Jamiyat | 19:47 / 19.09.2022
28031
13 daqiqa o‘qiladi

“Asos bo‘lgan hujjat qalbaki, undirilayotgan 500 ming dollar esa haqiqiy” - sud kafillikka aloqasi bo‘lmagan mulkdorni jazolamoqda

Joriy yilning 18 avgustida Xalq bankining kreditni foizlari bilan qaytarishga oid da’vo arizasiga ko‘ra, Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Asatov raisligida ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Nari borsa 20 daqiqa davom etgan sud jarayonida hujjatlarga ko‘ra qo‘shimcha javobgar bo‘lgan “Denta-Servis” xususiy korxonasidan 500 ming dollar undirish haqida qaror chiqarib yuborildi. Eng qizig‘i, na korxona, na uning rahbarining bu kreditga aloqasi bo‘lgan. Sud chiqargan qaror esa mutlaqo aqlga sig‘maydi.

Fotokollaj: Kun.uz

Muammoning boshlanishi

Bu mojaro obekti bo‘lib turgan xususiy shifoxona binosi Toshkent shahrida joylashgan va anchagina yirik — 2,3 ming kv/m maydonga ega. Bino “Denta-Servis” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lib, bu korxona 1993 yilda Xo‘jayev Kamol Nizomovich tomonidan ta’sis etilgan. Qizig‘i, qariyb 30 yildirki uning rahbari ham, ta’sischisi ham o‘zgarmagan hamda bu fakt barcha davlat ro‘yxatlarida qayd etib kelingan.

2020-2021-yillarda korxona ta’sischisi tomonidan Chilonzor tumani “Charx-Kamolon” MFY, Novza ko‘chasi 16-uyda joylashgan, 2,3 ming kv/m maydonga ega shifoxona sotuvga qo‘yiladi. Xaridorlar chiqa boshlaydi, vositachi maklerlar o‘z xizmatlarini taklif etib kelishadi. Ulardan biri xaridorlarga ko‘rsatish vaji bilan binoga va tashkilotga tegishli hujjatlardan nusxa ko‘chirib oladi. Ko‘ngildagi narxda xaridor chiqmagani, zarur mablag‘ boshqa manbalardan topilgani sabab bino sotilmaydigan bo‘ladi.

Oradan bir yildan ortiq vaqt o‘tib, 2022 yilning 5 iyulida Xalq banki Jizzax filiali tomonidan korxona nomiga talabnoma kelib tushadi va bu xabar mulk egalariga saratonda urilgan yashindek ta’sir qiladi. Unga ko‘ra, Xalq bankidan qariyb 700 ming dollar kredit olish uchun korxonaga tegishli xususiy shifoxona binosi garovga qo‘yilgani, qarz to‘lanmayotgani uchun undiruv bu mulkka qaratilayotgani nazarda tutilgandi.

Hazil emas, chin!

Dastlab korxona rahbariyati bu talabnomani anglashilmovchilik deya qabul qiladi. Ammo rasmiy xatning tagiga yetish uchun Jizzaxga yo‘l olishadi. Xalq banki mahalliy filialida ularni battar hayratga solishadi va binoni garovga qo‘yib, kredit olinganiga oid papka taqdim etishadi. N 110 raqamli kredit shartnomasining qisqa mazmuni shunda ediki, “Ayzenburg Ekspert” MChJ bankdan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida 700 ming dollar kredit so‘ragan, “Yagona Sof Kapital” MChJ nomli yana bir korxona kafil bo‘lib ishtirok etgan va garov sifatida “Denta-Servis” xususiy korxonasiga tegishli bino qo‘yilgani qayd etilgan edi. Bunday bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi savollarga javoban esa uch tomonlama, jumladan “Denta-Servis” korxonasi rahbari ishtirokida imzolangan, notarial tasdiqlangan ipoteka shartnomasini ham taqdim etishadi. Xalq banki bu shartnomaga asosan 700 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratgan va dastlabki transh sifatida 490 ming AQSh dollarini “Ayzenburg Ekspert” MChJga o‘tkazib bergani, ammo kreditni so‘ndirish belgilangan muddatlarda amalga oshmay, qarzdorlik foizlari bilan deyarli 500 ming dollarga yetgani ma’lum bo‘ladi.

Notariusga savollar

Eng qiziq nuqta aslida shu yerda. Chunki kreditga umuman aloqasi bo‘lmagan tashkilotning bu ishga aralashuviga va unga tegishli binoning garovga berib yuborilishiga huquqiy acoc aynan mana shu yerda yaratilgan. Ya’ni bankka taqdim etilgan ipoteka shartnomasi qalbaki emas, rasman tasdiqlangan bo‘lgan. Xullas Jizzax shahri Hamroqulov ko‘chasi 1-uyda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Akmal Boymatov tomonidan 2021 yil 27 may kuni uch tomonlama kelishuv asosida ipoteka shartnomasi imzolanib, notarial tasdiqlanadi. Unga ko‘ra “Ayzenburg Ekspert” MChJga bank 2021 yil 27 may kuni imzolangan (!) N 110 raqamli kredit shartnomasi asosida 700 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratadi.

