘yinida maydonga tushgan Modrichning golida hammualliflik qildi, keyin o‘zi ham yanvardan buyon ilk golini urdi, bu uning Chempionlar ligasida 650 kun ichidagi ilk goli bo‘ldi.
Uning goli allaqachon taslim bo‘lgan shotlandlarga so‘nggi zarba edi. O‘yinda birinchi golli hujumdan keyinoq burilish yuz bergandi — raqibning tajovuzkor pressingidan chiqishda namunali o‘yin namoyish etildi, «Real» futbolchilari kombinatsiya davomida 22 bor uzatma amalga oshirishdi. So‘nggisi — qanotdan Valverde ijrosida bo‘ldi — urugvaylik futbolchi hujum uchligida o‘ng qanotda mustahkam o‘rnashgan. Vinisius Junior esa Madriddagi faoliyatida ilk bor qatorasiga to‘rt o‘yinda gol urdi va Benzema yo‘qligi jamoa uchun hukm bo‘lmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo, albatta, ko‘p narsa fransuz hujumchisining jarohati qay darajada ekaniga bog‘liq bo‘ladi.
Leypsig — Shaxtyor 1:4
Gollar: Simakan (57) — Shved (16, 58), Mudrik (76), Traore (85).
Leypsig – Gulachi, Simakan, Orban, Diallo, Halstenberg (Raum, 46), Soboslai, Laymer (Aydara, 82), Shlager (Henriks, 70), Silva, Verner (Forsberg, 70), Nkunku.
Shaxter – Trubin, Teylor, Matviyenko, Bondar, Konoplya, Mudrik, Stepanenko (Krivsov, 86), Sudakov, Bondarenko (Jurasek, 62), Shved (Petryak, 62), Zubkov (Traore, 70).
Qur’a tashlanganida Donetskning «Shaxtyor» klubi odatiga ko‘ra «Real» bilan bir kvartetdan joy oldi — qatorasiga uchinchi bor. Bu safar ularning kompaniyasiga «Seltik» va «Leypsig» qo‘shilgan.
«Shaxtyor» birinchi turni «Leypsig»ga qarshi safarda o‘tkazdi va kutilmaganda yirik hisobda (4:1) g‘alabaga erishdi. Mezbonlar o‘yinning ilk daqiqalaridanoq tashabbusni qo‘lga olishdi. Mehmonlar darvozaboni Anatoliy Trubin doimiy ravishda o‘yinda bo‘ldi, birinchi jiddiy seyv 14-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Bundesligada o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Kristofer Nkunku jarima maydoni ichida turib darvoza burchagini yerlatib nishonga oldi, ammo Trubin zarbani bartaraf etdi.
Lekin ikki daqiqa o‘tib, maydonning ikkinchi tomonidagi darvozada Peter Gulachi o‘zini juda yomon tutdi. «Leypsig» maydonning bu qismida o‘zaro pas almashayotganida, vengriyalik posbon konsentratsiyani yo‘qotdi va ahmoqona fint o‘ylab topdi. Gulachi to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yubordi, «Shaxtyor» forvardi Marian Shved bir urinishda 35 metr masofadan turib darvozani ishg‘ol etdi.
«Leypsig» futbolchilarini bu omadsizlik karaxt ahvolga soldi. Nemislar birinchi bo‘lim oxirigacha o‘ziga kela olmadi, «konchilar»ni o‘yinning bunday kechishi qoniqtirardi va ular tanaffusgacha hisobni saqlash uchun o‘ynashdi.
Tanaffusdan keyin mezbonlar faollashdi va «Shaxtyor» darvozasini qamal qildi, bu o‘z samarasini berdi. 57-daqiqada «Leypsig» chiroyli kombinatsiya amalga oshirdi, bir necha uzatmalar bilan raqib jarima maydoniga yetib borildi, hal qiluvchi pasni Dominik Soboslai berdi. Ushbu yarimhimoyachi o‘ng qanotda ochilgan himoyachi Muhammad Simakanani qulay vaziyatga chiqardi, u esa to‘pga bir teginishda kuchli zarba yo‘llab, Trubinni ojiz qoldirdi.
