O‘zbekiston | 14:06 / 19.10.2022
24739
8 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prik fermerlari voqeasi: hokim hayfsan oldi, prokuror, IIB va soliq boshliqlari ustidan xizmat tekshiruvi boshlangan

Kun.uz saytida “Ariza yozasan, bo‘lmasa mol-mulkingni musodara qilamiz”. Uchko‘prik fermerlari o‘tgan asrning 30-yillariga tushib qoldi” nomli maqola va video e’lon qilingandi.

Ushbu materialda aks etgan ma’lumotlar bo‘yicha Farg‘ona viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, Kun.uz materialida keltirilgan holatlar yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi:

13 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Uchko‘prik tumanida fermerlar yer ijara shartnomalari bekor qilinishini so‘rab ariza yozishi bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida to‘liq o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:

Uchko‘prik tumanida “Global Textile solution” MChJ paxta-to‘qimachilik tomonidan 2022 yil hosili uchun 187 ta fermer xo‘jaliklari bilan 5720 gektar maydonda 20 ming 300 tonna paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilgan.

Mavjud hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, 17 oktabr holatiga jami 18 ming 121 tonna paxta xomashyosi qabul qilinib, shartnomaviy majburiyat tuman bo‘yicha 89,27 foizga bajarilgan.

Aniqlanishicha, 2022 yil 13 oktabr kuni tuman hokimligi majlislar zaliga shartnoma majburiyatini bajarmagan fermer xo‘jaliklari taklif etilib, shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari tushuntirilgan.

Shu kuni tumandagi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius M.Ergashev tomonidan jami 16 nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlarining tuzilgan yer ijara shartnomalarini o‘z ixtiyorlari bilan bekor qilish haqidagi yozgan arizalari tasdiqlanib, reyestr raqamlari qayd etilgan.

Mazkur arizalar fermer xo‘jaliklari rahbarlarining o‘z xohishlariga asosan 15 oktyabrda ushbu notarius orqali bekor qilinib, reyestrga kiritilgan.

Tumanda 13 oktabr holatiga jami 135 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan bo‘lib, ularning 8 tasi 50 foizdan past, 21 tasi 50-70 foizgacha, 58 tasi 70-90 foizgacha va 48 tasi 90 foizdan yuqori holda majburiyatlarni bajarmagan.

Xususan, hokim sektorida 41 ta, prokuror sektorida 26 ta, IIB sektorida 37 ta, DSI sektorida 31 ta fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosi yetishtirish shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan.

O‘rganish davomida arizalari notarius orqali rasmiylashtirilgan “Dostonbek” (S.Jo‘rayev), “Nihol” (F.Xotamov), “Nurli kelajak” (M.Maxmudov) va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan suhbat qilinib, holat bo‘yicha izoh olinganda barchasi tuman hokimligi majlislar zalida sektor rahbarlari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmasligi oqibatlari tushuntirilganligi, biroq o‘z xohishlari bilan yer ijara shartnomasini bekor qilish haqida ariza yozib berganliklarini, ularni hech kim majbur qilmaganligini, barchasi jahl ustida yozilganligi sababli qayta ariza yozishib, notarius orqali dastlabki ariza bekor qilinganligini ma’lum qilishgan.

Notarius M.Ergashev 13 oktabr kuni 16 nafar fuqarolarning arizalaridagi imzolarni hokimlik binosida alohida xonada qonunchilik mohiyatini tushuntirgan holda shahodatlanganligini, ularni tuman prokurori va boshqalar majburlamaganligini, 15 oktabr kuni ushbu fermerlarning o‘z xohishlari bilan arizalari bekor qilinganligini, bu holatda hech kim bosim o‘tkazmaganligini bayon etdi.

