O‘zbekiston | 07:11 / 29.09.2022
7397
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda «Borsakelmas» qo‘riqxonasi tashkil etilyapti

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.

Qaror bilan tabiatni muhofaza qilish davlat muassasasi shaklida Qo‘ng‘irot tumanida umumiy maydoni 280 000 gektar bo‘lgan “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil etish belgilandi. 

Qo‘riqxonaga ajratiladigan yer uchastkalari va qo‘riqlanma zonalarining maydoni, ijro etuvchi apparatining tuzilmasi tasdiqlandi.

“Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tuzilmasiga kiradi. 

Buyurtma qo‘riqxonasi faoliyatini moliyalashtirish 2022 yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga, 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston budjeti mablag‘lari, Davlat ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Hujjat bilan buyurtma qo‘riqxonasi hududida tabiiy majmualar va landshaftlar, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlari muhofazaga olinadigan asosiy obektlar hisoblanishi, buyurtma qo‘riqxonasi qo‘riqlanma zonasidagi yerlar ushbu hududlarda joylashgan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar ixtiyorida qolishi belgilandi.

Mavzuga oid