O‘zbekiston | 11:33 / 14.10.2022
4536
3 daqiqa o‘qiladi

«Turkiy davlatlar hamkorligi xalqaro munosabatlarning muhim elementiga aylanmoqda» – Eldor Aripov

14 oktabr kuni Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarining tashqi siyosiy tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. O‘zbekiston nomidan Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ushbu hujjatga imzo qo‘ydi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, memorandumlar Toshkentda boshlangan Turkiy davlatlar tashqi siyosiy tadqiqotlar markazlarining TDT maydonida savdo-iqtisodiy kooperatsiya va transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan 8-yig‘ilishi davomida imzolangan.

SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekistonda ilk bor Turkiy davlatlar tahlil markazlari yig‘ilishiga to‘xtalib, bugun turkiy tilli davlatlarning o‘zaro hamkorligi zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimining muhim elementiga aylanayotganiga e’tibor qaratdi.

«Va bu shunchaki so‘zlar emas. Mamlakatlarimiz salmoqli inson kapitaliga ega – bir yuz ellik millionga yaqin kishi. TDT mamlakatlari yalpi ichki mahsuloti 1,2 trillion dollarni tashkil etadi. Bu Osiyo yalpi ichki mahsulotining 5,5 foizidir.

TDT mamlakatlarida sanoatning yillik o‘sish sur’ati o‘rtacha 8-12 foizni tashkil qiladi. TDT ichida katta savdo aylanmasi ham mavjud – yigirma bir mlrd dollar. TDTning yana bir muhim afzalligi shundaki, ushbu Tashkilot bir-biriga yaqin bo‘lgan hamda o‘xshash qadriyatlar va tamoyillarni targ‘ib qiluvchi mamlakatlarni birlashtirgan», - dedi Eldor Aripov.

SMTI direktori shuningdek, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida O‘zbekistonning Turkiy kengash doirasidagi aloqalari izchil kengayayotgani haqida gapirdi.

«Bu haqida faktlar dalolat beradi. 2016 yildan buyon O‘zbekistonning turkiy dunyo davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi uch barobar ortib, to‘qqiz milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston tashqi savdosining yigirma ikki foizi TDT mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Investitsiyaviy hamkorlik ham ulkan sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Oxirgi besh yil ichida Tashkilotga a’zo mamlakatlardan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar deyarli bir yuz o‘n besh barobar o‘sdi.

Barcha ijobiy natijalarga qaramay, erishilgan yutuqlarda to‘xtab qolmaslik muhimligini ham tushunamiz», - deya Eldor Aripovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid