Jahon | 10:04 / 17.09.2022
5299
5 daqiqa o‘qiladi

Amnesty International: Rasmiylar Navalniyning ruhini sindirishga urinmoqda

Rossiyada qamoqxona rahbariyati Navalniyning ruhini sindirish uchun yillar davomida ishlab chiqilgan shafqatsiz usullardan foydalanmoqda, deb ma’lum qildi Amnesty International. 

Foto: Reuters

Amnesty International (AI) nohukumat tashkiloti Rossiya rasmiylari muxolifatchi Aleksey Navalniyning advokat bilan maxfiy uchrashishiga ruxsat bermay, milliy qonunchilik va huquqlarini qo‘pol ravishda poymol etayotganini bildirdi. 16 sentabr, juma kuni Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha AI direktori Mari Strazersning tegishli bayonoti e’lon qilindi

Strazers «rejimni buzganlik uchun og‘ir jazolar» va siyosatchini «u bilan gaplashishi va hatto qarashi ham taqiqlangan» boshqa mahbuslar bilan muloqot qilishiga yo‘l qo‘ymaslik urinishlariga e’tibor qaratdi. 

Navalniyning sog‘lig‘i va ahvoli jiddiy tahdid ostida, bu «shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala»ga teng, dedi huquq faoli. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qamoqxonasi ma’muriyati koloniyadagi hayotini chidab bo‘lmas holatga keltirish uchun Aleksey Navalniyning ruhini sindirish maqsadida ko‘p yillik shafqatsiz usullardan foydalanmoqda. 

«Mahkum Aleksey Navalniyning zudlik bilan va so‘zsiz ozod etilishini hamda shafqatsiz munosabatda, shuningdek, uning noqonuniy qamoqqa olinishida aybdor bo‘lganlar javobgarlikka tortilishini talab qilamiz», — deya ma’lum qildi AI. 

Navalniy tarafdorlari tomonidan yaratilgan «Populyarnaya politika» YouTube kanalining 13 sentabr kuni mahbuslarning qarindoshlari, shuningdek, «Rus sidyashchaya» jamg‘armasi asoschisi, huquq himoyachisi Olga Romanovaga asoslanib xabar berishicha, Vladimir oblastidagi Melexovo 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan mahkumlarga muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyga qarash ham taqiqlab qo‘yilgan.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, koloniyada signal – uchta qo‘ng‘iroq eshitilsa, mahbuslar Navalniyni ko‘rmaslik uchun yuz o‘girishlari yoki derazadan uzoqlashishi kerak. 

So‘nggi bir necha hafta ichida muxolifat yetakchisi to‘rt marta jazo kamerasiga (JIZO) jo‘natildi. Avgust oyi o‘rtalarida u bu chora tugmani yechib qo‘ygani uchun qo‘llangani haqida xabar berdi. «Meni barakdan komissiyaga chaqirishdi, u yerda videoda men sanoat zonasida bo‘lganimda, ish kiyimning yuqori tugmachasini muntazam yechib qo‘yishim ko‘ringanini aytishdi. Albatta, bu meni tuzatib bo‘lmaydigan yovuz odam sifatida tavsiflaydi. Shuning uchun meni jazo kamerasiga joylashtirish qarori qabul qilindi», — deyiladi uning nomidan Facebook’da e’lon qilingan postda. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u o‘sha paytda uch kunga JIZOga jo‘natilgan. Navalniy bundan bir necha kun oldin koloniyada bir kishilik kasaba uyushmasini tuzgan edi. 

Aleksey Navalniy fevral oyi boshida Moskvaning Simonovskiy tuman sudi «Iv Roshe» ishi bo‘yicha unga chiqarilgan shartli hukmni haqiqiy 3,5 yillik qamoq jazosiga o‘zgartirgani uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga jo‘natildi. Rasmiy sabab - muxolifatchi jazoni ijro etish komissiyasiga hisobot berish uchun belgilangan kunlarda kelmagan. Ammo, u 2020 yil avgustidan boshlab, «Novichok» bilan zaharlangani hamda Germaniyaga davolanish uchun olib ketilganidan so‘ng, umuman inspektor huzuriga kelishni to‘xtatgan. 

Navalniy va uning advokatlari sudga muxolifatchi jismoniy jihatdan inspektorning oldiga borish imkoniga ega bo‘lmaganini bildirgan, sababi u Germaniya klinikalaridan birida avval statsionar, keyin esa ambulator davolangan va bu haqda jazoni ijro etish inspeksiyasini xabardor qilgan. 

22 mart kuni sud Aleksey Navalniyni «firibgarlik va sudni haqorat qilish» ishi bo‘yicha to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etdi. Lefortovo sudining sayyor majlisi Navalniy «Iv Roshe» ishi bo‘yicha jazo muddatini o‘tayotgan Pokrovdagi 2-sonli koloniyada o‘tkazildi. Prokuror Nadejda Tixonova unga 13 yillik jazo muddati berilishini so‘radi. Navalniy 14 iyun kuni IK-6’ga o‘tkazildi.

Mavzuga oid