Jahon | 14:29 / 18.10.2022
8363
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi o‘n yil ichida Ukrainaga 350 mlrd yevro yordam berishi mumkin

Scope reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin o‘n yilda YeI Ukrainaga AAA kredit reytingini yo‘qotmasdan 350 milliard yevrogacha yordam berishi mumkin.

Foto: Reuters

Scope reyting agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi urushdan vayron bo‘lgan Ukrainani qayta tiklashni o‘zining yuqori kredit reytingini yo‘qotish xavfisiz moliyalashtirishi mumkin. 18 oktyabr, seshanba kuni Reuters agentligining Scope tadqiqotiga tayanib xabar berishicha, «Yevropa ittifoqi Ukrainani AAA reytingini pasaytirmasdan qayta qurish bo‘yicha tarixiy muammoni hal qilish uchun yuzlab milliard yevro sarflashi mumkin». 

Buning zaruriy sharti Yevropa ittifoqiga imtiyozli kreditor maqomini berishdir, bu Ukraina davlati bankrot bo‘lgan taqdirda ham pulning qaytarilishini kafolatlaydi. 

Scope ekspertlarining fikriga ko‘ra, yaqin o‘n yilda Yevropa ittifoqining Ukrainaga yordami 100 milliard yevrodan oshishi mumkin, hattoki 350 milliard yevrogacha ko‘tarilishi mumkin. Shu tariqa, urushdan keyin infratuzilmani qayta tiklashi kerak bo‘lgan Ukraina, agar Italiya va boshqa YeIga a’zo davlatlar rejalashtirilganidek, 2058 yilgacha Next Generation EU tiklanish fondidan olgan kreditlarini to‘lasa, YeI uchun eng yirik qarzdorga aylanishi mumkin, deyiladi hujjatda. 

«Ukrainani bunday qo‘llab-quvvatlash yevroobligatsiyalar chiqarilishining sezilarli darajada oshishiga olib keladi va Yevropa ittifoqining kapital bozorlarida ishtirokini yanada kuchaytiradi», deydi tadqiqot muallifi Alvis Lennx-Yunus. Shu bilan birga, u xavf va yon ta’sirlarning mavjudligini ta’kidladi. «Yevropa ittifoqi aktivlarining sifati hech bo‘lmaganda Ukrainaning kredit qobiliyati yaxshilanmaguncha yomonlashadi», - deydi tahlilchi. 

Ukrainaning kredit profili Scope tomonidan CC salbiy prognoz bilan baholanyapti, bu nisbatan yuqori defolt xavfini aks ettiradi. Agar bu davlatga 350 milliard yevro ajratilsa, u 40 yil davomida Bryusselga har yili taxminan 10 milliard to‘lashi kerak bo‘ladi, deya ta’kidlanadi hisobotda. 

Mavzuga oid