O‘zbekiston | 12:00 / 13.10.2022
33893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilmoqchi bo‘lgan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘ldi

30 avgust kuni respublika bojxonachilari Toshkent xalqaro aeroportida 57 dona timsoh bolalari hamda 10 dona buqalamunlarni noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishlarni fosh qilgan edi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Holatga oydinlik kiritilguniga qadar ushbu yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim savdo belgilarini targ‘ib qilishda yovvoyi hayvonlardan, xususan timsoh bolalaridan foydalanilgani sababli jamoatchilikda ushlab qolingan timsoh bolalari begona qo‘llarga chiqib ketgani yuzasidan shubha-gumonlar yuzaga kelgani tufayli Davlat bojxona qo‘mitasi Toshkent hayvonot bog‘ida bo‘lib, jonivorlar holati bilan qiziqdi. 

Timsohchalar hayvonot bog‘i ekspozitsiyasida tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola qilinmoqda. Yovvoyi tabiatdan ajratib olingani sababli timsoh bolalari barchasi ham birdek xonaki sharoitga moslashmagan, ayrimlari mustaqil ravishda oziqlana olmayapti. 

Hamon maxsus karantinda saqlanayotgan buqalamunlar ahvoli ham yaxshi emas. Ular qutida mevalar orasida olib kelingani sababli parvoz vaqtida mevalar ichida siqilib qolib, jiddiy shikast yegan.  

Hozirga kelib 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘lgan. Ular utilizatsiyaga qadar maxsus muzlatkichda saqlanmoqda. 

O‘zbekiston faunasida Nil timsohlari va Yaman buqalamunlari uchramasligi sababli ular mamlakat Qizil kitobida uchramaydi. Ammo, Xalqaro qizil kitobga kiritilgan. 

Shu sababli ham yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan Xalqaro savdo qilish konvensiyasiga muvofiq ushbu jonzotlarni respublikaga olib kirishda CITES maxsus ruxsatnomasi talab etiladi. Ekologiya qo‘mitasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday ruxsatnoma olish uchun murojaat kelib tushmagan. 

Jonivorlar keyingi taqdiri sud hukmiga binoan hal bo‘ladi. Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksi bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Mavzuga oid