O‘zbekiston | 13:42 / 02.10.2022
27013
18 daqiqa o‘qiladi

O‘zini oqlamagan tashabbus: SSSRda Paxtachilik vazirligi nega tuzilgan edi?

1950 yilda SSSRda Paxtachilik vazirligi tashkil etiladi va Usmon Yusupov unga vazir etib tayinlanadi. Vazirlik zimmasiga O‘rta Osiyoda paxta hosilini ko‘paytirish bilan birga Rossiya, Ukraina va Moldaviyada ham «Oq oltin» yetishtirish vazifasi qo‘yiladi. Stalin qo‘llagani uchun bu ishga hech kim e’tiroz bildira olmaydi. 1953 yil Stalin vafot etganidan 10 kun o‘tib umuman samara bermagan, aksincha paxtakorlar uchun «boshog‘riq bo‘lgan» vazirlik tugatiladi.

Azaldan paxta faqat Osiyo va Afrikaning issiq va sersuv joylarida, jumladan O‘zbekiston hududida yetishtirilgan. Amerika qit’asi kashf etilgach, yevropaliklar okean ortida ham paxta yetishtira boshlaydi.

Unumdor yerlar, quldorlikning avj olishi va dengiz orqali boshqa mamlakatlarga yetkazib berishning qulayligi tufayli XIX asr boshlariga kelib AQShda paxta yetishtirish juda ommalashadi.

Yevropada «sanoat inqilobi» boshlanganda ko‘plab sohalar qatori to‘qimachilik ham rivojlanadi. Natijada tolaga talab oshadi va Amerikadan Yevropaga paxta olib kelish ko‘payadi.

1860-1865 yillarda AQShda sodir bo‘lgan fuqarolar urushi tufayli Yevropaga paxta kelishi keskin qisqaradi. Oqibatda, nafaqat Yevropada, balki paxta xomashyosini ko‘hna qit’a orqali oladigan Rossiyada ham paxta tolasi taqchilligi boshlanadi.

Shundan so‘ng Rossiya O‘rta Osiyoni zabt etishga jiddiy kirishadi va asosiy paxta yetishtiriladigan Qo‘qon xonligi egallanadi. Xonlik tugatilib, uning hududi Rossiya imperiyasiga qo‘shib olinadi.

Oradan biroz o‘tib O‘rta Osiyoga Chor Rossiyasidan savdogarlar kelib, mahalliy aholidan paxta tolasini xarid qilib, Rossiyaga jo‘nata boshlaydi.

Paxtaga talab oshgan sayin mahalliy dehqonlar uni ko‘proq eka boshlashadi. Bu orada Rossiyadan paxta tozalovchi ilk dastgohlar olib kelinadi.

Tarixdan ma’lumki, Chor Rossiyasi Qo‘qon xonligini bosib olib, Xiva xonligi va Buxoro amirligini vassalga aylantirganda mulk daxlsizligiga aralashmaydi.

Shu sababli, O‘rta Osiyoda paxta yetishtirish majburlash bilan emas, bozorda paxtaga talab ortgani tufayli ko‘payib boraveradi. Shu tariqa paxta XIX asr oxiri, XX asr boshlarida O‘rta Osiyoda yetishtiriladigan asosiy ekin maqomini oladi.

Rossiyada Oktyabr to‘ntarishi, SSSRning tuzilishi, undan keyin kollektivlashtirish– bu davrlarda sovet ittifoqi tarkibiga kiritilgan O‘rta Osiyo respublikalarida paxta yetishtirish talabga qarab oshirib borilaveradi.

Ammo ikkinchi jahon urushidan so‘ng vaziyat biroz o‘zgaradi. Endi SSSRda dehqonlardan paxta yetishtirishni keskin ko‘paytirish talab qilina boshlanadi. Bundan tashqari, 1950 yilda SSSRda Paxtachilik vazirligi tuzilib, Rossiya, Ukraina hamda Moldaviya janubida paxta yetishtirib ko‘riladi.

O‘shanda Rossiya, Ukraina va Moldaviyada paxta yetishtirish rejasini Stalinga Usmon Yusupov bildirgan deyishadi. Yangi tashkil etilgan Paxtachilik vazirligiga Usmon Yusupovning vazir etib tayinlanishi bu gaplarda jon borligiga ishora qiladi.

Foto: mytashkent.uz

Paxtachilik vazirligi

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1950 yil 5 aprel kuni SSSRda Paxtachilik vazirligi tuziladi va o‘sha kuni Usmon Yusupov uning vaziri etib tayinlanadi.

Taniqli o‘zbek diplomati Nuriddin Muhitdinov o‘zining «Usmon Yusupov» asarida SSSRda paxtachilik vazirligining tuzilishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarni ham eslab o‘tgan.

Uning yozishicha, 1949 yilda O‘zbekistonga S.Ignatev boshchiligidagi vakillar kelishadi. 20 kishidan iborat guruh O‘zbekistondagi vaziyatni o‘rgana boshlaydi. Bir yillik tekshiruvlardan keyin 1950 yil aprel oyida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda O‘zbekistondagi uchta asosiy lavozim – Kompartiya Markaziy Qo‘mitasi birinchi kotibi, Oliy Kengash Prezidiumi raisi va Vazirlar kengashi raisi lavozimiga yangi odamlar tayinlanadi.

Jumladan, Usmon Yusupov Markaziy qo‘mita birinchi kotibi lavozimidan olinib, o‘rniga Amin Niyozov tayinlanadi. A.Abdurahmonov Vazirlar kengashi raisi lavozimidan bo‘shatilib, o‘rniga Abdurazzoq Mavlonov tayinlanadi (Bir yildan keyin bu lavozimga Nuriddin Muhitdinov tayinlangan). Shuningdek O‘zbekiston SSSR Oliy Kengashi prezidiumi raisligiga Sharof Rashidov tayinlanadi.

Usmon Yusupov O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi (O‘zbekiston rahbari) etib 1937 yilda 36 yoshida tayinlangan. U lavozimidan ozod qilinguncha O‘zbekistonni 13 yil boshqargandi.

Foto: wikipedia.org

Muhitdinovning eslashicha, aprel yig‘ilishidan keyin ishsiz qolgan Usmon Yusupov Stalinning qabuliga kiradi. «Xalqlar dohiysi» unga SSSRda paxtachilikni yanada rivojlantirish lozimligini aytadi.

«O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining aprel (1950 yil) Plenumidan keyin Usmon Yusupovni I.V.Stalin qabul qildi. Shu suhbatdan keyin SSSR paxtachilik vazirligi tashkil qilinib, u vazir etib tayinlandi. Moskvada yaxshi bir binoni berishdi, paxtachilik va sug‘orish bo‘yicha eng tajribali mutaxassislar asosan O‘zbekistondan borishib, shu vazirlikning mas’ul xodimlari bo‘lishdi», deydi Muhitdinov.

Paxtachilik vazirligining vazifalari va samarasiz urinishlar

Yangi tashkil etilgan vazirlik oldiga mamlakatning harbiy-strategik qudratini kuchaytirishda asqotadigan va mamlakatga valuta olib keladigan paxta hosili ko‘paytirish, bu uchun boshqa ittifoqdosh respublikalar hisobidan paxta maydonlarini ko‘paytirish topshirig‘i beriladi.

«Usmon Yusupov yangi ishga unga xos bo‘lgan g‘ayrat-shijoat, qat’iyat bilan kirishdi. Mamlakatda paxta ishlab chiqarish birmuncha ko‘paydi. Lekin afsuski, vazirlik faoliyatida ayrim muvaffaqiyatsizliklar ham yuz berdi. Yuqori doiralarda, nima uchun paxta bo‘yicha vazirlik bor-ku, go‘sht, g‘alla, sut, lavlagi va boshqalar bo‘yicha vazirliklar yo‘q deb bir-biriga hazil qilishardi», deb yozadi Muhitdinov.

Shundan so‘ng Usmon Yusupov SSSR rahbariyatiga Rossiya, Ukraina va Moldaviyaning janubiy viloyatlarida paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘yish haqida taklif bildiradi. Ammo ungacha Paxtachilik vaziri sifatida Usmon Yusupov SSSR vazirlar kengashining 1949 yil fevral oyida qabul qilingan «Kolxoz va sovxozlarda paxta yetishtirishni ko‘paytirish haqida»gi qaroriga asosan yuqorida nomlari keltirilgan uchta respublikada allaqachon paxta yetishtirishni boshlab yuborgan edi.