Ammo «Shaxtyor» mezbonlardan farqli o‘laroq, tezda o‘ziga keldi. Goldan keyin o‘yinni maydon markazidan boshlagan mehmonlar maydonning o‘z tomonidagi bir necha paslardan keyin chap qanotdan tezkor va texnar Mixail Mudrikni oldinga tashlashdi. Vinger jarima maydoniga yorib kirdi va orqaroqdan kelayotgan Shvedni to‘p bilan ta’minladi, u yo‘l-yo‘lakay zarba berdi. Zarba kuchli chiqmadi, ammo «Shaxtyor»ga to‘p Villi Orbanning oyog‘iga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirishi yordam berdi.
Birinchi turda o‘z maydonida yutqazishni istamagan nemislar jamoasi bor kuch bilan oldinga tashlandi. «Shaxtyor»ning yosh futbolchilari esa bundan foydalanishdi. To‘pni o‘z jarima maydonida egallab olgan ukrainlar bitta uzatma bilan Georgiy Sudakov va Mudrikni raqib jarima maydonida ikkiga bir holatga chiqarishdi. Sudakovning uzatmasidan keyin Mudrik osonlik bilan Gulachini aldab o‘tib, hisobni oshirdi.
Mudrikka gol va golli uzatmaning o‘zi kamlik qildi va yozda unga «Arsenal» bejiz qiziqmaganini ko‘rsatib qo‘ydi. 85-daqiqada ushbu vinger yana o‘ng qanotdan yorib kirib, Lasin Traoreni darvozabon qarshisida yolg‘iz qoldirdi.
«Leypsig» hisob 1:2 ko‘rinishiga kelganidan keyin raqib darvozasi oldida jiddiy vaziyat yarata olmadi. «Shaxtyor» kutilmaganda «Red Bull Arena»dan uch ochko bilan qaytadigan bo‘ldi. Domeniko Tedeskoning bundesligdagi muammolari Chempionlar ligasiga ham ko‘chdi — «Leypsig» ichki chempionatda 5 o‘yinda atigi bir g‘alabaga erishgan va turnir jadvalining 11-o‘rnida joylashgan. «Shaxtyor» esa «Real» «Seltik»ka urganidan bitta ko‘proq gol urgani tufayli, F guruhida peshqadamlik qilmoqda.
14 sentabr. «Shaxtyor» — «Seltik», «Real» — «Leypsig».
Favoritlar omadsizligi davom etadi
Ye guruhi
Dinamo Zagreb — Chelsi 1:0
Gol: Orshich (13).
Dinamo Zagreb – Livakovich, Muharrami (Lauritsen, 76), Ristovski, Perich, Shutalo, Lyubichich, Ademi (Baturina, 89), Mishich, Ivanushets, Orshich (Shpikich, 77), Petkovich (Drmich, 90+8).
Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Aspilikueta (Ziyosh, 46), Kulibali, Fofana, Chiluell (Kukurelya, 71), Kovachich (Jorjino, 59), Maunt, Haverts, Obameyang (Broya, 59), Sterling (Pulishich, 75).
Zagrebdagi o‘yinga «Chelsi» safida Obameyang debyut qilishi tufayli ham qiziqish yuqori edi. Yangi futbolchi debyutdayoq Sterling uchun juda qulay vaziyat yaratib, ko‘klarda qanday ustunlik borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo «Dinamo» hujumlarga turib berdi, keyin ikki pas bilan mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi. Jarima maydoni ichidan maydon markaziga uzun uzatma, Petkovich to‘pni to‘xtatib, Orshich yo‘liga tashlab berishi, hujumchi esa ko‘klar 87 million yevro to‘lagan Fofanani ortda qoldirishi.
Ikkinchi bo‘lim ham birinchisi kabi boshlandi. Obameyangning bekor qilingan goli ortidan Ristovski uzoq masofadan kuchli zarba berdi, uni Kepa qiyinchilik bilan to‘sdi va to‘p darvoza to‘siniga tegdi. «Chelsi» — to‘pni nazorat qildi, lekin bundan hech qanday naf bo‘lmadi. Tomas Tuxel jamoasi mavsum boshidan buyon shunday o‘ynamoqda. O‘yinning qolgan qismida Jyeymsning zarbasi ustunga tegishi va Livakovich qator seyvlar amalga oshirishi natijani o‘zgartirmadi. Zagrebliklarning g‘alabasi — katta sensatsiya emas, «Chelsi» Frenk Lempard davridan buyon ilk bor qatorasiga uch safar uchrashuvida mag‘lub bo‘ldi.
Natijada «Chelsi»da bosh murabbiy sifatida 100-o‘yinidan keyin Tomas Tuxel iste’foga chiqarildi.
Zalsburg — Milan 1:1
Gollar: Okafor (28) — Salemakers (40).
Red Bull – Ken, Dedich, Sole (Bernardo, 42), Pavlovich, Ulmer, Zayvald, Kapaldo, Kergor, Kameri (Gurna-Duat, 65), Okafor (Adamu, 90+3), Fernando Pedro (Sheshko, 65).
Milan – Menyan, Kalabriya (Dest, 57), Tomori, Kalulu, Ernandes, Binnosir (Pobega, 57), Salemakers (Messias, 80), Tonali, de Ketelare (Dias, 70), Jiru (Origi, 57), Leau.
Ogohlantirishlar: Kapaldo (17), Tomori (38), Kalabriya (44), Gurna-Duat (68), Dias (89), Origi (90+2).
«Milan»ning o‘tgan yili Chempionlar ligasiga qaytishi fiasko bilan yakunlangandi. Rossonerilar «Portu»ni uchinchi o‘ringa o‘tkazib yuborib, hatto Yevropa ligasi pley-offiga chiqa olishmagan. Shu tufayli Zalsburgdagi o‘yin muhim edi, avstriyaliklar 2021 yil fevralidan buyon o‘z uyida mag‘lub bo‘lmay kelmoqda.
Shveytsariyalik Okafor Kaluluni gazonga o‘tqazib qo‘yib, hisobni ochdi va ushbu ajoyib seriya davom ettirilishidan ogoh etdi. Milan derbisi qahramoni bo‘lgan Rafael Leau bu o‘yinda ham o‘zini ko‘rsatdi va Salemakers hisobni tenglashtiruvchi golni urishini ta’minladi. Ammo mehmonlar bundan ortiq javob qaytara olishmadi, Origi o‘yin oxirida qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, Leauning zarbasi ustunga tegdi. Guruh favoritlari bo‘lgan ikki jamoa birinchi turdan keyin jami bir ochkoga ega.
14 sentabr. «Milan» — «Dinamo» Z, «Chelsi» — «Zalsburg».
Norveg mashinasi
G guruhi
Sevilya — Manchester Siti 0:4
Gollar: Holand (20, 67), Foden (58), Diash (90+2).
Sevilya – Bunu, Navas, Nyanzu, Karmona, Akunya, Telles (Dolberg, 57), Rakitich (Mir, 46), Dileyni (Jordan, 46), Gudel, Gomes (Suso, 73), Isko (Yanuzay, 78).
Manchester Siti – Ederson, Kanselu, Diash, Akanji, Gomes, Mahrez, Fillips, de Bryuyne, Silva, Rodri, Grilish (Gundo‘g‘an, 62), Foden (Palmer, 70), Holand (Alvares, 70).
Jamoalarning biri mavsumni juda muvaffaqiyatsiz boshlagan, uning mudofaasi ko‘proq o‘tish yo‘lini eslatadi. Ikkinchi jamoa safida esa Yevropaning eng kuchli chempionatida olti turda 10 gol urgan forvard. Bunday holatda «Ramon Sanches Pisxuan»dagi o‘yin natijasini oldindan aytish mumkin edi. Kutilganidek De Bryuynening uzatmasidan keyin Holand hisobni ochdi.
U Chempionlar ligasida rekordlarni yangilashga kirishmoqda. Turnir tarixidagi eng yaxshi to‘purar Krishtianu Ronaldu turnirdagi dastlabki 20 o‘yinida gol ura olmagan. Messi esa bunday vaqtda sakkiz gol urgan. Holandda esa bu ko‘rsatkich 25 ta aniq zarbaga teng. Undan keyingi natijalar Karim Benzema (12) va Robert Levandovskida (11). Norvegiyalik futbolchining o‘ziga ishonchi yuqori, o‘zi o‘ynagan jamoalar safida asosiy yevrokubokdagi debyutlarida dubl muallifi bo‘lgan — «Zalsburg», «Borussiyu» va «Man Siti».
Har bir o‘yin Xosep Gvardiola nihoyat YeChLda g‘olib bo‘lish uchun shu vaqtgacha yetishmay kelgan ingrediyentni topganini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, Holandning yonida De Bryuyne va Foden kabi mahoratli futbolchilar bor. Foden «shaharliklar»ning dastlabki uch golida qatnashdi, o‘zi ham finti bilan Gudelni maydonga yiqitib, ajoyib gol urdi.
Borussiya D — Kopenhagen 3:0
Gollar: Roys (35), Gerreyru (42), Bellingem (83).
Borussiya D – Mayyer, Mene, Zyule, Shlotterbek, Gerreyru (Rote, 86), Roys (Volf, 86), Azar (Reyna, 23), Brandt, O‘zjan (Jan, 66), Bellingem, Modest (Mukoko, 66).
Kopenhagen – Rayan, Diks (Yyelert, 81), Xocholava (Boylesen, 81), Vavro, Kristiansen, Falk, Zeye (Sorensen, 72), Lerager, Klasson, Kornelius, Darami (Haraldsson, 60).
Kunning birinchi o‘yinida «Borussiya» dastlab «Kopenhagen»ning qattiq qarshiligiga duch keldi. Daniyaliklar mudofaasini yorib o‘tishga faqatgina kamdan kam hujumlardan birida erishildi, o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab olgan Zyule boshlagan hujum Roysning ijrosida yakunlandi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi tezkor kombinatsiya ham samara keltirdi. Reyna Rafael Gerreyruni gol urmaslik qiyin bo‘lgan pozitsiyaga chiqardi va birinchi bo‘lim yakuniga ko‘ra o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. O‘yin oxirida esa Bellingem hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
14 sentabr. «Manchester Siti» — «Borussiya» D, «Kopenhagen» — «Sevilya».
Parij Chempionlar ligasidagi navbatdagi yurishini boshladi
H guruhi
PSJ — Yuventus 2:1
Gollar: Mbappe (5, 22) — Makkenni (53).
PSJ – Donnarumma, Hakimi (Mukiyele, 78), Ramos, Markinos, Kimpembe, Mendesh, Verratti (Sanshesh, 87), Vitinya (Danilu, 78), Messi (Soler, 83), Neymar, Mbappe.
Yuventus – Perin, Bonuchchi, Danilo, Bremer, Kuadrado (De Shilo, 74), Kostich, Paredes, Rabo (Ken, 87), Miretti (Makkenni, 46), Milik (Lokatelli, 68), Vlahovich.
«PSJ» va Chempionlar ligasi — adog‘i yo‘q qayg‘uli tarix. Hozircha klub va sovrin — turli olamlardagi personajlar. Ammo, guruh bosqichidagi turlicha muvaffaqiyatsizliklarga qaramay, Parij jamoasi hamisha favoritlar qatorida bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda qator yorqin g‘alabalarga erishildi — 2019/20 yillar mavsumida «Park de Prens»da «Real» (3:0), o‘tgan yili esa «Manchester Siti» (2:0) mag‘lub etildi.
Bu mavsum boshida ham «PSJ»da barchasi joyida. Kristof Galte 3-4-3 sxemasini hozircha muvaffaqiyatli qo‘llamoqda. Maydon o‘rtasida Marko Verratti va Portugaliya chempionatidan olib kelingan Vitinya yaxshi harakat qilmoqda. Himoyada hatto Serxio Ramosga joy topilgan. Hujum chizig‘idagi trioga savollar yo‘q. Neymar — chempionatning olti o‘yinida «7+6» ko‘rsatkichini qayd etdi, Leo Messida natija — «3+6». Faqat Kilian Mbappega tartib va axloq borasida savol tug‘ilishi mumkin, ammo u ham yetti gol urib ulgurgan.
Byankoneri hech qachon tomoshabop o‘yin ko‘rsatmagan — 90-yillarda Marchello Lippi boshqaruvida ham, 2000-yillarning birinchi yarmida Fabio Kapello qo‘li ostida ham. 2010-yillarning ikkinchi yarmida «Yuve» xo‘jayini Andrea Anelli tomoshabop o‘yin ko‘rsatuvchi jamoa qurishga qaror qildi. Superyulduz Krishtianu Ronaldu taklif etildi, zamonaviy o‘yin uslubida o‘ynovchi murabbiylar chaqirildi. Barchasi yomon tugadi.
Bir necha yil davom etgan beqarorlikdan keyin «Yuventus» yana o‘z asliga qaytmoqda va tomoshabop o‘yin ko‘rsatish ikkinchi planga o‘tmoqda. Jamoada mavsum startida kuzatilayotgan holatni shu bilan ham izohlash mumkin. Ammo Parijdagi o‘yin bunday traktovka ishlamasligini ko‘rsatdi. Hozirda «PSJ» va «keksa sinora» — turli divizionlardagi jamoalar. Fransuzlar jamoasi o‘ziga ortiqchalik qilib qolgan Leandro Paredesni Turinga yuborgani ham bejiz emas.
O‘yinning dastlabki 45 daqiqaligida mezbonlar fonida «Yuve» qishloq jamoasidek ko‘rindi. Maks Allegri 5-3-2 sxemasi tanlaganini «PSJ»ga mos sxema tanlashga uringani bilan tushuntirish mumkin, ammo amalda bu ish bermadi. Parij bir jiddiy harakat qilishi bilan mehmonlar himoyasi sochilib ketdi. «Yuventus» faqat «PSJ» ruxsat berganida to‘pni nazorat qiloldi va bu nazorat befoyda edi.
O‘yinda tezkor gol urildi, keyin yana bir tezkor gol «PSJ»ning vazifasini osonlashtirdi va o‘yin tempi biroz pasaydi. Maydonda bir vaqtning o‘zida Neymar, Messi va Mbappe bo‘lganida pressing bilan o‘ynash ham qiyin.
«PSJ»ning muammosi shundaki, Fransiya chempionatida jamoa xavf his qilmay, o‘z o‘yinini o‘ynaydi. Tanaffusdan keyin Allegri sxemani o‘zgartirgan va to‘pga egalik qilingan bo‘lsa-da, «Yuventus» o‘yinini sezilarli darajada yaxshiladi deyish qiyin — jamoa shunchaki kurashuvchan va diqqatni jamlagan holda edi.
Farq — «PSJ» tufayli. Ueston Makkennining javob golidan oldinroq Mbappe va Neymar ikki kishi bo‘lib darvoza tomon chopib borishdi, fransuz het-trik qilmoqchi bo‘ldi va bo‘sh darvoza qarshisida bo‘sh turgan sherigini to‘p bilan ta’minlash o‘rniga o‘zi zarba berishga qaror qildi — xato ketdi.
Hisob 2:1 ko‘rinishiga kelganida Neymar tovoni bilan pas berishi va Messining kesib o‘tuvchi pasi bilan yana ajoyib kombinatsiya amalga oshirildi — Mbappe burchakni aniq nishonga ololmadi.
«PSJ» yozgi qayta qurishdan keyin ham hamon qudratli jamoa, savol faqat muvozanatni saqlashda. Bahorgacha, mavsumning asosiy o‘yinlariga qadar Galteda kamchiliklarni yo‘qotish uchun vaqt bor. «Yuventus» esa YeChLda A Seriyadagi kabi o‘yin ko‘rsatmoqda. Lekin jamoa pley-offga chiqish masalasini «PSJ» bilan o‘yinlarda emas, «Benfika» va «Makkabi»ga qarshi o‘yinlarda hal qiladi.
Benfika — Makkabi Hayfa 2:0
Gollar: R.Silva (50), Grimaldo (54).
Benfika – Vlaxodimos, Ba, Otamendi, A.Silva (Gonsalvesh, 79), Grimaldo, Mariu (Chikinyu, 79), R.Silva, Florentinu, Fernandes, Neres (Eursnes, 65), Ramush (Musa, 46).
Makkabi Hayfa – Koen, Sundgren, Batubinsika, Sek (Podgoryanu 67, Menaxem 79), Goldberg, Sheri, Lavi, Al-Faz, Haziza, David (Atsili, 46), Perro (Rukavitsa, 79).
Turnirning guruh bosqichiga sensatsiya bilan yetib kelgan «Makkabi» Lissabonda «Da Luj» stadioni tablosida tanaffusga qadar 0:0 hisobini saqlab qoldi. Isroilliklar ikkinchi bo‘lim boshida hisobni ochishi ham mumkin edi, ammo o‘z imkonidan foydalana olmadi va ko‘p o‘tmay Rafa Silva Grimaldoning uzatmasini golga aylantirdi. Ispaniyalik himoyachining o‘zi aql bovar qilmas zarba bilan to‘pni «to‘qqizlik»ka yo‘llaganida esa, uchrashuv taqdiri hal bo‘ldi.
14 sentabr. «Yuventus» — «Benfika», «Makkabi» H — «PSJ»
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024