KXDR: «Biz Rossiyaga qurol va o‘q-dori sotmayapmiz». Ekspertlar ishonmayapti
Shimoliy Koreya rahbariyati Rossiyaga hech qachon qurol-yarog‘ yoki o‘q-dori yetkazib bermagani va bunday qilishni rejalashtirmagani haqida bayonot berdi.
Davlat axborot agentligi xabarida KXDR Mudofaa vazirligining nomi oshkor etilmagan vakili Qo‘shma Shtatlarni «tentaklarcha bayonot» berganlikda aybladi va Vashingtonni «og‘zini yumish»ga chaqirdi.
«So‘nggi paytlarda AQSh va boshqa dushman kuchlar KXDR va Rossiya o‘rtasida «qurol bitimlari tuzilgani haqidagi mish-mishlar»ni tarqatish orqali «BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasining buzilishi» haqida gapirmoqda... Biz Rossiyaga ilgari hech qachon qurol yoki o‘q-dori eksport qilmaganmiz va eksport qilishni rejalashtirmayapmiz», deya KXDR Mudofaa vazirligi Bosh shtabining ismi oshkor etilmagan rasmiysi so‘zlarini keltirdi Koreya markaziy axborot agentligi.
Sentyabr oyi boshida prezident Jo Bayden ma’muriyati KXDR tomonidan Rossiyaga qurol sotish jarayoni boshlangani haqidagi AQSh razvedkasi ma’lumotlarini oshkor qildi va bu Pxenyanga qurol import qilish yoki eksport qilishni taqiqlovchi BMT Xavfsizlik Kengashi sanksiyalari buzilishi ekanini aytdi.
AQSh Davlat departamenti vakili Vedant Patelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «Ukrainada foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan millionlab raketa va artilleriya snaryadlarini xarid qilish jarayonida».
Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, xaridlar «millionlab o‘q-dorilar, raketalar va artilleriya snaryadlari»ni o‘z ichiga olishi mumkin. Biroq, u AQSh razvedkasi maxfiy ma’lumotlariga tayangan holda, xaridlar hali yakunlanmagani va sotib olingan o‘q-dorilar Ukrainada qo‘llanayotgani haqida hozircha hech qanday dalillar yo‘qligini ta’kidlagan.
Seuldagi Ihva universiteti professori Leyf-Erik Isli KXDR hukumatining qurol sotilayotgani inkor qilingan bayonotiga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak deb hisoblayapti.
«Shimoliy Koreya qurol-yarog‘ savdosini yashirishni ma’qul ko‘radi, chunki bunday kelishuvlar ortidan yangi sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, odatda Pxenyan mijozlari boshqa noqonuniy harakatlarga ham aralashgan bo‘ladi. Shimoliy Koreya rejimi xuddi Putin Rossiyasi kabi, AQSh razvedkasi va xalqaro tanqidga qarama-qarshi argumentlarni tarqatishga harakat qiladi», deydi u.
Ikki davlat do‘stligi abadiymi?
Mutaxassislar fikricha, Shimoliy Koreya nazariy jihatdan rus artilleriyasi va o‘qotar qurollariga o‘q-dori yetkazib beruvchi asosiy manbaga aylanishi mumkin, chunki har ikki davlat mudofaa tizimlari sovet davridagi loyihalar asosida qurilgan.
Pxenyan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatladi. Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, Amerika gegemonligiga barham berish maqsadi Rossiyaning harbiy harakatlarini oqlaydi.
U Ukraina sharqidagi rossiyaparast ikkita tuzilmaning mustaqilligini tan oldi va Moskva bilan do‘stlikni mustahkamlashga va’da berdi.
Bunga javoban, Putin mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar turli yo‘nalishlarda yanada rivojlanishiga Pxenyanni ishontirdi. Biroq Rossiya joriy etilgan sanksiyalarning jiddiyligi bo‘yicha allaqachon Shimoliy Koreyadan o‘zib ketgan bir sharoitda bu hamkorlikning qanday rivojlanishi noma’lum.
