O‘zbekiston | 16:28 / 21.09.2022
9557
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev kimyo zavodlaridagi davlat ulushini xususiylashtirishga ko‘rsatma berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yirik korxonalar negizida 4 ta kimyo klasteri tashkil etilmoqda. Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan bo‘ladi. Hozirda 1,8 milliard dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda va 5,6 milliard dollarlik yana 29 ta loyiha rejalashtirilgan.

Prezident ushbu klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun loyiha ofisi tuzish, bo‘sh turgan maydonlarni lotlarga ajratib, xususiy investorlarni jalb etish kerakligini aytdi.

Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘it bilan uzluksiz ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Bozorda hamisha talab bo‘lgan yana bir yo‘nalish – maishiy kimyo vositalari. Bu talab katta qismi import hisobidan qoplanmoqda. Mahalliy mahsulotlar o‘rnini oshirish yo‘nalishida xususiy sektorga keng o‘rin berib, xomashyo bilan ta’minlash, xalqaro brendlarni olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid