O‘zbekiston | 18:24 / 22.09.2022
23867
3 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimining o‘zboshimchaligi yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘ldi 

Yarim tunda Samarqand ko‘chalaridan birida YPX xodimining evakuator yordamida yo‘lni to‘sib qo‘yishi boshqa bir haydovchiga qimmatga tushdi. “Evakuatorli to‘siq” yo‘lning ayni balandlikka ko‘tarilish qismiga qo‘yilgani bois haydovchi uni ko‘rmay qolgan.

Kun.uz’ga Samarqand shahrida “Matiz” haydovchisi yo‘l o‘rtasiga ko‘ndalang qilib qo‘yilgan evakuatorga borib urilgani aks etgan videotasvir kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, evakuator YPX xodimi tashabbusi bilan yo‘lni to‘sish uchun shunday o‘rnatilgan bo‘lgan.

Hodisa jabrlanuvchisining aytishicha, voqea joriy yilning 17 avgust kuni tungi 02:47larda Shabbod-Zebiniso ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Harakatlanib kelayotgan “Matiz” haydovchisi juda yaqin qolgandagina yo‘lni ko‘ndalangiga to‘sib turgan evakuatorni payqagan. Haydovchi tormoz bosgan, biroq mashina evakuatorning orqa qismiga urilib, jiddiy zarar ko‘rgan. E’tiborlisi evakuator yo‘lning ayni balandlikka ko‘tarilish qismiga qo‘yilgani bois haydovchi uni ko‘rmay qolgan.

Mashina ichida bo‘lgan ikki yigit ham turli darajada tan jarohati olgani ma’lum qilindi.

Yo‘lda hech qanday ogohlantirish belgisi mavjud bo‘lmagan.

Hodisa joyida ikki nafar YPX xodimi shaxsiy “Kobalt” mashinasida turgani aytildi.

Holat bo‘yicha Samarqand viloyati IIB axborot xizmati Kun.uz’ga ma’lumot berdi.

“Ushbu YTH yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. YTH sodir bo‘lgan vaqtda ushbu yo‘lda yo‘l belgilarini chizish hamda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Hududda YPX inspektori yo‘lni evakuator bilan to‘sib, harakatni cheklab turgan. Hozirda xodimning harakatiga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan. Qo‘shimcha sifatida aytish mumkinki, evakuatorga kelib urilgan transport vositasining tezligi belgilangan me’yordan ancha baland bo‘lgan. Hozirda uning tezligini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlangan”, - dedi Samarqand viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sagdullayev.

IIB munosabati tabiiy ikkita savolni yuzaga keltirmoqda. Birinchidan, nega oradan bir oy vaqt o‘tib ham YPX inspektorining xatti-harakatiga qonuniy baho berilmadi? Ikkinchidan, haydovchining tezligi me’yordan ortiq bo‘lgan bo‘lsa nega shu vaqtgacha buni aniqlashmadi, endi qanday qilib aniqlashmoqchi?

Mavzuga oid