BMT sanksiyalari tufayli shimoliy koreyalik ishchilarning Rossiyaga borishi rasman to‘xtadi. Buning o‘rniga rus tilini o‘rganish yoki mahalliy universitetni bitirishni xohlaydigan talabalar paydo bo‘ldi. Ularning ba’zilari keyinchalik Uzoq Sharqdagi qurilish maydonchalaridan topilmoqda.
Shuningdek, Pxenyan Ukraina sharqida shakllantirilgan rossiyaparast tuzilmalarni tiklashga yordam berish uchun quruvchilarni yuborish imkoniyatiga ham qiziqish bildirmoqda. KXDR iyul oyida Rossiya va Suriyadan keyin Donetsk va Luhansk «respublikalari» mustaqilligini tan olgan yagona davlat bo‘ldi.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya sentabr oyida o‘zini yadroviy davlat deb e’lon etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Kim Chen In bu qarorni orqaga qaytarib bo‘lmasligini ta’kidladi va mamlakatni yadrosizlantirish, ya’ni yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha har qanday muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini istisno qildi. Shuningdek, yangi qonun Shimoliy Koreyaning o‘z mudofaasi uchun yadroviy zarba berishdan foydalanish huquqini ham nazarda tutadi.
Keskin sanksiyalarga qaramay, Pxenyan 2006-2017 yillarda oltita yadroviy sinov o‘tkazdi.
Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar ishlamoqdami?
KXDR – Rossiyaning kam sonli ittifoqchilaridan biridir. Yaqinda Vladimir Putin boshqa ittifoqdoshi Eron bilan dronlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. Oq uy manbalarining aytishicha, ularning birinchi partiyasi Moskvaga sentabr boshida keltirilgan.
Vashingtonga ko‘ra, G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan davlatlardan yordam so‘rash fakti Rossiyadagi vaziyat bundan ham og‘irroq ekanini ko‘rsatadi.
«Bu Rossiya armiyasining Ukrainada jiddiy ta’minot taqchilligiga uchraganini ko‘rsatadi. Bunday taqchillikka qisman eksport va import cheklovlari sabab bo‘lgan», dedi AQSh yuqori martabali mulozimi AP agentligiga.
«Kreml Shimoliy Koreyadan biror narsa sotib olishga majbur bo‘layotganidan xavotirga tushishi kerak», dedi Urushni o‘rganish institutining (ISW) Rossiya siyosati bo‘limi rahbari Meyson Klark.
Eron urushayotgan tomonlardan birortasiga qurol yetkazib berayotganini rasman rad etmoqda. Biroq AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Tehronga borib, «Mohajer-6» va «Shahed» dronlarini boshqarishni o‘rganishgan.
Ammo, ekspertlar fikricha, so‘nggi voqealar, xususan, Shimoliy Koreyadan qurol-yarog‘ sotib olinishi sanksiyalar asta-sekin o‘z maqsadiga erishayotganidan dalolat beradi va ularning asosiy yuki Rossiya harbiy sanoati tomon og‘ishadi.
«Aftidan, Rossiya frontni uchuvchisiz samolyotlar bilan ta’minlashda katta qiyinchiliklarga duch kelgan, bu esa xalqaro sanksiyalar oqibatida komponentlar yetishmasligi bilan bog‘liq.
O‘z navbatida, razvedkachi dronlarning yetishmasligi taktik ma’lumotlarni to‘plash jarayonini qiyinlashtiradi va Rossiya armiyasining harakatlarini tobora cheklaydi», deb bayonot berdi Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi.
«Kremlning Shimoliy Koreya yoki boshqalardan artilleriya snaryadlari yoki raketalarini sotib olishining yagona sababi – Putin urushni eng oddiy darajada ushlab turish uchun Rossiya iqtisodini harbiy sohaga safarbar etishni istamasligi yoki bunga qodir emasligidir», deydi Amerika ishbilarmonlik instituti harbiy eksperti Fredrik Kagan.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024