10 yilgacha qamoq. Bosh prokuratura xorijiy armiyaga yollanish oqibatlaridan ogohlantirdi
Rossiya Ukrainadagi urushda shaxsiy tarkibni to‘ldirishda muammolarga duch kela boshlagach, armiyada bir yil xizmat o‘tagan xorijliklarga o‘z fuqaroligini berishni va’da qilmoqda. Moskvadagi migratsiya markazida xorij fuqarolarini harbiy xizmatga olish yo‘lga qo‘yiladi.
Bosh prokuratura xorijdagi o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, o‘zbekistonliklarning chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
«Xorijdagi yurtdoshlarimiz diqqatiga! O‘zbekistonliklarning chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biror shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
Shunga ko‘ra, chet mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizni harbiylashgan tuzilmalarga yollanmaslikka, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz va bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida yana bir bor ogohlantiramiz», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari xabarida.
20 sentabr kuni davlat dumasi Rossiya fuqaroligini olishni soddalashtiruvchi qonunni qabul qildi. Qonunga ko‘ra, Rossiya qurolli kuchlarida kamida bir yil xizmat o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan xorij fuqarolari Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin bo‘ladi.
Ilgari soddalashtirilgan tartibda fuqarolikni olish uchun xorij fuqarolari kamida uch yil shartnoma asosida harbiy xizmat o‘tashlari lozim edi.
Shu kuni Moskva hukumati «Saxarovo» migratsiya markazida xorij fuqarolarini Rossiyada harbiy xizmatga jo‘natishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar paydo bo‘ldi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024