O‘zbekiston | 08:00 / 07.09.2022
3249
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki sayohatlar xarajatlari bir qismi qanday qaytarilishi tushuntirildi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshirilgan ichki sayohatlar xarajatlari bir qismini qaytarib berish tizimini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 

Foto: Kun.uz

Sayohat xarajatlari elektron platforma, uning mobil ilovasi orqali qaytariladi. Turizm va madaniy meros vazirligiga platformani ishlab chiqish topshirildi. 2022 yil 1 oktyabrga qadar platforma orqali joylashtirish vositalari, turoperatorlar va turagentlar, gidlar (gid-tarjimonlar), yo‘lboshchi-instruktorlar va ekskursovodlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Transport vazirligi tomonidan Uztrans interaktiv axborot tizimi, «O‘zbekiston temir yo‘llari», Uzbekistan Airways va boshqa yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlar elektron chiptalarni xarid qilish portallari platforma bilan integratsiya qilinadi.

Platformani DSQ maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilish orqali mobil ilova yordamida xarajatlar haqiqiyligi tekshiriladi, cheklar matritsali shtrix-kodlari (QR-kodlar) tekshirib ko‘riladi va sayohatlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan holda mahalliy turistlar doimiy yashash joylari ko‘rsatiladi.

Sayohat xarajatlari quyidagi hollarda qaytariladi: avia, temiryo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish; joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish; madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi: aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxi 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda; temiryo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxi 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda; joylashtirish vositasida tunab qolish xarajati 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda; madaniyat tashkilotlariga har bir tashrif chiptasi narxi 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Sayohat xarajatlari uchun mablag‘lar faqat platforma orqali mahalliy turistlar bank kartasiga sayohat yakunlangach qaytariladi.

Mavzuga oid