Kredit ta’minotiga garov sifatida esa “Denta-Servis” xususiy korxonasiga tegishli bino qo‘yiladi. Xo‘sh, egalari bexabar holda bu bino qanday qilib garovga qo‘yilishi mumkin? Bunga ham javob bo‘lib, unda butun jarayonning mohiyati joylashgan. Bank va notariusga asoslangan hujjatlarga ko‘ra “Denta-Servis” xususiy korxonasi rahbari sifatida Rashid Bakirov (!) ishtirok etgan va u vakolatiga oid barcha hujjatlarni taqdim qilgan.

Korxonaning haqiqiy egasi va rahbari Kamol Xo‘jayev hujjatlarga bir qarashdayoq soxtalikni anglaydi. Rashid Bakirovni rahbarlikka tayinlashdan tortib, unga binoni garovga qo‘yishga oid berilgan vakolatlarning hammasi qalbaki hujjatlar, xususan Kamol Xo‘jayevning pasportini kompyuter yordamida qayta ishlash yo‘li bilan tayyorlangan edi.

Mayli, notarius ko‘rgan hujjatlari asosida ish ko‘rgan bo‘lsin. Lekin allaqachon elektron tizimga o‘tilgani, har bir notarial shartnoma oldidan elektron bazadan mulkka oid bapcha hujjatlar olinishi va taqdim etilganlari bilan solishtirilishi zarurligi qanday qilib unutilgan? Taqdim etilgan hujjatlarda ham asliga to‘g‘riligini tasdiqlovchi muhr bo‘lmagan, talab qilinishi shart bo‘lgan to‘liq nizom yo‘q, eng muhimi – mulkdorga oid elementar tekshiruv ham o‘tkazilmay turib notarial shartnoma rasmiylashtirilgan. Nafaqat rasmiylashtirilgan, balki keyinchalik ham unga kamida uch marta tuzatish kiritilgan.

Izoh olish uchun notarius bilan bog‘lanishga urinishlarimiz natija bermadi.

Adliya vazirligi viloyat boshqarmasi arizaga ko‘ra ushbu notarial harakatni o‘rganib chiqqan va notarius tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligini ta’kidlagan. Shu bois notariusning litsenziyasini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan. Notariusning hujjatlardagi qalbakiliklardan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganligi fakti surishtiruv davomida ma’lum bo‘lishi bildirilgan.

Jinoyat ishi

Albatta, vaziyat jiddiyligini anglagan “Denta-Servis” vakillari huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi va 2022 yil 12 avgust kuni Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda tergovga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bu ish doirasida hujjatlar, xususan ularga qo‘yilgan imzo va muhr ekspertizaga yuboriladi. Jizzax viloyati ekspert kriminalistika markazi tomonidan ularning soxtaligi tasdiqlanadi. Ammo prokuratura tergovni davom ettirayotgan bir vaqtda Xalq banki sud orqali otni qamchilayotgan edi.

Yashasin “odil” sud!

...deyishga shoshilmang. Aslida sudda hujjatlar soxtaligiga, kredit oluvchi “Ayzenburg Ekspert” MChJ ham, unga kafil bo‘lgan “Yagona Sof Kapital” MChJ ham buncha kreditni olib ishlatishga layoqatli bo‘lmagan, boz ustiga yangi tashkil qilingan tashkilotlar ekanligiga e’tibor qaratilishi lozim edi. Vaziyatga umuman aloqasi bo‘lmagan holda eng ko‘p jabr ko‘rayotgan “Denta-Servis” xususiy korxonasining ishga umuman aloqador bo‘lmaganiga diqqat qilinishi shart bo‘lgan. Ammo juda qisqa muddat, nari borsa 15-20 daqiqa davom etgan sud o‘zining ilk majlisidayoq “Denta-Servis” xususiy korxonasidan qarzni undirish va buning uchun shifoxona binosini bank hisobiga musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqarib yuboradi.

Xalq bankiga savollar

1. Kichik tadbirkorlar 5-10 ming dollar kredit so‘rasalar oylab yuguradilar, hujjatlari sinchiklab o‘rganiladi, garovga qo‘yilgan mulk bir necha marta tekshiriladi. Bu yerda 700 ming dollar kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ekan, ta’minot uchun asos bo‘lgan garov obektiga, ya’ni Toshkentdagi shifoxona binosiga biror marta kelib o‘rganish o‘tkazilganmi, u yerdagi rahbariyat bilan muloqotga kirishilganmi?

2. Jizzax shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Akmal Boymatov tomonidan 2021 yil 27 may kuni uch tomonlama kelishuv asosida ipoteka shartnomasi imzolanib, notarial tasdiqlangan. Xalq banki ham aynan shu sanada kredit ajratish to‘g‘risida qaror qilgan. Odatda hujjatlar paketi taqdim qilinganidan keyin bir necha kun o‘rganish ishlari olib boriladi. Bu vaziyatdagi shoshqaloqlik sababi nima? Yakuniy maqsad katta kreditni tezroq ajratib, tezroq gumdon qilishga o‘xshamayaptimi?!

3. “Denta-Servis” xususiy korxonasi vakillarining ta’kidlashicha, binoga tegishli hujjatlarning nusxasini olib ketgan “makler” keyinchalik aslida Xalq banki xodimi ekanligi ma’lum bo‘lgan (bu fakt hali rasman tasdiqlanishi lozim – tahr.). Bu borada biror izoh bormi?

4. Shartnoma shartlariga ko‘ra, kredit mablag‘i faqat kadastrda taqiq qo‘yilganidan keyingina o‘tkazilishi lozim. Lekin bunday qilinmagan. Sabab nima?

Xalq banki matbuot xizmatiga bu savollarni yubordik va Jizzax viloyat filiali amaliyot bo‘limi rahbari Romil Rahmatovdan quyidagi javoblarni oldik:

“AYZENBURG EKSPERT” MChJning 5,380 mln so‘mlik kreditini undirish bo‘yicha sudga da’vo ariza kiritish maqsadida MChJ rahbariga va kredit ta’minoti sifatida o‘z mulkini garovga taqdim etgan “Denta servis” XK rahbariga qarzdorlikni kredit shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lab berishi bo‘yicha talabnoma yuborilgan.

“Denta servis” XK rahbari “AYZENBURG EKSPERT” MChJning qarzdorligi bo‘yicha talabnomani olgandan so‘ng o‘ziga tegishli  poliklinika garovga qo‘yilganligidan xabari yo‘qligi to‘g‘risida Xalq banki Jizzax viloyat filialiga murojaat qilgan.

Kredit shartnomasida belgilangan to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmaganidan so‘ng bank tomonidan Iqtisodiy sudga kredit qarzdorlikni undirish bo‘yicha da’vo ariza kiritilgan.

Sud tomonidan da’vo ariza bank foydasiga qanoatlantirilib, kredit qarzdorlik "AYZENBURG EKSPERT" MChJdan va kredit ta’minoti sifatida garovga taqdim etilgan «Denta servis” XKga tegishli poliklinika hisobidan undirilishi to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan.

“Denta servis” XK rahbarining o‘ziga tegishli bo‘lgan poliklinika garovga qo‘yilganligidan xabari yo‘qligi to‘g‘risida og‘zaki murojaat qilgandan so‘ng bank tomonidan Jizzax viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyat boshqarmasiga ushbu holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar yuborilgan;

Departament tomonidan 12.08.2022 yilda holat yuzasidan “AYZENBURG EKSPERT” MChJ mansabdor shaxslari, fuqaro Bakirov Rashid Obidjon o‘g‘li va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bugungi kunda ushbu jinoyat ishi yuzasidan Jizzax viloyat IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r sudya – bunga uni nima “majbur” qildi

Kun.uz’ga murojaat qilgan toshkentlik mulkdor, ayni vaqtda yemagan somsasiga pul to‘lay deb turgan “Denta-Servis” xususiy korxonasi egalari sudyaning inson taqdiriga bu qadar befarq ekanidan hayratda. Vaholanki unga mol-mulki soxta hujjatlar asosida garovga qo‘yilganini tasdiqlovchi hujjatlar yig‘ma jildi taqdim etilgan. Afsuski sudya Asatov Oybek Sunnatillayevich bularning hech birini inobatga olmagan. Jinoyatchilarning qilmishlarini xaspo‘shlagan sudya Asatovning xatti-harakatlariga ham Sudyalar oliy kengashi albatta huquqiy baho berishi kerak, deb hisoblashmoqda murojaatchilar.

“Ayni holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari ketayotgan bir vaqtda sudning bunday qaror qabul qilishi aqlga sig‘maydigan ishdir” deydi ish tafsilotlaridan xabardor O‘zbekistondagi sudlardan birining sudyasi.

Chindan ham, Iqtisodiy protsessual kodeksning 101-moddasi birinchi qismiga ko‘ra sud tergov harakatlari olib borilayotgan ish yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar ko‘rish mumkin bo‘lmaganda ish yuritishni to‘xtatib turishi shart.

Umuman, bu jarayonda bankka ham, notariusga ham, sudyaga ham savollar bisyor. Ayni paytda prokuratura ham sud qaroriga protest kiritishga shoshilmayapti va apellyatsiyaga hujjat tayyorlanmoqda. Lekin birinchi instansiya munosabatidan ko‘rinadiki bu safar ham kimdir, mutlaqo aybsiz tashkilot qaqshab qolishi hech gap emas. Kuzatamiz... 

Abror Zohidov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid