Qirolicha Yelizaveta II va uning 15 bosh vaziri
Konstitutsiyaviy monarxning zamonaviy demokratik mamlakatdagi faoliyati nozik sim ustida muvozanatni saqlashga o‘xshaydi.
Yelizaveta II bilan hamkorlik qilish imkoniga ega bo‘lgan barcha bosh vazirlar uning konstitutsiya tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni buzmagan holda mamlakat boshqaruviga muhim hissa qo‘shganini aytishadi.
Britaniya konstitutsiyasiga ko‘ra (u asosan parlament tomonidan qabul qilingan aktlar va qonunlar majmuasidan iborat, lekin bitta kitob shaklida emas), monarx hukumatning barcha qarorlaridan xabardor qilinishi shart. Shuningdek, u hukumatga maslahat berish va uni shoshilinch qadamlardan ogoh qilish huquqiga ega.
Yelizaveta II o‘z hukmronligi davrida Vazirlar mahkamasi qilayotgan barcha ishlardan xabardor qilib turilishini talab etgan, shuningdek, bosh vazir bilan muntazam va shaxsiy suhbatlarda o‘z fikrini bildirishdan tortinmagan.
Yosh qirolicha hukmronligining dastlabki yillari omadli keldi va 1951 yilgi saylovlardan keyin Dauning-stritga bosh vazir sifatida yana qaytgan Uinston Cherchill kabi siyosiy gigant qanoti ostida o‘tdi.
Bir kuni u malika Yelizaveta yosh qizcha bo‘lishiga qaramay, o‘zini ishonchli va sipo tutganidan hayratda qolgan edi.
Yosh orasida katta farq bo‘lishiga qaramay (Cherchill Yelizavetaning katta buvisi qirolicha Viktoriya hukmronligi davridagi Ikkinchi Bur urushida qatnashgan), ularning munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch bilan ajralib turardi.
U qirolicha bo‘lganidan keyin Cherchill auditoriya olqishlari ostida shunday dedi: «Ajoyib xulosaga keldim: qirolicha xato qilmaydi».
Bosh vazirning monarx bilan munosabati
Aslida, Britaniya bosh vazirlari va qirolicha o‘rtasidagi munosabatlar qanday bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi.
Agar tarixga murojaat qilsak, qirolicha Viktoriya bilan alohida munosabatlar o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan va bu borada katta muvaffaqiyat qozongan Benjamin Dizrayelini eslash mumkin.
Asosiy siyosiy raqibi Uilyam Gladstondan farqli o‘laroq, Konservativlar partiyasi rahbari Dizraeli monarx bilan qanday muloqot qilishni juda yaxshi bilgan.
«Hamma xushomadni yaxshi ko‘radi. Agar biz toj egalari haqida gapiradigan bo‘lsak, ularga xushomadni belkurak bilan otishimiz kerak», degandi u.
Yelizaveta II va bosh vazirlar o‘rtasidagi munosabat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ularning barchasi bir masalada yakdil bo‘lgan: hukmdor hech qachon o‘z burchi deb biladigan narsalardan chekinmagan.
Har kuni u kamida uch soat vaqtini hukumat hujjatlari, maktublar, hisobotlar va tayinlangan mulozimlar ro‘yxatini o‘rganishga sarflagan. Shu va boshqa masalalar saroydagi haftalik qabul davomida muhokama qilingan.
To‘g‘ri, ba’zida bu rasmiy uchrashuvlar boshqa joylarda ham o‘tkazilardi. Har bir bosh vazirning hayotidagi eng muhim voqealardan biri Shotlandiyadagi Balmoral qasriga tashrif buyurish bo‘lgan – qirolicha oilasi u yerda yozgi ta’tilni o‘tkazgan. Britaniya konstitutsiyasida bosh vazir har hafta qirolicha bilan uchrashishi shartligi haqida hech narsa yozilmagan bo‘lsa-da, bu azaliy an’anaga aylangan. Ba’zan yuzma-yuz uchrashish o‘rniga telefon orqali suhbat qilingan, lekin baribir fikr almashish har doim bo‘lgan.
Bosh vazir qarorgohi bo‘lmish Dauning-stritdagi 10-uy sohiblari Hazrati Oliyalari nozik siyosiy masalalarni instinktiv ravishda yaxshi tushunishini ta’kidlagan.
Majburiyatlardan voz kechish
Yelizavetaning o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan oqilona foydalana bilish qobiliyati, ayniqsa, 1957 yilda Suvaysh kanali bilan bog‘liq inqiroz va bosh vazir Entoni Iden iste’fosidan keyin yuzaga kelgan siyosiy g‘alayonda mahoratini namoyon qilgani maqtovga sazovor bo‘lgan.
O‘sha paytda Konservatorlar partiyasida yangi rahbarni saylash tartibi hali ishlab chiqilmagan va kerakli nomzod qandaydir tarzda o‘z-o‘zidan topilib qolishiga ishonishardi.
Qirolicha Cherchill va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan maslahatlashdi va shundan so‘ng Harold Makmillandan yangi hukumat tuzishni so‘radi. Amalda partiya rahbarini tayinlash jarayoniga go‘yo qirolicha aralashayotgan edi.
Bu ko‘plab siyosatchilarni hayratda qoldirdi. Chunki Iden iste’fosidan keyin uning o‘rinbosari Batler bosh vazir bo‘lishi kutilayotgandi. Xuddi shunday vaziyat bir necha yil o‘tgach, Makmillan sog‘lig‘i tufayli iste’foga chiqqanida ham yuzaga keldi.
Iden iste’foga chiqqanidan keyin yuzaga kelgan muammolarga qaramay, Konservativ partiya baribir yangi rahbarni saylashning rasmiy tartibini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmadi. Qirolicha shifoxonaga borib, Makmillan bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng graf Hyum bilan bog‘lanib, yangi hukumat tuzishni so‘radi.
Uning xatti-harakatlarida konstitutsiyaga zid hech narsa bo‘lmasa-da, partiyaning ko‘pchilik a’zolari nima uchun hukumatning yangi rahbari hech bo‘lmaganda Vazirlar mahkamasi bilan maslahatlashmasdan tanlanganiga hayron bo‘lishadi.
Yana bir muammo shunda ediki, Hyum Lordlar palatasi a’zosi edi va 1902 yildan beri hech kim bir vaqtning o‘zida parlamentning ikkala palatasiga rahbarlik qilmagandi.
Bunday amaliyot qayta boshlanishi hech kimga yoqmadi va Hyum Lordlar palatasini tark etdi, o‘z okrugidagi saylovda muvaffaqiyat qozonib, siyosatga Ser Alek Duglas-Hyum sifatida qaytdi.
Konservatorlar monarxni yana noqulay ahvolga solmaslik uchun, yangi rahbar tanlash qoidalarini faqat 1965 yilda ishlab chiqishdi.
Xalq noroziligi kuchayishi
1964 yilda Harold Uilson qirolicha davrida Leyboristlar partiyasidan birinchi bosh vazir bo‘ldi. Uning parlamentdagi fraksiyasi davlat budjetidan qirolichaning rasmiy vazifalarini moliyalashtirishni oshirish rejalariga keskin e’tiroz bildirdi.
Uilson kabinetining eng nufuzli a’zolaridan biri bo‘lgan Barbara Kastl keyinchalik monarx ham, bosh vazir ham kutilmaganda ittifoq bo‘lib olishganini eslaydi.
«Harold qirolichani juda yaxshi ko‘rardi. U aqlli rahbar bo‘lgani sababli, jamoatchilikning qirolichadan noroziligi kuchayishi mumkinligini tushundi», dedi u.
Uilson norozilikning oldini olish uchun qo‘lidan kelganini qildi. Qirolicha u bilan suhbatdan keyin mamlakatdagi kayfiyatni juda yaxshi his qildi va xarajatlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishga qaror qildi.
Yelizavetaning konstitutsiyaviy roli 1974 yilda ham yana yordam berdi. O‘sha paytda elektr energiyasi taqchilligi va konchilar ish tashlashi Edvard Hitning konservativ hukumati qulashiga olib kelgandi. Biroq, u yangi kabinet tuzish umidida hokimiyatga yopishib olgandi.
Saroydan sizib chiqqan ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, malika bu parokandalik davrini yoqtirmagan va Hitga noaniqlikka barham berish vaqti kelganini tushuntirgan. Shu bilan birga, u bosh vazirga umuman bosim o‘tkazmagan va hech narsa talab qilmagan. Hitning o‘zi ham keyinchalik u tomonidan hech qanday maslahat yoki ishora bo‘lmaganini aytadi.
Qirolichaning Britaniya tarixidagi birinchi ayol bosh vaziri Margaret Tetcher bilan munosabatlari har doim samimiy bo‘lmagan, ayniqsa Britaniya Hamdo‘stligi masalalarida.
Notinch davrlar
Tetcher va Britaniya Hamdo‘stligi davlatlarining boshqa rahbarlari Janubiy Afrikadagi aparteid rejimiga qarshi sanksiyalar qo‘llanishiga keskin e’tiroz bildirgan va ular samarasiz bo‘lishi, aholining eng kambag‘al qatlamlariga zarba berishini ta’kidlagan.
Sunday Times gazetasi 1986 yilda bu haqda yozishicha, qirolicha Tetcherning xatti-harakatlari va suhbatdagi tajovuzkorligi «o‘zini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yayotgani»ni aytgan.
Qirolichaning an’anaviy vazifasi bosh vazirga maslahat berishdan iborat. Biroq, bu qoidadan istisnolar ham bo‘lgan.
Misol uchun, bosh vazir Jon Meyjor qirolichaga malika Diana va shahzoda Charlzning ajralishi bilan bog‘liq jarayonda ishonchli maslahatchi bo‘lgan.
Shu bilan birga, Meyjor qirollik oilasi uchun mana shunday notinch davrlarda ham Yelizaveta II konstitutsiya tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni hech qachon chetlab o‘tmaganini takrorlashdan charchamadi va Hazrati Oliyalarining maslahati o‘zi uchun qanchalik qimmatli ekanini ta’kidlab keldi.
To‘g‘ri, Yelizavetaga faqat bitta holatda odamlarning kayfiyatini his qila olish qobiliyati ish bermadi. 1997 yilda u malika Diananing fojiali o‘limidan keyin millat motamiga e’tiborsizlik qilganlikda ayblandi. Qirolicha buni mehribon buvi sifatida yetim qolgan nevaralariga g‘amxo‘rlik qilish uchun jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgani bilan izohladi.
Arosatdagi parlament
Malika Diana vafotidan keyin yuzaga kelgan holatda bosh vazir Toni Bler OAV bilan qanday ishlash bo‘yicha unga maslahatchi bo‘ldi. Hazrati Oliyalariga yordam berar ekan, Bler marhum Dianani «xalq malikasi» deb atadi va bu ibora darhol ommalashib ketishi bilan tarixga kirdi.
Xalq malika uchun aza tutayotgan paytda Yelizaveta Shotlandiyadagi Balmoral qasrida edi. Aytishlaricha, Bler tabloidlar tomonidan qirolicha ustidan mag‘zava ag‘darilmasligi uchun uni Londonga qaytishga va motam tadbirlarida ishtirok etishga ko‘ndirgan.
Keyinchalik Bler o‘rnini Gordon Braun egalladi. Uning 2010 yilgi umumiy saylovlardagi mag‘lubiyati butun mamlakatni g‘alati, ilgari hech qachon ko‘rilmagan vaziyatga solib qo‘ydi.
Saylov natijalariga ko‘ra, birorta ham partiya ko‘pchilik ovozni qo‘lga kirita olmadi va bu noodatiy vaziyatdan qanday chiqish kerak degan savol tug‘ildi. Qirolicha siyosiy o‘yinlarga aralashmadi, lekin koalitsiya muzokaralarida sodir bo‘layotgan barcha narsalar haqida o‘zini xabardor qilish kerakligini bildirdi.
Shu sababli, faqat Gordon Braun iste’foga chiqib, konservatorlar bilan liberal demokratlar koalitsion hukumat tuzish haqida kelishib olganidan keyingina yangi bosh vazir Devid Kemeron an’anaviy tashrif bilan saroyga bordi.
Kutilmagan mag‘lubiyat
Kemeronning ta’kidlashicha, siyosiy jarayonlardan tashqarida bo‘lgan odam bilan siyosiy masalalarni muhokama qilish imkoniyati «aql bovar qilmas darajada foydali».
«Bu qirolicha uchun foydali bo‘lganmi yoki yo‘qligini bilmayman, lekin men uchun juda foydali bo‘ldi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, aynan shu suhbatlar nima qilish kerakligini aniqlashga yordam bergan», deb eslaydi u.
2015 yilgi umumiy saylovlarda Devid Kemeron eng ko‘p ovoz to‘pladi va koalitsiya hamkori tomonidan vakolati cheklanmagan tarzda, to‘laqonli bosh vazir sifatida Dauning-stritdagi qarorgohidan mamlakatni boshqarishda davom etdi.
Biroq, bu safar uning faoliyati qisqa bo‘ldi. 2016 yil iyun oyida britaniyaliklar uning maslahatiga quloq solishmadi va Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berishdi.
Kemeron kutilmagan mag‘lubiyatni tan oldi. U referendumning ertasi kuni bosh vazir va Konservativ partiya rahbari lavozimidan iste’foga chiqdi. Konservatorlar yangi rahbar tanlashga shaylanishdi va dastlab hamma bu jarayon taxminan uch oy davom etadi, deb o‘yladi.
Biroq, hamma narsa tezda yuz berdi. Bir necha siyosatchilar ushbu lavozimni egallashdan bosh tortgach, yakunda faqat ikkita nomzod qoldi (ikkalasi ham ayol). Ulardan biri, Andrea Lidsam poygadan chiqishini aytdi va Tereza Mey avtomatik tarzda bosh vazir bo‘ldi.
2016 yil 13 iyul kuni Mey qirolichadan hukumat tuzish bo‘yicha ko‘rsatma olish uchun Bukinghem saroyiga bordi. U Yelizaveta davridagi o‘n uchinchi bosh vazir va ikkinchi ayol bosh vazir edi.
2019 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan umumiy saylovda Boris Jonson g‘alaba qozondi va bosh vazir lavozimini egalladi. Ko‘p o‘tmay boshlangan COVID-19 pandemiyasi sababli, qirolicha bilan haftalik yuzma-yuz qabullar telefon suhbati formatida o‘tkazila boshlandi.
Yelizaveta II o‘zining so‘nggi, o‘n beshinchi bosh vazirini o‘limidan ikki kun oldin tayinladi. Buning uchun Liz Trass monarxning Shotlandiyadagi qasriga 750 kilometr yo‘l bosib borishiga to‘g‘ri keldi.
To‘rt marta umumiy saylovda g‘alaba qozongan va jami sakkiz yilni Dauning-stritda o‘tkazgan leyboristlar partiyasi vakili Harold Vilson bosh vazir va monarx o‘rtasidagi munosabatlarni quyidagicha ta’riflaydi: «Siyosiy kurashdan butunlay ajralgan bir odam bor. U biror partiya oldida majburiyatga ega emas. Uning yagona tashvishi – parlamentning xalq irodasi va orzu-umidlari bilan hisoblashishi uchun barcha narsani qilish. Buni hech bir prezident davlatida topmaysiz».
Mavzuga oid
03:11
Britaniya dronlarga qarshi yangi turdagi radiochastotali qurolni sinovdan o‘tkazdi
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024
Britaniya Ukraina askarlarini tayyorlash uchun Ukrainaga o‘z instruktorlarini yuboradi
21:56 / 11.12.2024