O‘zbekiston | 14:16 / 06.11.2024
2709
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Turkiy davlatlar strategik sherikligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif etdi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi.

Foto: kapital.kz

"Bugun Tashkilotimizning tarixiy hujjati – Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlarimiz o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘pqirrali hamkorlikning yorqin ifodasidir. Aminmanki, biz shu asosda Turkiy dunyoni yanada jipslashtirish, uning mavqeyini oshirish, o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalarimizni chuqurlashtirish, hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga erishamiz", dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston davlatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasidan kelib chiqib, Tashkilotning asosiy shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash tarafdori.

"Biz Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshligi to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif etamiz. O‘ylaymanki, ushbu keng qamrovli hujjatning ishlab chiqilishi tuzilmamiz faoliyatini yanada yuksak siyosiy pog‘onaga ko‘taradi", dedi prezident.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarning tashqi tovar aylanmasida o‘zaro savdo ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Ta’kidlanishicha, eng avvalo, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozim.

"Savdo sohasidagi salohiyatimizni kengaytirishga qaratilgan chuqur tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini o‘tkazish ayni muddao bo‘lar edi.

Kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma dasturini qabul qilishimiz kerak. Bu ustuvor vazifalarni mamlakatlarimizning Bosh vazir o‘rinbosarlari zimmasiga yuklasak, albatta natijasi tezda ko‘rinadi", dedi prezident.

Mavzuga oid