Jahon | 15:57 / 20.09.2022
24427
7 daqiqa o‘qiladi

Donbassdagi ayirmachilar zudlik bilan Rossiyaga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazmoqchi. Bu nega kerak?

Ukrainlarning muvaffaqiyatli qarshi hujumlari ortidan Donbassdagi ayirmachilar yana bir marta Rossiyadan Ukrainaning bosib olingan hududlarini annexia qilishni so‘ramoqda. Luhansk oblasti rahbari Sergey Gaydayning fikricha, bu hududlar qo‘shib olinishi Kremlga umummilliy safarbarlik e’lon qilish va urushning yangi bosqichini boshlash uchun bahona bo‘ladi.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Donetsk va Luhanskdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «respublika»larda shoshilinch ravishda Rossiyaga «qo‘shilish» bo‘yicha referendumlar o‘tkazishga chaqiriqlar yangramoqda. 19 sentabr kuni «DXR» va «LXR» rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnikka ikki region jamoat palatalari tomonidan murojaatlar yo‘llandi. Luhanskdagi palatadagilar referendumni «zudlik bilan», Donetskda esa  — «kechiktirmasdan» o‘tkazishga chaqirilgan. «DXR» va «LXR» rahbarlari bunday referendumlar o‘tkazish rejalari haqida 2022 yil martidayoq aytishgandi.

«DXR» rahbari Denis Pushilin «LXR» rahbariga referendumlarga birgalikda tayyorlanishni taklif etgan. Pushilin o‘z telegram-kanalida Leonid Pasechnik bilan muloqoti aks etgan videoni joylashtirgan. Videoyozuvda «DXR» rahbari Pasechnikka «DXR» va «LXR» rasmiylarining «referendumga tayyorgarlik ko‘rish uchun qadamlar ishlab chiqish» sa’y-harakatlarini birlashtirishni taklif qilganini ko‘rish mumkin.

Xerson oblastining rossiyaparast ma’muriyatida ham imkon qadar tez fursat ichida Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish istagi bildirilgan. Bunday bayonot Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov tilidan yangragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan egallangan hududlarda «Rossiya ketib qolishidan qo‘rqayotgan» aholi «ular tashlab ketilmasligiga ishonch hosil qilish uchun» shunday referendum o‘tkazish bo‘yicha taklif bermoqda. 

20 sentabr kuni Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo hududning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishga qaror qilingani haqida aytdi. Shu kuni Zaporijjya oblasti harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Yevgeniy Balitskiydan ham Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazishni so‘rashdi. Uning aytishicha, bu taklif «My vmeste s Rossiyey» harakati tomonidan berilgan.

Hozircha to‘rt hududda ham referendumlarni o‘tkazish sanasi ma’lum qilinmagan. RF Davlat dumasidagilar «LXR»da referendum 2022 yil kuzidayoq tashkillashtirilishi mumkinligini aytmoqda. Deputat Viktor Vodolatskiy shunday degan: «O‘ylaymanki, bu yaqin orada bo‘ladi. Respublikalar rahbarlari bu murojaatlarda tez orada munosabat bildirishi kerak. Bu kuzda bo‘ladi, undan kech emas». Deputatning so‘zlariga ko‘ra, «LXR»dagi saylov tizimi referendum o‘tkazishga (u «DXR»da referendum o‘tkazilishi haqida hech narsa demagan) 100 foiz tayyor holatda. «DXR» jamoat palatasidagilar ovoz berish jarayoni bir necha kunga cho‘zilishi mumkinligini bildirgan.

«Ukraina qurolli kuchlari ularni bosh berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi»

Ukraina hukumatidagilar Donetsk va Luhansk xuddi Qrim kabi Ukraina hududi ekanini ta’kidlamoqda. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «referendumlar» haqidagi xabarlarni sharhlar ekan, «rossiyalik propagandachilar unga xuddi panatseya (har dardga davo) kabi muhabbat qo‘yishgani»ni aytadi.

«Menda ular uchun yomon yangiliklar bor. Global konsensus va xalqaro huquq mavjud. Shunisi aniq: Donetsk, Luhansk, Qrim - bular Ukraina. Bayroqlarni qayta bo‘yashga har qanday urinishlar - yasamalik, bu biz uchun ham, hamkorlar uchun ham hech narsani o‘zgartirmaydi», deya yozgan u tvitterida.

Luhansk oblasti rahbari Sergey Gayday ham Pushilinning Pasenchukka kechki qo‘ng‘irog‘i to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirdi. «Bosqinchilar yana «saylovsiz saylovlar» haqida gapira boshlashdi, chunki Ukraina qurolli kuchlari ularni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi», degan u.

Uning fikricha, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilingan hududlarning Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha formal so‘rovi urushning yangi bosqichini boshlash uchun Moskvaga kerak, shoshqaloqlikka esa ayirmachilar ukrainlarning muvaffaqiyatlaridan vahimaga tushgani sabab.

«Bosqinchilar soxta «referendum» o‘tkazishi, «natijalar»ni tan olishi mumkin. «Natijalar»ga ko‘ra ularning barchasi RF tarkibiga kirishni xohlayotgan bo‘lib chiqadi. Bu holatda Ukrainaning Luhansk oblastini ozod qilish harakatlari Rossiyaning nuqtayi nazaridan «to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga hujum» sifatida talqin etiladi va bu umummilliy safarbarlik o‘tkazish hamda urush e’lon ochishga imkon beradi. Chunki hozirda ularda mobilizatsiya bilan bog‘liq ulkan muammolar bor. Ular odamlarni kerakli miqdorda yig‘a olishmayapti», degan Gayday.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 fevral kuni, Ukrainaga bosqin boshlanishi arafasida «DXR» va «LXR» mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlarini imzolagandi. Rossiya ushbu ayirmachi tuzilmalarni himoya qilish bahonasida Ukraina hududiga kirgandi - bu «respublika»lar jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan.

Sentyabr oyi boshida «Meduza»ning Kremlga yaqin manbalari Rossiya rahbariyati Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Zaporijjya, Xarkiv va Xerson oblastlarida bosib olingan hududlarni «qo‘shib olish» bo‘yicha referendumlarga tayyorgarlik ko‘rishni to‘xtatgani haqida xabar bergandi. Rossiya hukumati ukrainlarning sentabr oyi boshidagi muvaffaqiyatli qarshi hujumlari tufayli shunday qarorga kelgandi, ukrainlar bir hafta muddat ichida Xarkiv oblastini deyarli butunlay ozod qilishdi.

Mavzuga oid