Muhitdinovning yozishicha, SSSR Vazirlar Kengashi bu taklifga ijobiy qaraydi va 1952 yil 19 fevralda RSFSR, Ukraina SSR va Moldaviya SSRning bir qator viloyatlarida paxta yetishtirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Qarorda:

  • Stavropol o‘lkasida — 92 500 gektar,
  • Krasnodar o‘lkasida— 172 500 gektar
  • Grozniy viloyatida — 36 600 gektar
  • Dog‘iston ASSRda — 28 500 gektar
  • Shimoliy Osetiya ASSRda — 5 000 gektar
  • Kabardin ASSRda — 8 000 gektar
  • Rostov viloyatida — 85 000 gektar
  • Qrim viloyatida — 30 900 gektar
  • Stalingrad viloyatida — 25 000 gektar
  • Astraxan viloyatida — 10.000 gektar (yuqoridagi hududlar RSFSR tarkibida edi)
  • Ukraina SSRda — 443 000 gektar
  • Moldaviya SSRda — 5 000 gektar yerda paxta yetishtirilishi belgilangan edi.
Ukrain ayollari paxta terimida / Foto: kommersant.ru

O‘shanda SSSR Vazirlar Kengashining bu qaroriga paxta yetishtirilishi belgilangan aksariyat mintaqalarning rahbarlari e’tiroz bildiradi. Ular o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududlarda paxta yetishtirishning iloji yo‘q deb hisoblashadi.

Bu masalada ular haq edi – paxta yetishtirish uchun issiq ob-havo va uzoq davom etadigan quyoshli kunlar bo‘lishi talab qilinardi. O‘sha paytda e’tirozlar mamlakatni juda qattiqqo‘llik bilan boshqarayotgan Stalingacha yetib bormaydi va qarorda belgilangan hududlarda paxta ekiladi.

Ammo noqulay va salqin ob-havo tufayli mo‘ljallangan hosilning yarmi ham olinmaydi. Shundan so‘ng Paxtachilik vaziri sifatida Usmon Yusupov Kremldagi rahbarlarning o‘rinli tanqidiga uchraydi.

«Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu masala hal etilayotganda jumhuriyatlarning e’tirozlari hisobga olinmagan ekan. Bu zonalar uchun mos keladigan paxta navlarining yo‘qligi joylarda yaxshi shart-sharoit yaratilmaganligi va moddiy-texnika ta’minotidagi uzilishlar murakkab holatni yuzaga keltirdi. Ilgari g‘alla, kartoshka, qand lavlagi va boshqa ekinlar ekib, mo‘l hosil yetishtirib kelingan maydonlar paxta bilan band qilingach, hatto eng oz miqdorda ham hosil ololmadilar. Natijada jamoa va davlat xo‘jaliklari, Mslar katta iqtisodiy zarar ko‘rishdi. Shundan keyin SSSR Vazirlar Kengashi yil yakuni bo‘yicha bu zonalarda paxta ekishni taqiqladi va bu ahvolga vazir o‘rtoq Yusupovning e’tiborini qaratib, uning xatti-harakatlarini achchiq iboralar bilan ta’rifladi», deb eslaydi Muhitdinov.

Vazirlik va ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar

Muhitdinovning yozishicha, Paxtachilik vazirligi va paxta yetishtiruvchi  O‘rta Osiyo respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarda ham nosog‘lom muhit shakllanadi.

Paxtachilik vazirligi tashkil etilguncha har bir respublikaning Qishloq xo‘jaligi vazirligi paxta yetishtirishga mas’ul bo‘lgan. Paxta yetishtiruvchi respublikalarda tuproq unumdorligi, suv masalasi, ob-havo sharoiti turlicha bo‘lgan va hamma o‘z ishini bilib qilgan.

Ular paxta ekishdan tortib unga ishlov berishgacha bo‘lgan turli jarayonlarda o‘zlarining sharoitlaridan kelib chiqib mustaqil qaror qabul qilishgan.

Vazirlik tashkil etilgach turli respublikalardagi farqlar omilini chetga surib qo‘yadi va hammadan bir xil narsani talab qila boshlaydi. Oqibatda vazirlik va respublika rahbarlari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi.