Kun.uz materialida intervyusi keltirilgan “Omad Rahmonbek Mastona” fermer xo‘jaligi rahbari D.Umurzoqova bilan suhbatlashilganda, oktabr oyi davomida paxta bo‘yicha shartnoma rejasini bajarmaganligi uchun sektor rahbari, tuman prokurori O‘.Yo‘lchiyev tomonidan prokuraturaga chaqirtirilib, unga va boshqa fermerlarga belgilangan shartnoma shartlarini bajarmaganlikning huquqiy oqibatlari tushuntirilganligi, ariza yozish talabi qo‘yilmaganligini ma’lum qildi. Kun.uz jurnalisti bilan muloqot chog‘ida ham uni ariza yozishga hech kim majbur qilmaganligini, faqat klaster korxonasi tomonidan paxta xarid narxi kam yozilayotganligini aytganligini bildirdi. D.Umurzoqova o‘rganish davomida o‘zi tomonidan imzolangan shartnomada ko‘rsatilgan 120 tonna paxta topshirish rejasi bajarilganini bildirib, shartnomani qayta ko‘rib chiqishda yordam so‘ragan.

Uning va boshqa fermerlarning shartnoma bo‘yicha e’tirozlari o‘rganilganda, bu borada qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan,

- tuman hokimining paxta yetishtirish va sotish hajmlarini belgilash haqidagi qarorlari va ilovalari ba’zi holatlarda fermer xo‘jaliklari e’tiboriga yetkazilmagan;

- ba’zi holatlarda paxta yetishtirish bo‘yicha hosildorlik ko‘rsatkichlari mutaxassislar xulosalariga asoslanilmagan va yer egalarining fikrlari hisobga olinmagan holda belgilab yuborilgan;

- shartnomalarni rasmiylashtirish va ro‘yxatga olish ishlarining tegishli Nizom talablariga muvofiq yuritishi to‘la ta’minlanmagan;

- shartnoma bo‘yicha kelib chiqqan nizoli holatlar mavsum oxiriga qadar fermerlar kengashi, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi, klaster korxonasi hamda hokimning sohaviy o‘rinbosari tomonidan o‘z vaqtida hal etib borilmagan.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlarining klaster korxonasi tomonidan paxta navlari va sinfi bo‘yicha belgilangan xarid qiymatini pasaytirish va asossiz chegirma qo‘llash haqidagi vajlari esa tasdiqlanmadi. Biroq bu holatda ham paxta xarid narxlari, belgilangan standartlarga muvofiq namlik va ifloslik uchun chegirmalar, tola sifati bo‘yicha ustamalar qo‘llashga doir qonun hujjatlari talablari ba’zi fermer xo‘jaliklari rahbarlari e’tiboriga to‘la yetkazilmagani aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar tumanda fermer xo‘jaliklarining ijtimoiy tarmoqlar orqali noroziligiga sabab bo‘lgan.

Fermerlarning mahalliy hokimlik, davlat organlari hamda klaster korxonasiga nisbatan ishonchsizligiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida bartaraf etib borish chorasini ko‘rmagan tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari D.Qurbonov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari M.Rahmonov, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashi huquqiy masalalar va shartnomaviy munosabatlar guruhi mutaxassisi Y.Mamatqulovlar intizomiy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmay fermerlarning noroziligiga sababchi bo‘lgan tuman hokimi Asqarov Abror Qambarovichga nisbatan “hayfsan” jazosi e’lon qilindi.

Qolgan sektor rahbarlari - tuman prokurori Yo‘lchiyev O‘ktamali Qodiraliyevich, tuman IIB boshlig‘i Sotiboldiyev Akmaljon Rahmatovich va tuman DSI boshlig‘i Ahmadaliyev Usmonali Xaydaraliyevichlarning xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi. Ularning xatti-harakatiga xizmat tekshiruvi natijasi bo‘yicha qonuniy baho beriladi.

Kun.uz saytidagi materialda yer maydonlarini hokimlik zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi arizalarni olish topshirig‘i viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Bosh vazirning sohaga mas’ul o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevlardan bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi iddao to‘la asossiz ekani bildiriladi.

Materialda keltirilgan asosiy iddaolar – Uchko‘prikda fermerlar binoga qamab qo‘yilib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan arizalarga qo‘rqitib qo‘l qo‘ydirilgani, mol-mulkini musodara qilish bilan tahdid qilinib, yerni topshirishga majburlangani o‘rganish davomida o‘z tasdig‘ini topmagani ma’lum qilinadi. 

Mavzuga oid