Jahon | 22:19 / 13.10.2022
53773
2 daqiqa o‘qiladi

«Yo hazrati xon!» - qozog‘istonlik dehqonlar hokim oldida tiz cho‘kishdi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh odamlar Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Darxon Sotiboldi bilan uchrashuvga kelgani aytilayotgan video keng tarqaldi.

Odamlar oldida turgan kishi: «Bizga hokim emas, xon keldi. Xondan tiz cho‘kib so‘rashimiz kerak. Shuning uchun, ta’zim qiling, hech bo‘lmaganda oldimizga chiqsin», deydi.

Shundan so‘ng 50 ga yaqin kishi, asosan keksalar, ayollar: «Yo hazrati xon!», deb tiz cho‘kadilar.

Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videodagilar Shardara, To‘lebiy, Jyetisoy, Maqtaral va O‘rdabasi tumanlari dehqonlaridir. Ular paxta narxi masalasini hal qilishda yordam so‘rab, hokim huzuriga kelishgan.

«21 sentabr kuni hokim yig‘ilish o‘tkazdi, dehqonlar bilan uchrashdi. Agar paxtani qayta ishlash korxonalari va xaridorlar 1 tonna paxta narxini 180 ming tengega baholagan bo‘lsa, muzokaralar chog‘ida 250 ming tenge qilib tasdiqlandi. Ayni paytda 209 ta paxta qabul qilish punkti va 22 ta paxtani qayta ishlash korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq, bu sohada e’tiborga olish kerak bo‘lgan bir muammo bor — paxtani qayta ishlash korxonalari xususiy bo‘lgani uchun mahalliy ijro hokimiyati organlari aralasha olmaydi», - deyiladi hokimlik xabarida.

Shu bois viloyat hokimligi tomonidan Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligiga paxta yetishtiruvchilarga subsidiyalar ajratish bo‘yicha taklif yuborilgan.

Bundan tashqari, dehqonlar yer bilan bog‘liq muammo yuzasidan ham shikoyat qilishgan. Hokimlik vakillari bunday nizolar sudda hal qilinishi bo‘yicha tushuntirish berishgan.

Hozirda viloyatda vaziyat barqaror, deb qo‘shimcha qildi Turkiston viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Mavzuga oid