O‘zbekiston | 12:57 / 28.09.2022
5596
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilg‘i ishlab chiqarish imkoni tahlil qilindi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari O‘zbekistonda oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilg‘i ishlab chiqarish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda har yili qariyb 3 million tonna oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘ladi. Oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilg‘i ishlab chiqarish bir vaqtning o‘zida parallel ravishda ikkita muammoni hal qilishda yordam beradi. Birinchidan, oziq-ovqat chiqindilarini utilizatsiya qilish orqali ekologiyaga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sir kamaytiriladi. Ikkinchidan, iqtisodiy va demografik o‘sish natijasida tobora ortib borayotgan energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj qondiriladi.

Tahlil natijasiga ko‘ra, agar oziq-ovqat chiqindilari to‘liq bioetanol yoki biodizelga aylantirilsa, potensial bioyonilg‘i ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 1,11 milliard litr va 1,02 milliard litrni tashkil qiladi. Benzin va dizelda harakatlanuvchi avtomobillarda bioyonilg‘idan foydalanish CO2 chiqindilarini 1,6 million tonnaga kamaytirishda yordam beradi.

Oziq-ovqat chiqindilarining har bir kilogrammi yiliga o‘rtacha 2,5 kg karbon dioksidi ajratib chiqaradi. 3 million tonna oziq-ovqat chiqindisi o‘rnatilgan tartibda utilizatsiya qilinmasa, 7,5 million tonna issiqxona gazlari chiqariladi.

Bioyoqilg‘idan foydalanishni joriy etish 2019-2030 yillarda O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi muayyan parametrlarini, «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunni, Parij bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni, BMT konferensiyasi 26-sessiyasida YaIM birligiga issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yilga nisbatan 35 foizga kamaytirish bo‘yicha qabul qilingan qo‘shimcha majburiyatni amalga oshirishga imkon beradi.

Mavzuga oid