O‘zbekiston | 17:18 / 14.11.2024
20080
8 daqiqa o‘qiladi

Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?

Yil boshidan beri elektromobillar importi uchun ketma-ket to‘siqlar yaratib kelinmoqda. Va bu – elektromobillarni mahalliylashtirish boshlangani fonida yuz beryapti. Jismoniy shaxslar nomidan tijorat maqsadida avtomobil olib kirish taqiqlanishi, sertifikatlash narxining oshishi va qiyinlashtirilishi, elektromagnit tekshiruvi kabilarning joriy qilinishi ichki bozorda elektrokar narxlarini sezilarli qimmatlashtirdi.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar potensial ekologik muammolarning oldini olish maqsadida ichki yonuv dvigatellarida ishlaydigan mashinalardan asta-sekin voz kechib, elektr toki bilan quvvatlanadigan avtomobillardan foydalanishga urg‘u beryapti.

Bu borada O‘zbekistonda ham yaxshi tendensiya kuzatildi. Bu xorijdan elektromobil import qilishning arzonlashtirilgani bilan ham bog‘liq edi. Xususan, 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangandi.

2024 yilgacha elektromobil import qilish quyidagi tartibda amalga oshirilib kelinayotgandi:

  • QQS – avtomobil bojxona qiymatidan 12 foiz;
  • utilizatsiya yig‘imi – agar elektromobilning ishlab chiqarilgan muddati 3 yildan oshmagan bo‘lsa, BHMning 30 barobari (11 mln 250 ming so‘m), 3 yildan oshgan bo‘lsa, BHMning 90 barobari (33 mln 750 ming so‘m) miqdorida;
  • bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yig‘im elektromobilning qiymatiga qarab BHMning 1 barobaridan 3,5 barobarigacha (375 ming – 1 mln 312 ming so‘m oralig‘ida).

Xususiy importni cheklash uchun tashlangan qadamlar

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun ijobiy qadamlar tashlamoqda. Shu jihatdan ham bo‘lsa kerak, elektromobil importiga nisbatan tarif cheklovlari kuchaytirilmadi. Ammo joriy yildan boshlab turli xil notarif to‘siqlar bilan yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan olib kirilayotgan elektromobillar importini cheklashga qaratilgan qator qoidalar joriy qilindi.

“O‘zavtosanoat” bundan ikki yil oldin Xitoyning BYD kompaniyasi bilan O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuv tuzgandi. Kelishuv natijasida, 2024 yilning birinchi yarmida Jizzaxda BYD zavodi ishga tushdi. Korxonaning 60 foiz hissasi “O‘zavtosanoat”ga, 40 foizi BYD'ga tegishli bo‘ldi. Zavodda elektromobil va gibrid avtomobillar SKD usulida (yirik uzelli) yig‘ilmoqda.

“O‘zavtosanoat”ning Daewoo, Chevrolet, Man, Isuzu kabi jahon brendlari bilan hamkorligi ichki bozorning tashqi raqobatdan to‘liq uzilishi va iste’molchilarning tanlovdan mahrum qilinishi bilan yakunlangan. Bu safar ham voqealar rivoji xuddi shu yo‘sinda davom etayotgandek.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, import qilingan avtomobillarni faqat ishlab chiqaruvchi korxonaning rasmiy dileri tomonidan sotilishiga oid talab bekor qilingan va bu avtomobil bozorida raqobat muhitini yaxshilashda muhim qadam deb baholangan edi. Ammo shu yilning oxirida bu tartib yana qayta tiklanishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Bunga project.gov.uz portaliga idoralararo kelishuv uchun joylangan hukumat qarori loyihasi asos bo‘ldi. Ushbu qaror qabul qilingani yo qilinmagani noma’lum, lekin aprel oyida o‘nga yaqin avtosalonlar rahbarlari ijtimoiy tarmoqlarda #erkinraqobat va #erkinraqobattarafdorimiz heshteglari ostida ochiq murojaatlar bilan chiqib, avtomobil importi qiyinlashtirilganidan shikoyat qilgandi.

Bu voqealardan oldin, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilib, BYD avtomobillari O‘zbekistonga “tartibsiz” ravishda import qilinayotgani, olib kirilayotgan modellar mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos emasligi, rasmiy kafolati ham yo‘qligini ta’kidlab, BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini cheklashni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Qator davlat idoralariga bu borada takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.

Iyul oyining oxirida ADM Jizzakh zavodi bosh direktori Doniyor Davletiyarov O‘zbekistonga elektromobillar importi uchun boj to‘lovlarini qaytarishni taklif qildi. Uning fikricha, mahalliy bozor “haddan tashqari to‘yingan va qizib ketgan”, shuning uchun jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan avtomobillar importini tartibga solish kerak. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov ham yuqoridagi taklifni “100 foiz” qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

1 noyabrdan boshlab esa, import qilingan avtomobillar bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazila boshlandi. Shuningdek, endilikda yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy qilindi. Tekshiruv narxi benzinda yuradigan avtomobillar uchun 9 mln so‘m, elektromobillar uchun esa salkam 6,3 mln so‘mni tashkil etadi. Bu – chet eldan mashina olib kelgan fuqarolar uchun qo‘shimcha xarajat va ovoragarchilikka sabab bo‘lyapti.

Mahalliy BYD import BYD'dan qimmat

Iyun oyida Jizzaxdagi BYD zavodi direktori Shafqatbek Alimov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD'lar chetdan olib kelinadigan BYD'larga qaraganda arzon bo‘lishini aytgandi. Albatta, Alimov kelasi zamonda gapirgan, aniq muddatlarni aytmagan. Lekin shunisi aniqki, o‘rtadagi farq yo‘qolishi uchun yo import modellar anchaga qimmatlashishi, yoki mahalliy mahsulot narxi keskin arzonlashishi kerak. Amalda voqealar rivoji birinchi kutilma bo‘yicha davom etyapti.

Xususan, BYD Uzbekistan Factory zavodida yig‘ilayotgan Chazor va Song Plus Champion modellarining narxi xususiy tadbirkorlar Xitoydan olib kelayotgan xuddi shu modellar narxidan bir necha 10 mln so‘mga qimmatligicha qolmoqda. O‘tgan vaqt davomida oradagi farq qisqardi, lekin bu qisqarish faqat yangi to‘siqlar sababli import modellarning qimmatlashishi hisobiga bo‘lmoqda.

E’tiborga molik jihati, xususiy tadbirkorlar taklif qilayotgan avtomobil narxiga Xitoydan avtomobilni olib kelish, QQS, utilizatsiya, sertifikatlash va bojxona to‘lovlari ham kiritilgan. BYD'ga esa ishlab chiqarishni tashkil etgani uchun bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan avtomobil import qilish imtiyozi berilgan. Natijada, 2024 yilning dastlabki 6 oyida BYD Uzbekistan Factory 274 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozlaridan bahramand bo‘lgan. Qisqa qilib aytganda, mahalliy bozorda utilizatsiya va boshqa yig‘imlarni to‘lamasdan olib kelinayotgan elektromobillar bu kabi imtiyozlarsiz olib kelinayotgan elektromobillardan qimmat sotilyapti.

Xaridorga sog‘lom raqobat kerak

Raqobat – ishlab chiqaruvchilarda va butun iqtisodiy zanjirda samaradorlikni oshiradi, narxlarni pasaytiradi, iste’molchilarga ko‘proq tanlov imkoniyatini yaratadi. Xususiy importyorlar taklif qilgan raqobat hattoki mahalliy monopol kompaniya UzAuto Motors'ni ham o‘rtacha narx segmentidagi mashinalari uchun chegirma berishga majbur qildi. Kompaniya Onix va Tracker kabi modellarini bo‘lib to‘lashga ham taklif qilib chiqdi. Buni O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan voqea deyish mumkin.

KPMG Uzbekistan xalqaro audit kompaniyasi yaqinda e’lon qilgan hisobotida xorijiy avtomobillarni O‘zbekistonga olib kirishda dvigatel hajmiga qarab, bojxona to‘lovlarining umumiy miqdori ularning qiymatining 70 foizi va undan ko‘prog‘iga yetishi mumkinligini qayd etgan.

Kompaniya bozor rivojlanishidagi to‘siqlar qatoriga murakkab sertifikatlash talablari va yonilg‘i bilan bog‘liq muammolarni ham kiritgan. Va bu to‘siqlar qatori borgan sari kengayib borayotgani xavotirli.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid