Jamiyat | 14:37 / 05.10.2022
13383
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: O‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan tuman tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidan ozod etildi

Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidan ozod etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

SSV o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan tuman tibbiyot birlashmasi rahbari lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida onalar va bolalar salomatligini ta’minlashga mas’ul tibbiyot muassasalari faoliyati tanqidiy o‘rganilmoqda.

Xususan, dastlabki tahlillarga ko‘ra, 50 o‘rinli Chortoq tuman tug‘uruq bo‘limida shu yilning o‘tgan 9 oyida 3700 nafardan ortiq homilador ayol farzandli bo‘lgan. Muassasada joriy yil sentabr oyiga qadar kuniga o‘rtacha 13 ta tug‘uruq amalga oshirilgan bo‘lib, bu davr oralig‘ida shifoxonaning ortiqcha yuklama bilan ishlashi deyarli kuzatilmagan.

Biroq sentabr oyida kunlik tug‘ilishlar soni o‘rtacha 20 taga ortib ketgani bois, shifoxonada o‘rin-joylar yetishmovchiligi yuzaga kelgan. 

Ammo tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati tomonidan mazkur masalani hal etish bo‘yicha o‘z vaqtida kerakli chora-tadbirlar ko‘rilmagan. Oqibatda ushbu tug‘uruq bo‘limidagi palatalarda o‘rin-joylar sanitar-epidemiologik talablarga rioya etilmagan holda joylashtirilgan.

Ya’ni samarasiz ishlayotgan statsionar o‘rinlar hisobiga homilador ayollar uchun qo‘shimcha o‘rin-joylar yaratish imkoniyati mavjud bo‘la turib, tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati mazkur muammoga sovuqqonlik bilan yondashgan. 

Ana shularni inobatga olgan holda, ish faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Tohir Mo‘minov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O‘z navbatida, yuzaga kelgan muammoli vaziyatni tezkor bartaraf etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasidagi samarasiz ishlayotgan statsionar o‘rinlar hisobidan tug‘uruq bo‘limi uchun qo‘shimcha yana 20 ta, jami 70 ta o‘rin-joy ajratildi. 

Sog‘liqni saqlash vaziri rahbarligida o‘tkaziladigan tanqidiy yig‘ilishda yuqorida qayd etilgan ushbu holat misolida mamlakatimizda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga doir muammoli masalalar hamda ularning amaliy yechimlari muhokama etiladi», deyiladi xabarda.

4 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi tug‘uruqxona tasvirlangan video tarqalgandi. Videoda tug‘uruq jarayonini o‘tkazgan 15 nafarga yaqin ayol va bolalar bir xonada yotgani aks etgandi.

Mavzuga oid