O‘zbekiston | 08:14 / 06.10.2022
25143
9 daqiqa o‘qiladi

Pinakka ketib, mizg‘ib olish – kunduzgi uyqu ish soatini o‘g‘irlashmi yo ishchanlik belgisi?

Uzzukun ishlaydigan tana ma’lum soatlardan keyin toliqishi mumkin. Shuni hisobga olib, Yaponiya, Xitoy, Vetnam va Ispaniyada odamlar tush vaqtida 20-30 daqiqa pinakka ketishadi va bunga mamlakat bo‘ylab tabiiy hol sifatida qaraladi. Qolaversa, dunyoning yirik kompaniyalari ham xodimlari uchun uyqu kapsulalari o‘rnatishni boshlagan. Xo‘sh, kunduzgi qisqa uyqu ish unumdorligiga qanday ta’sir qiladi?

Foto: Kun.uz

An’anaviy fikrlaydigan rahbar ko‘zi bilan qaralsa, ishxonada uxlash go‘yoki ish soatlaridan o‘g‘irlashdek tuyulishi mumkin. Ammo bir nechta tadqiqotda kunduzgi 10-30 daqiqalik uyqu ish unumdorligini oshirib, immunitetni mustahkamlashi isbotlangan.

Bundan tashqari, hisob-kitoblarga ko‘ra, kam uyqu ortidan ishdagi mahsuldorlikka yiliga 63 milliard dollar zarar yetadi.

Qisqa uyqu baxtsiz hodisalarning oldini oladi

AQShdagi Milliy uyqu jamg‘armasi (National Sleep Foundation) o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan xodimlarning deyarli 3dan 1 qismi ish vaqtida uxlab olishga ehtiyoj sezishlarini aytishgan.

Tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, kunduzi uxlashga bo‘lgan ehtiyoj tun davomida uyqusi bo‘linib qolganlarda kuzatiladi. Tunda bir maromda 8 soat uzilmasdan davom etgan uyqu kunduz kuni uyqu chaqirmaydi.

Uyquga to‘ygan va buning aksi bo‘lgan bola o‘rtasidagi farq qanchalik aniq bo‘lsa, bu holat katta yoshdagilarda ham xuddi shunday, deydi klinik uyqu mutaxassisi va Yaxshiroq uyqu kengashi (Better Sleep Council)ning matbuot kotibi Terri Kral.

“Ya’ni xodimning samarasiz ishlashi yoki ishga layoqatsizroq bo‘lib qolishi uyqu yetishmovchiligidan bo‘lishi mumkin. Lekin buni atrofdagilar sezmaydi. Bundan tashqari, charchagan xodim ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lish xavfi yuqori. Shu sabab yirik kompaniyalar ham ish vaqtida uxlashni qo‘llab-quvvatlash choralarini boshlagan”, – deydi mutaxassis.

GovernmentAuctions.org kompaniyasi hammuassisi va prezidenti Ian Aronovichning aytishicha, xodimlarga ish davomida 15-25 daqiqalik uyqu uchun ruxsat berilgan.

“Qisqa muddatli uyqu ijodkorlikni oshiradi va xodim mahsuldorroq ishlashiga yordam beradi”, – degan u.

Shuningdek, o‘rganishlar qisqa uyqu hushyorlik va tezkorlikni oshirishi, xotira, mantiqiy fikrlashni yaxshilashi, uyquchanlikni kamaytirib, ruhiy va jismoniy holatni yaxshilashini aniqlagan.

Qisqa uyqu qancha davom etishi kerak?

Mutaxassislar qisqa uyqu uchun ideal vaqt 10-20 daqiqa ekanini aytishadi.

Milliy uyqu jamg‘armasi ham kunduzgi uyqu shovqinsiz joyda 20-30 daqiqa davom etgani ma’qul deydi. Albatta, uyqu davomiyligi tana charchagani va kunning qaysi vaqtida uxlashga ham bog‘liq.

10 daqiqalik uyquning samarasi tezroq seziladi va tana uyg‘ongach tetiklikni darhol his qiladi. Agar uyqu miqdori 10 daqiqadan oshsa, xodimda uyqu harakatsizligi degan tuyg‘uni paydo qilib, ishga darhol kirishib ketolmaydi.

Bunday uyqu uyquchanlikni tarqatishda tetiklashtiruvchi turli ichimliklardan ko‘ra ko‘proq yordam beradi. Masalan, 12:20–14:00 orasidagi uyqu shunday hisni bera olishi aytiladi tadqiqotlarda.

Mizg‘ib olish uchun shovqin va yorug‘lik kabi uyquni buzadigan narsalardan uzoq bo‘lish, juda issiq yoki sovuq bo‘lmagan qulay joy tanlash, telefon, televizor yoki boshqa qurilmalarga qarashdan saqlanish tavsiya etiladi.

Qaysi davlatlarda kunduzi ishda uxlashga ruxsat beriladi?

Ayrim mamlakatlarda kunduzgi uyqu o‘sha xalq madaniyatining bir qismiga aylangan. Buni Xitoy, Ispaniya, Vetnam kabi davlatlarga nisbatan aytish mumkin.

Vetnam maktablaridagi majburiy uyqu

Vetnamda bir necha yildan beri o‘qituvchilik qilib kelayotgan ingliz tili o‘qituvchisi Dostonbek Siddiqovning aytishicha, o‘quvchilar tushlik mahali maktabda, partalar ustida yoki polda ko‘rpa-to‘shagi bilan uxlashadi. Vetnamda kunduzgi uyqu millatning ajralmas qismi. Majburiy ta’lim muassasalarida (1–12-sinflar) o‘quvchilar deyarli yashaydilar. Kunning asosiy qismini o‘tkazadigan bu joyda kunning qoq peshin paytida bolalarga uxlab olish majburiy.

“Bu ularning akademik salohiyatini oshirishga yordam berarkan. Birinchi ish kunimda hayron qolgandim: o‘qituvchilar matraslarda pinakka ketishdi. Keyinchalik bildimki, banklarda, davlat idoralarida ham shu ahvol. Kunduzi 1da ko‘chada birovni ko‘rmaysiz.

Kattalarni bilmadim-u, bolaga yetarlicha uyqu zarur. Uyqusirab turgan bola miyasi to‘lig‘icha mavzuni o‘zlashtira olmaydi”, – deydi Siddiqov.

Uyqu sumkalari

Xitoyda ham kunduzgi uyqu madaniyatga aylanib ulgurgan. Hatto ayrim mehmonxona va tashkilotlarda 30 daqiqa uxlab olish uchun uyqu xonalari bor va ularni ijaraga olib turish mumkin. Bu yerda soat 13-14 orasi uyqu vaqti hisoblanib, eng kami 15 daqiqa, ko‘pi esa 1 soatdan oshib ketmasligi kerak.

Huawei'ga o‘xshagan katta kompaniyalarda esa xodimlar ish stoli ostida uxlash sumkalari ham turadi.

Xitoyda magistraturani 3 yil o‘qigan Sohiba Abdunazarova o‘zi guvoh bo‘lgan holat haqida gapirib berdi.

“Soat 12–14:00, ya’ni tushlik vaqtida, xitoyliklarga ovqatlanib uxlab olishlari uchun ruxsat beriladi. Divanda yoki ish stoliga boshini qo‘yib, mizg‘ib olishadi. Va bu ular uchun oddiy holat. Kutubxonalarida ham talabalar umumiy zalda o‘tirib uxlashardi. O‘zim ham shunday qilganman. Kichik yostiqcha olib stolga qo‘yib uxlab olardik”, – deydi u.

Yaponiyada transport – de-fakto yotoqxona

Yaponiyada ish yoki o‘qish vaqtida mizg‘ib olish kamida 1000 yildan beri davom etib kelayotgan holat. Ish vaqtidagi qisqa uyqu ayol va erkaklar uchun birday xos. Faqat ba’zan etika jihatidan ayollarning uxlashi ijobiy qarshi olinmaydi.

Yana bir jihati borki, Yaponiyada odamlar kam uxlagani hisobiga ham kunduzgi uyquga ehtiyoj sezishadi. 2015 yil hukumat o‘tkazgan so‘rovnomada qariyb 40 foiz ishtirokchi 6 soatdan kam uxlashini ma’lum qilgan.

Mamlakatda do‘kon, kafe, restoranlarda yoki hatto shaharning gavjum piyodalar yo‘lakchasida ham uxlayotgan odamlarga ko‘p duch kelish mumkin. Jamoat joylari, ayniqsa, shaharlararo poyezdlarda uxlash keng tarqalgan. Bunday joylarni de-fakto yotoqxona desa ham bo‘ladi. Aynan uyqu Yaponiyada jinoyatchilik darajasi juda past ekaniga sabab ham deyiladi.

Siyesta – ispancha uyqu

An’anaga ko‘ra, ispan ish kuni ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qismida odamlar ertalab soat 9:00–14:00 oralig‘ida ishlaydilar. Orada 2 soatlik tushlik bo‘ladi. Ikkinchi soat 16:00–20:00 orasi hisoblanadi. Xodimlar 2 soatlik tushlik soatida uxlab ham oladilar.

Bu madaniyat paydo bo‘lishiga 1936-1939 yillardagi fuqarolar urushi sabab bo‘lgan. Urushdan keyin odamlar oilasini boqish uchun 2 joyda ishlashga majbur bo‘lgan. Ispan tilida kunduzgi uyqu siyesta deb ataladi.

The European Sleep Research Laboratories at the General University Hospital of Castellon mutaxassisi Orteganing aytishicha, 21-asrda katta shaharlarda siyestaga ko‘proq ehtiyoj tug‘ilishi mumkin. Chunki bunday uyqu stressni yengillashtirishga yordam beradi, immunitetni mustahkamlaydi va ish faoliyatini yaxshilaydi.

Dunyoning yirik kompaniyalaridagi qisqa uyqu uchun yotoqlar

Kunduzgi uyquning foydalari ma’lum bo‘lgach Facebook, Google, Ben & Jerry’s, Cisco va Zappos kabi yirik kompaniyalar ham ish vaqtidagi qisqa uyquni qo‘llab-quvvatlashga o‘tishgan.

Kompaniyalarda uxlash uchun maxsus uyqu kapsulalari ham o‘rnatilgan.

Kapsulalar shovqin va yorug‘likdan himoya qilib, xodimga tinch uxlash imkonini beradi.

Facebook'da uyqu kapsulasi

Google kompaniyasida uyqu kapsulasi

AQSh ayeroportlaridan biridagi ayeroportidagi uxlash joyi

Istanbul ayeroportidagi uxlash joyi

O‘zbekistonda ham bu usulni qo‘llash mumkinmi?

Umuman olganda, ish vaqtida uxlash yoki uxlamaslik bu avvalo tananing ehtiyoji. Ya’ni har bir xodim uyquga ehtiyojini o‘zining jismoniy holatidan kelib chiqib belgilagani ma’qul. Lekin ish jarayonidagi 15-30 daqiqalik uyqu charchagan tanani tetiklashtirishi isbotlangan. Ilmiy tadqiqotlarsiz ham buni ko‘pchilik o‘z tanasida his etgan.

Shundan kelib chiqib, ish joylarida uyqu xonalari bo‘lishi yoki xodimlarga ozgina uyqu uchun sharoit yaratib berish ish unumdorligini oshiradi.

Albatta, bu mavzuda O‘zbekiston haqida aniqroq xulosa qilish uchun so‘rovnomalar va ish unumdorligi tahlil qilingan tadqiqotlarga ehtiyoj bor.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid