Jamiyat | 15:55 / 07.10.2022
26065
12 daqiqa o‘qiladi

Majburiyatlaridan bo‘yin tovlayotgan UzAuto Motors: unga uchta organning kuchi yetmayapti

Davlatning rasmiy ruxsati borligiga qaramasdan, UzAuto Motors Captiva-5 avtomobilini “O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmaydi” deb xulosa qildi va tuzib qo‘ygan shartnomalarini buzdi. Qonuniy manfaatini talab qilayotgan mijozlar hayron: naq uchta idora – sud, aksilmonopoliya va iste’molchilar huquqlarini himoyalash organlarining monopolistga gapi o‘tmayapti.

UzAuto Motors 2021 yilda bir qancha iste’molchilar bilan yangilangan Chevrolet Captiva avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzgandi. Lekin ma’lum muddat o‘tganidan keyin bu jarayon to‘xtatildi. Sabab sifatida esa Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi iddao qilindi.

Ba’zi mijozlar UzAuto Motors'ning “cheksiz” uzrini qabul qilishni istamay, qonuniy haq-huquqlarini talab qilib, sudga murojaat qilishgan. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan iste’molchilar O‘ktam Qahhorov va Jamshid Baxshillayev bilan suhbatlashdi.

O‘ktam Qahhorov

O‘ktam Qahhorov: Captiva-5 uchun shartnoma berish boshlanganidan keyin, 12 oktabr kuni bankdan kredit olib, 85 foiz to‘lovni amalga oshirdim. Ma’lum muddat o‘tganidan keyin, UzAuto Motors'ning rasmiy sahifasida shartnoma berish to‘xtatilgani e’lon qilindi, ammo tuzilgan shartnomalar taqdiri haqida biror joyda rasmiy ma’lumot berilmadi.

Jamshid Baxshillayev: O‘tgan yilning noyabr oyida Captiva-5'ning mijozlarga yetkazib berilmasligi haqida e’lon qilishdi. Bunga sabab sifatida O‘zbekistonning tog‘li mamlakat ekani, ushbu avtomobil iqlim sharoitimizga mos kelmagani keltirib o‘tildi. Keyin avtosalon bilan bog‘landim. Ulardan hozir kuz fasli bo‘lsa, qishni qayerda yaratdinglar, deb so‘radim. Javob bera olishmadi. Umuman, dunyodagi qaysi kompaniya iqlimga moslab avtomobil ishlab chiqaradi? Mana, Dubaydan olib kelingan Captiva-5'larni hech qanday muammosiz haydab yurishibdi, dvigatelida ham hech qanday muammosi yo‘q.

Jamshid Baxshillayev

Avtosalonga shartnoma tuzish uchun borganimda, yangilangan o‘zbek modelidagi Captiva'ning Dubayda sotilayotgan modeldan afzalliklari degan prezentatsiya ham ko‘rsatishgandi. Xullas, savollar ko‘p, ammo har doimgiday javob yo‘q.

***

Eng qiziq jihati shundaki, 2021 yil 17 sentabr kuni, ya’ni Captiva-5 uchun shartnomalar berilishi boshlanishidan 11 kun oldin, “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” tomonidan 4 dona Saptiva-5 avtomobili uchun muvofiqlik sertifikati berilgan. Ammo 18-22 oktabr kunlari UzAuto Motors'ning ichki sinovlaridan shartnoma berish allaqachon boshlangan, “Uztest” tomonidan sertifikat ham berilgan Captiva-5 avtomobili shunchaki o‘tolmay qolgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qariyb 30 yildan beri ishlab chiqarilayotgan va zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lmagan Damas avtomobilining ham texnik darajasi, ishonchliligi va xavfsizligi bo‘yicha sinovlar o‘tkazib turilarmikan?

Umuman olib qarasak, kompaniyaning majburiyatni bajarish imkoniyati yo‘q, ishlab chiqarmayapmiz, deyishining o‘zi absurd. Shu paytgacha ham Malibu'dan tortib, Tracker'gacha faqat import qilib kelishardi, qaysi birini o‘zlari ishlab chiqargan, deya e’tiroz bildirmoqda murojaatchilar.

O‘ktam Qahhorov: Ushbu holat yuzasidan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga ariza berdim. Agentlik mening manfaatlarimni himoya qilib, UzAuto Motors'ga so‘rov jo‘natdi, ammo hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmagan javoblarni berishdi. Shundan so‘ng, kompaniyani fuqarolik sudiga berdik. Dastlabki sud joriy yilning 5 avgust kuni bo‘lishi kerak edi, lekin javobgar kelmagani uchun qoldirildi. 17 avgust kuni ham xuddi shu holat yana takrorlanadi. Uchinchi martasida UzAuto Motors'ning yuristi da’vo arizasini qabul qilmaslikni va sudni yana boshqa muddatga qoldirishni so‘radi. To‘rtinchi martasida Qarshi tumanlararo sudi sudyasi men keltirgan dalillarning birortasini inobatga olmadi va da’vo arizamni qanoatlantirmadi.