Masalan, o‘sha paytda Tojikiston rahbari bo‘lgan Bobojon G‘ofurov 1952 yilda aynan Usmon Yusupov bu respublikada chigitni 45 santimetrli tor jo‘yaga ekishga ruxsat bermagani uchun shaxsan Stalinning o‘ziga ikki marta maktub bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng tojikistonliklarga paxtani tor jo‘yalarga ekishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, garchi Usmon Yusupov O‘zbekistondan yetishib chiqqan rahbar bo‘lsa-da vazir bo‘lganida bu respublika rahbarlarini ham ayamaydi. O‘zbekistonlik paxtakorlarning paxta yetishtirishdagi tajribasi bilan hisoblashmaydi.

1951 yilning kuzida ob-havo past keladi. Tinmay yomg‘ir yog‘ib, paxtaning ochilishi kechikadi va yig‘im-terim ishlari qiyinlashadi. Oqibatda, Paxtachilik vazirligini hosil taqdiri tashvishlantira boshlaydi.

O‘sha yili 5 dekabrgacha O‘zbekiston paxta rejasini 87,1 foizga bajaradi xolos. Shundan so‘ng SSSR Vazirlar kengashi qarori bilan Paxta tayyorlash davlat rejasini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi Niyozovga va O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisi Nuriddin Muhitdinovga hayfsan e’lon qilinadi.

«Shaxsan men juda iztirob chekdim: axir bu hayotimda birinchi marta jazolanishim edi, yana kimsan — Stalin jazolagan. Buning ustiga Vazirlar Kengashi Raisi bo‘lib ishlayotganimga endigina yetti oy bo‘lgan bo‘lsa (bu lavozimga 1951 yil 11 aprelda tayinlangan edim). Ertasi kuni SSSR Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari V. Malishevga qo‘ng‘iroq qildim, biz u bilan do‘stona munosabatda edik. U meni tinglab, hech gapdan xabari yo‘qligini aytdi va shu zahoti boshqa telefon bilan kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. Keyin bu qaror, paxta bo‘yicha qabul qilingan boshqa qarorlar ham, SSSR paxtachilik vazirligi tomonidan kiritilganligini ma’lum qildi. Ikki oydan keyin Stalinning o‘zi A. Niyozovga va menga berilgan jazoni olib tashladi. Usmon Yusupovning xatti-harakatlaridan norozi ekanligini izhor qildi. Malenkov va Beriyaga ham gap tegdi», deb eslaydi Muhitdinov.

Usmon Yusupov va Nikita Xrushev o‘rtasidagi kelishmovchiliklar

Nuriddin Muhitdinovga ko‘ra, 1944 yildan boshlab Ukrainaga rahbarlik qila boshlagan Xrushev va Usmon Yusupovning o‘zaro aloqalari 1947 yilda Stalin ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng yomonlashgan.

O‘sha yig‘ilishda Xrushev Ukrainani rivojlantirish bo‘yicha hisobot berayotganida Stalinning tanqidiga uchraydi. Shundan keyin so‘zga chiqqan Usmon Yusupov ham o‘ziga tegishli masalalar qolib ketib, Xrushevga e’tiroz bildiradi. Uning gaplari Stalinga ma’qul kelib, u Usmon Yusupovni maqtaydi va Xrushevni yana koyiydi. Shundan so‘ng Xrushev Usmon Yusupovni yoqtirmay qoladi.

Usmon Yusupov va Xrushev o‘rtasida ikkinchi kelishmovchilik 1952 yil bahorida sodir bo‘ladi. 1950-1951 yillarda Usmon Yusupov Paxtachilik vaziri sifatida Ukrainaning janubiy viloyatlariga paxta ektiradi va bu ish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

«Xrushchev bu ishning (Ukrainada paxta ekilishining – muallif izohi) yakunini Stalinga ma’lum qilib, ko‘pgina jamoa va davlat xo‘jaliklari vayron bo‘lganligi, yerlarning unumdorligi pasayib ketganligi, asrlar mobaynida yetishtirilgan yuksak hosilli don va texnik ekinlarni ishlab chiqarish keskin kamayganligi, dehqonlarning moddiy farovonligi yomonlashganligi va boshqa xunuk oqibatlari haqida gapirgan. Shundan keyin Stalin o‘zining ilgarigi qarorini beqor qilib, bu zonalarda paxta ekishni taqiqladi va paxtachilik vazirligiga qattiq tanbeh berdi», deb yozadi Muhitdinov.

Agar tarixga nazar tashlansa, Ukrainada 1930-yillarda ham paxta yetishtirishga urinishlar bo‘lgan. O‘sha paytlarda O‘zbekistondan «boy-quloq» qilingan oilalar Ukrainaga surgun qilinib, ular yordamida bu respublikada ham paxta yetishtirib ko‘rishgan. Ammo salqin ob-havo, quyoshli kunlarning kam bo‘lishi bunga yo‘l qo‘ymagan. Xrushev buni yaxshi bilar edi.

SSSRda Paxtachilik vazirligi tashkil etilgandan so‘ng eski xatolardan xulosa chiqarilmagan holda yana Ukrainada paxta yetishtirish rejalashtirilishi garchi bu paytga kelib Moskva viloyati kompartiyasi birinchi kotibi bo‘lib ishlayotgan bo‘lsa-da Xrushevning jahlini chiqargan edi.

U avvaliga Usmon Yusupovning Ukrainada paxta yetishtirish haqidagi rejalariga e’tiroz bildirmaydi. Chunki bu tashabbusni kimsan, Stalinning o‘zi qo‘llab-quvvatlagan. Ammo Ukraina, Rossiya va Moldaviyada paxta yetishtirish muvaffaqiyatsizlikka uchragach u Stalinga bu ish ortidan yuqoridagi respublikalarda ko‘plab kolxozlar juda katta zarar ko‘rganini aniq raqamlar bilan bildiradi. Shundan so‘ng Stalin Ukraina, Rossiya va Moldaviyada paxta yetishtirishni taqiqlaydi.

SSSR Paxtachilik vazirligi qariyb uch yil faoliyat ko‘rsatadi va o‘zidan kutilgan natijani bera olmaydi. Qaytaga vazirlik O‘rta Osiyodagi paxta yetishtiruvchilarning ishiga xalal beradi. Ammo Stalin tirikligida bu haqda hech kim gapira olmasdi.

1953 yil 5 mart kuni Stalin vafot etadi. Oradan 10 kun o‘tib SSSR Paxtachilik vazirligi tugatiladi. Usmon Yusupov yana ishsiz qoladi.

1953 yil may oyida Nuriddin Muhitdinov ishdan bo‘shatiladi va uning o‘rniga Usmon Yusupov O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti raisi lavozimiga tayinlanadi.

Nuriddin Muhitdinov o‘sha paytda ishdan bo‘shashi va o‘rniga Usmon Yusupovning tayinlanishi Beriyaning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini keltiradi.

Xrushev Kremlda muqim o‘rnashib olganidan so‘ng 1954 yil dekabr oyida Usmon Yusupovni O‘zbekiston Vazirlar kengashi raisi lavozimidan bo‘shatadi. Nuriddin Muhitdinov yana o‘z o‘rniga qaytariladi.

Eski alamlarni unutmagan sovet rahbari bu bilan cheklanmay, uzoq yillar O‘zbekiston rahbari bo‘lib ishlagan, SSSRdagi vazirliklardan birini boshqargan shaxsni Toshkent viloyatining Boyovut tumanidagi qoloq sovxozlardan biriga «surgun» qiladi.

Usmon Yusupov uzoq yillar ana shu sovxozni boshqarib, 1966 yilda, 65 yoshida kasallikdan vafot etadi.

Ukrainada paxta yetishtirish samara bermaganidan keyin SSSR rahbariyati paxta yetishtirish uchun qulay mintaqa bo‘lgan O‘rta Osiyoda cho‘llarni o‘zlashtirish va paxta yetishtirishni ko‘paytirish ishlariga katta e’tibor qarata boshladi.

Mintaqadagi cho‘llar o‘zlashtirildi. Ularga suv yetkazib berish uchun ko‘plab kanallar qazildi, suv omborlar qurildi. 1960-yillardan boshlab Moskva tomonidan O‘rta Osiyo respublikalariga, jumladan O‘zbekistonga paxta yetishtirish rejasi misli ko‘rilmagan darajada oshirila boshlanadi. Bu haqda keyingi maqolada...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid