Jahon | 12:15 / 01.10.2022
9206
2 daqiqa o‘qiladi

Arestovich: Limanda 5,5 mingga yaqin rossiyaliklar qurshab olinishi mumkin

Ukraina qurolli kuchlari bir necha kun ichida Donetsk oblastida joylashgan Liman shahrini Rossiya okkupatsiyasidan ozod qilishi mumkin. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy devonining maslahatchisi Oleksiy Arestovich ma’lum qildi.

Foto: Picture Alliance

Arestovichning «Feygin Live» YouTube-kanali efirida ma’lum qilishicha, hozircha Liman yaqinidagi vaziyat haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. 

Ba’zi manbalarga ko‘ra, shahar allaqachon to‘liq o‘rab olingan, boshqa ma’lumotlarga qaraganda, rossiyaliklarning chiqib ketishi uchun imkoniyat hali ham mavjud bo‘lishi mumkin. 

Turli manbalarga ko‘ra, qurshovda 2,5 mingdan 5,5 minggacha rossiyalik harbiy xizmatchilar bor, deb xabar qildi Oleksiy Arestovich. 

Bundan oldin Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti (ISW) Ukraina qo‘shinlari Donetsk oblastining Liman hududida Rossiya kuchlarini qamal qilishni yakunlagan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot bergandi.

Tahlilchilarga ko‘ra, ukrainaliklar Limandan 10 km shimolda joylashgan Stavok hududida Rossiya mudofaasini yorib o‘tib, Liman g‘arbidagi chiziqni ushlab turgan rossiyaliklar uchun oxirgi ta’minot kanali va chiqish bo‘lgan Torskoye-Drobishevo yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. 

ISW ta’kidlashicha, Drobishevo va Liman hududlarida mudofaani ushlab turgan 20-armiyaning BARS-13 bo‘linmalari va 752-motoo‘qchilar polki «o‘ta og‘ir» vaziyatga tushib qolgan. ISW ekspertlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Limanni ozod qilishga qodir. 

Mavzuga oid