Yeyskda harbiy samolyot qulashi. Yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi
Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahridagi to‘qqiz qavatli uyga harbiy samolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 13 nafarni tashkil etmoqda, shundan uch nafari bolalar. Harbiy samolyot qulash chog‘ida to‘qqiz qavatli turar joy binosiga tegib o‘tgan. Qutqaruvchilar hududni tozalash ishlarini tongga kelib yakunlashgan.
«FVV ma’lumotiga ko‘ra, Yeyskda samolyot qulagan joy xarobalarida olib borilgan ishlar davomida qurbonlar jasadlari aniqlangan. 18 oktyabr kuni soat 6:00 holatiga ko‘ra halokat qurbonlari soni 13 nafarni tashkil etmoqda, shundan uch nafari bolalar. 19 kishi yaralangan, ularning to‘rt nafari Krasnodar o‘lkasi shifoxonasiga olib ketilgan, qolganlar Yeyskdagi shifoxonada davolanishda davom etmoqda», - deya xabar bergan RF sog‘liqni saqlash vaziri yordamchisi Aleksey Kuznetsov.
Dastlabki xabarlarda qurbonlar soni uch nafar ekani aytilayotgandi. Rossiya FVV matbuot xizmati qidiruv ishlari vaqtida yana 10 kishining jasadi topilganini ma’lum qilgan.
Qidiruv ishlari davomida 68 kishi qutqarilgani, 360 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingani aytilgan.
Seshanba kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Su-34 samolyotining qulashi asosiy sababi sifatida samolyot texnik nosozligi variantini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgan.
«Kuchli portlash bo‘lmagan»
17 oktyabr kuni kechqurun Krasnodar o‘lkasi Yeysk shahrida Su-34 qiruvchi-bombardimonchi samolyoti turar joy massivida ko‘p qavatli uylar hovlisiga qulab tushdi. Samolyot qulash chog‘ida to‘qqiz qavatli uyga tegib ketgan. Mudofaa vazirligi halokatga samolyot dvigatellaridan biri yonib ketgani sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
«Samolyot qulash davomida uyga urilgan, qulagan va atrofga yonilg‘i to‘kilgan. Kuchli portlash kuzatilmagan, chunki atrofdagi qurilishlarning oynalari butun. Hech qanday portlash bo‘lmagan, faqat uy shikastlangan - buning sababi tushunarli», degan jurnalistlarga Yeyskka yetib kelgan Rossiya FVV rahbari Aleksandr Kurenkov.
«Yong‘in yonilg‘i to‘kilishi oqibatida kelib chiqqan», deya tasdiqlaydi vazir.
Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev ham samolyot bortida o‘q-dorilar bo‘lmaganini aytadi.
«O‘q-dorilar portlagani haqida to‘xtaladigan bo‘lsak - internetda nimalarni yozishmaydi! Agar shunga o‘xshash nimadir bo‘lganida uyning yarmi yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lardi», degan Kondratev ushbu uyda yashovchilarga.
Su-34 bortida o‘q-dorilar bo‘lmagani haqidagi bayonot Conflict Intelligence Team tadqiqot guruhi asoschisi Ruslan Leviyev tomonidan shubha ostiga olindi. U aksini aytadi va bunda videoyozuvlarda eshitish mumkin bo‘lgan portlashlar xarakteriga e’tibor qaratadi.
Rossiya mudofaa vazirligi samolyot Janubiy harbiy okrug harbiy aerodromidan o‘quv-mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgani va ko‘tarilish vaqtida halokatga uchraganini ma’lum qilgan.
«Turar joylardan birining hovlisida samolyot yonilg‘isi alanga olgan», deyiladi harbiy idoraning dushanba oqshomida e’lon qilgan press-relizida.
Mudofaa vazirligi ikki uchuvchi ham katapulta qilinganini ma’lum qilgan. Mahalliy aholi ulardan faqat birini tasvirga olgan. U savollarga javoban Su-34 urib tushirilganini inkor etgan.
Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, ayni vaqtda uchuvchilar va aerodrom xodimlari tergovchilar tomonidan so‘roq qilinmoqda.
Qutqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in maydoni 2 ming kv. metr atrofida bo‘lgan. Yagona navbatchi-dispetcherlik xizmati «Interfaks»ga yong‘in to‘qqiz qavatli uyning pod’yezdlaridan birini to‘liq qamrab olgani haqida ma’lum qilgan.
«To‘qqizinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan kvartiralar shiftlari qulab tushdi. Pod’yezd to‘lig‘icha yong‘in ichida qolgan, jami 45 kvartira u yoki bu darajada shikastlangan», - deyiladi o‘t o‘chirish xizmati xabarida.
«Interfaks» xabariga ko‘ra, dushanba kuni soat 22:00 ga kelib yong‘in o‘chirilgan, seshanba kuni soat 4:00 da xarobalarni tozalash ishlari yakunlangan.
BBC muxbiri Pavel Aksenov - Su-34 samolyoti haqida:
«Su-34 - rossiyaliklarning asosiy front bombardimonchi samolyotlaridan biri. Bu ancha yangi samolyot bo‘lsa-da - u 2014 yildayoq armiya uchun foydalanishga berilgan, ammo u - Su-27 qiruvchisining chuqur takomillashtirilgan varianti. U ilk bor Suriyadagi janglarda ishtirok etgan, endi Ukraina bilan urushda qo‘llanmoqda. Bunday bombardimonchilardan bir qanchasi urib tushirilgan.
Shu bilan birga Su-34 harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilmaydi va bungacha ochiq manbalarda undan dengiz aviatsiyasi uchuvchilari mashg‘ulotlarda foydalangani haqida ham xabarlar yo‘q. Bu muhim jihat, chunki Yeyskdagi aerodrom, Qrimdagi Saki aerodromi kabi, birinchi navbatda harbiy dengiz uchuvchilari uchun o‘quv markazi hisoblanadi. Bu yerda Harbiy-dengiz floti dengiz aviatsiyasining 859-parvoz xodimlarini qayta tayyorlash markazi joylashgan.
Yeyskda Rossiya harbiy-dengiz floti qiruvchi samolyotlari uchish va qo‘nish mashqlarini o‘tkazish uchun trenajyor mavjud. Uning uchish-qo‘nish yo‘lagida aviatashuvchi kemalar palubasini yodga soluvchi maxsus tramplin o‘rnatilgan. Ammo bu yerdan boshqa harbiy uchuvchilarni tayyorlash uchun ham foydalanilgan - aerodromda urushdan oldingi davrda olingan fotosuratlarda Tu-134UBL samolyotlarini ko‘rish mumkin, ularda strategik bombardimonchi samolyotlar uchun uchuvchilar tayyorlanadi.
Biroq, tramplin va umuman o‘quv majmuasi aerodromning asosiy uchish-qo‘nish yo‘lagidan alohida joylashgan bo‘lib, undan mashg‘ulotlardan tashqari odatiy vazifalarni bajarishda foydalanishga to‘sqinlik bo‘lmaydi.
Shunga qaramay bu aerodromning joylashuvi uni Ukraina bilan urushga jalb etilgan samolyotlarni joylashtirish uchun qulay bazaga aylantiradi. U Mariupoldan atigi 60 kilometr masofada joylashgan - tom ma’noda Taganrog bo‘g‘ozi ortida. Hozirda shiddatli janglar kechayotgan Baxmutgacha masofa esa 200 kilometrni tashkil etadi.
So‘nggi oylarda ochiq manbalarda Yeyskdagi aviabazadan bombardimonchi samolyotlar parvozi haqida ma’lumotlar qayd etilmagan. Maxar kompaniyasi tomonidan 2022 yilda olingan sun’iy yo‘ldosh sur’atlarida (aniqroq sana ko‘rsatilmagan) aerodromda harbiy-dengiz flotining Il-38, Be-200 samolyotlari, Tu-134UBL va L-39 o‘quv samolyotlari, shuningdek eski Il-62, Il-18 va Tu-154 samolyotlarini ko‘rish mumkin. Bu tasvirlarga qiruvchi yoki bombardimonchi samolyotlar tushmagan.
2021 yilda bu aerodromga suv kemalariga qarshi Tu-142 samolyotlari o‘tkazilgani haqida ma’lumotlar chiqqan, ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ular ham ko‘rinmaydi».
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024