Jahon | 08:56 / 06.10.2022
9520
3 daqiqa o‘qiladi

Alek Bolduin s’yomka vaqtida otib qo‘ygan operatorning oilasi bilan kelishuvga erishdi

Galina Xatchinsning eri advokat orqali da’vo arizasini qaytarib olganini aytdi. U suratga olish ishlarini davom ettirishga qaror qilingan «Rust» vesternining prodyuseri bo‘ladi.

Foto: Irishcentral

Hollivud aktyori Alek Bolduin «Rust» («Zanglagan») filmini suratga olish chog‘ida halok bo‘lgan operator Galina Xatchinsning oilasi bilan da’voni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda u Instagram'da ma’lum qildi.

Galina Xatchinsning eri, o‘z navbatida, o‘z advokati orqali da’voni qaytarib olganini ma’lum qildi. Biroq, sud hali tomonlar erishgan kelishuvni tasdiqlashi kerak. «Biz hammamiz Galinaning o‘limini dahshatli baxtsiz hodisa deb hisoblaymiz», dedi Metyu Xatchins.

U filmni ishlab chiqaruvchi Alek Bolduin va Rust Movie Productions LLC kompaniyasini ayblashdan manfaatdor emasligini ta’kidladi. Buning o‘rniga xotinimning so‘nggi ishiga hurmat ko‘rsatishni xohlayman, dedi Xatchins. Suratga olish davom etadi. Galina Xatchinsning eri film prodyuseri bo‘ladi.

2021 yil 21 oktyabr kuni Santa-Fe shahri yaqinidagi ranchoda «Rust» vesternini suratga olish paytida baxtsiz hodisa yuz berdi. Bolduin filmga prodyuserlik qilgan va bosh rolni ijro etgan. Bolduin jinoyatchi sifatida to‘pponchadan bo‘sh o‘qlar uzishi kerak bo‘lgan sahnani suratga olish paytida tasodifan operatorni rekvizit quroli bilan otib qo‘ygan. Rejissyor yordamchisi aktyorga qurol o‘qlanmaganligini ma’lum qilgan. Tergov jarayonida u revolverni oxirigacha tekshirmaganini tan oldi, ammo qurol xavfsiz ekanligini aytgan.

Asli kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan operator Galina Xatchins vertolyotda shifoxonaga yetkazildi va olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Filmning 48 yoshli rejissyori Joel Souza ham o‘qdan jabr ko‘rdi. U og‘ir jarohat oldi.

Marhum operatorning oilasi Bolduin va vesternning boshqa prodyuserlarini sudga berdi. Galina Xatchinsning qarindoshlari beparvolik tufayli yuz bergan o‘lim uchun «katta» tovon talab qilishdi. O‘z navbatida, Nyu-Meksiko mehnat va texnika xavfsizligi byurosi (OHSB) filmni ishlab chiqargan Movie Productions LLCga maksimal mumkin bo‘lgan 136 793 dollar (126 312 yevro) jarima tayinladi.

Mavzuga oid