UzAuto Motors o‘zi tomonidan tayyorlangan ichki xulosasini asos sifatida keltirmoqda. O‘zi ishlab chiqarmagan avtomashinaga “foydalanishga yaroqsiz” degan xulosa beryapti. Aslida ushbu avtomobil Xitoydan import qilinishi kerak edi. Shartnomalar berilishi boshlanishidan avval, “Uztest” tomonidan 2021 yil 17 sentabr kuni Captiva-5 avtomobili uchun muvofiqlik sertifikati berilgan. Unda olib kirilgan 4 dona Captiva avtomashinasi VIN kodlari bilan ko‘rsatilgan.

Jamshid Baxshillayev: Oxiri o‘zim UzAuto Motors'ning koll-markaziga chiqib, ulardan o‘zlari ishlab chiqarayotgan ikkita Lacetti-Gentra berishlarini so‘radim, chunki to‘lagan pulim yetardi. Bu taklifimni qabul qilishmadi. Faqatgina bitta avtomashina beramiz, chunki shartnomada shunday ko‘rsatilgan, deyishdi. Qiziq jihati, avtomashina soniga kelganda shartnoma shartlari ularning esiga kelyapti, ammo o‘sha mashinaning Captiva-5 ekaniga kelganda majburiyatlar eslaridan chiqib qolyapti. UzAuto Motors'da shartnomani bir tomonlama bekor qilish vakolati yo‘q.

Keyin Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasiga ariza berdim. Ular avtosalonga Captiva-5 avtomobilini menga yetkazib berish bo‘yicha ko‘rsatma chiqarib berdi. Belgilangan vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, avtosalon majburiyatni bajarmadi. Shundan so‘ng avtosalon qaror yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining o‘ziga qarshi da’vo bilan chiqdi. Ammo ularning murojaati inobatga olinmadi. O‘z navbatida, avtosalonning ma’muriy sudga kiritgan da’vo arizasi ham qanoatlantirilmadi va sud avtosalonning Captiva-5 yetkazib berish majburiyatini o‘z kuchida qoldirdi.

O‘ktam Qahhorov: 11 oydan beri olgan kreditim uchun 30 mlnga yaqin foiz to‘lovlarini to‘ladim, ammo haligacha mashinani ololmayapman. 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan sudda avtomobil yetkazib berilmayotgani fors-major holati sifatida baholandi. Vaholanki, UzAuto Motors'ning o‘zi bergan shartnomada fors-major holatlar aniq belgilab qo‘yilgan va hozirgi kunda keltirilayotgan sabablar bunga kirmaydi.

Jamshid Baxshillayev: Sudda UzAuto Motors vakillari o‘zining ichki xulosasini taqdim qildi. Ammo u yerdagi vajlar juda ham kulgili. Oynalar parlanganini rasmga olib ko‘rsatishyapti. Vaholanki, issiq-sovuqda barcha avtomashinalar parlanadi. Xulosaga ko‘ra, mashina nosoz deb berilyapti. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, mashinalar import qilinishdan oldin tegishli standartlardan o‘tishi kerak. O‘sha sertifikatga asosan mashina ichki bozorga chiqariladi. Xuddi shunday, UzAuto Motors ham mashinalarni shu tarzda sertifikatdan o‘tkazgan. Hammasi texnik soz mashinalar. Ammo oradan vaqt o‘tib, ular o‘z xulosasini yasab, sudga taqdim qildi va sud buni qabul qildi. Ular buni fors-major deb aytishdi. Ammo fors-major holat ikki tomonga ham bog‘liq bo‘lmagan holat bo‘lishi kerak. Shartnomada qanday holatlar fors-major deb hisoblanishi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan.

Qanday manfaatlar ko‘zlanganini bilmadim, ammo mashinalar yetkazib berilmayapti. Men vakolatli organlardan so‘rab qolardimki, bizning davlat tashkilotlari beradigan sertifikatlar kuchlimi yoki qaysidir tashkilotning ichki xulosalari ustun turadimi? Agar ularning xulosasi ustun tursa, ertaga biz ham o‘z ichki xulosamiz orqali qonunni aylanib o‘tish yo‘llarini izlaymiz. Agar Captiva-5 avtomashinasi talablarga mos bo‘lmasa, 1996 yilda olib kelingan Damas avtomashinasini tekshiruvdan o‘tkazib, xalqqa bir ko‘rsatib beringlar.

O‘ktam Qahhorov: Aslida Xitoyda ishlab chiqarilgan Captiva-5 avtomashinasi dunyoning bir qator davlatlarida hozir ham sotilyapti. Ishlab chiqarishdan olib tashlanmagan. Agar shunday bo‘lganda edi, fors-major holatiga olib kelingan bo‘lar edi. Ammo bugungi kunda bu rusumdagi avtomashina erkin savdolarda sotilmoqda.

Jamshid Baxshillayev: Shaxsiy tajribamdan aytishim mumkinki, ushbu rusumdagi mashinaning dastlabki modellaridan tortib, hozirga qadar faqat yaxshi tomonga o‘zgarib borgan. Zamonaviylashdi. Shunday bo‘lgandan keyin, oxirgi model qanaqasiga yomon bo‘lishi mumkin?

Malibu'ni olib ko‘raylik, bizda birinchi deb sotilgan model aslida sakkizinchi avlod hisoblanadi. Ikki deb sotilayotgani esa Amerikada to‘qqizinchi avlod sifatida ko‘riladi. Bunda ham o‘zgarish faqat yaxshi tomonga qarab borgan. Agar Captiva-5 avtomashinasini yomon deb hisoblashsa, ommaviy axborot vositalari ishtirokida testdan o‘tkazib berishsin.

***

Captiva-5 uchun bir yil oldin pul to‘lab qo‘ygan iste’molchilarning yagona talabi – shartnoma shartlarining bajarilishi. Ular huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlardan qonun ustuvorligini ta’minlab berishni so‘ramoqda.

O‘ktam Qahhorov: Dilerlar bir necha marta o‘z xohishingga ko‘ra ariza yoz va pulingni qaytarib ol, deyishdi. Shunda nima uchun men ariza yozishim kerakligini aytdim. Axir shartnoma shartlarini ular bajarishmayapti. Shunday ekan o‘zlari bankka qaytarishsin va izoh berishsin. Sababi men avtokredit qilganman. Shunday bo‘lgach, bir necha marta shu pulga boshqa turdagi avtomobil berishlarini so‘radim, ammo ular buni rad etishdi.

Oilamiz katta bo‘lgani uchun yetti o‘rinli mashina berishlarini aytdim. Ular menga Damas avtomashinasini olishimni aytishdi. Bu oshkora masxara qilishdek gap: Captiva-5 uchun pul to‘lasak-da, Damas olsak. Bu nima degan gap?

Jamshid Baxshillayev: Biz faqat haq-huquqlarimiz ta’minlanishini istaymiz xolos. Agar bizning huquqlarimiz himoya qilinmasa, bu qonunlar kishilarda norozilik kayfiyatini uyg‘otib qo‘ymaydimi?

O‘ktam Qahhorov: UzAuto Motors'ga bir necha marotaba bordim. Xodimlari ariza yozdirish bo‘yicha bosim o‘tkazishdi. Bunga erisha olishmadi, albatta. Oxirida pulingni ham ololmaysan, mashinadan ham quruq qolasan, degan gaplarni aytishdi. Mana hozir davlatimizda qonun ustuvormi yoki yo‘qligini ko‘rmoqchiman. UzAuto Motors haqida xalqda salbiy fikrlar bo‘lishiga qaramasdan hali ham uning monopoliyasiga chek qo‘yilgani yo‘q. Ular esa iste’molchilar huquqlarini poymol qilishdan to‘xtamayapti.

Jamshid Baxshillayev: Boshqa kompaniyalarda bizning mashinalarimizga raqobatdosh avtomobillar yo‘q deb o‘ylaysizmi? Bor. Nega unda olib kelishmayapti? Shunday bo‘lgach, albatta, buni monopol deymiz. Chetdagi mazkur raqobatdosh mashinalarning kirishiga cheklovlar bor. Bunaqada qanday raqobat bo‘ladi? Qachon rivojlanamiz?

Germaniyaga borsangiz, dunyo tan olgan mashinalarini faxrlanib minishadi. Bizda qachon bunaqa mashinalar ishlab chiqariladi? Chetga chiqqaningizda zamonaviy mashinalarga o‘tirsangiz, uning taklif qilayotgan qulayliklaridan to‘liq foydalana olmasligimizdan uyalib qolamiz. Chunki bu yangiliklardan xabarimiz yo‘q. O‘zbek xalqining sifatli mashina minishga haqqi yo‘qmi?

O‘zbekistonda UzAuto Motors taklif qilayotgan narxlarga xorijda ancha sifatli avtomobil xarid qilishingiz mumkin. Mana bunaqa holatlar bo‘lganidan keyin, kayfiyatingiz tushib ketadi. Agar qonunlar UzAuto Motors uchun taalluqli emas bo‘lsa, pastiga yozib berishsin. Ularning ichki xulosasi davlat tashkilotining xulosasi va sertifikatidan ham ustun deb, oldindan bildirishsin. Xullas, tanlash imkoniyati ham yo‘q.

Biz bir yildan beri sarson bo‘layotgan, sudma sud yurishdan charchagan ikki insonning fikr-mulohazalarini keltirib o‘tdik. Xulosa o‘zingizdan.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Mavzuga oid