O‘zbekiston | 07:20 / 14.09.2022
8308
2 daqiqa o‘qiladi

Senat Tashqi ishlar vazirligi faoliyatidagi kamchiliklarni ma’lum qildi

Joriy yil 13 sentabr kuni Senat 32-yalpi majlisida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining 2022 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Foto: Senat.uz

Muhokamalar jarayonida vazirlik faoliyatida mavjud bir qator kamchiliklarga ham e’tibor qaratildi.

Mamlakat 140 dan ortiq davlatlar bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatilganiga qaramay, investitsion hamkorlik ular atigi 25 foizi, ya’ni 35 ta mamlakat bilan olib borilishi, salbiy ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Gruziya, Daniya, Niderlandiya, Irlandiya, Braziliya, Portugaliya, Bangladesh, Gretsiya kabi salohiyatli mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilmagan.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda O‘zbekiston ayrim elchixonalari tomonidan erishgan natijalar qoniqarli darajada emas. Elchixonalar tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan loyihalar 50 foizi amaliyotga tatbiq etilmasdan qolib ketmoqda.

Foto: Senat.uz

Turizmni targ‘ib qilish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy bozorlarga olib chiqish yo‘nalishida elchixonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar sezilarli natija bermagan. 

Senatorlar keng jamoatchilik asosli tanqidlaridan biri bo‘lgan xorijdagi mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor qaratdi. O‘zbekiston mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash, ular qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslarini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmagani tanqid qilindi. Mehnat migrantlari uchun yangi yo‘nalishlar yaratish doirasida Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya va Litva kabi xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Foto: Senat.uz

Xorijiy sayyohlar uchun E-visa sayti orqali O‘zbekiston elektron vizasini olishda turli texnik nosozlik va qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston xorijdagi elchixonalari saytlaridagi ma’lumotlar muntazam ravishda yangilanib borilmaydi. Investorlar, ishbilarmonlar va sayyohlar uchun yetarli ma’lumot va havolalar joylashtirilmagan.

Foto: Senat.uz

Yuqoridagi masalalar inobatga olinib, vazirlik axboroti yuzasidan Senat tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid