O‘zbekiston | 09:55 / 21.10.2022
25189
11 daqiqa o‘qiladi

Captiva-5 mojarosi: UzAuto Motors “texnik jihatdan nosoz” avtomobilga 1 oy davomida shartnoma berib kelganmi?

Kun.uz puli oldindan to‘langan Captiva-5 avtomobilini bir yildan beri ololmayotgan iste’molchilar – O‘ktam Qahhorov va Jamshid Baxshillayevning murojaatini yoritgan edi. 14 oktyabr kuni bir tarafdan O‘ktam Qahhorov va aksilmonopol organ, ikkinchi tarafdan UzAuto Motors o‘rtasidagi navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, sudda UzAuto Motors tomoni avtomobil yetkazib berilmaganini Captiva-5'ning “O‘zbekiston iqlim sharoitiga to‘g‘ri kelmagani” bilan izohlagan. Bunga asos sifatida esa 2021 yilning 18-22 oktyabr kunlari o‘tkazilgan kompaniyaning ichki sinovlari keltirilmoqda.

Ammo 2021 yil 17 sentabr kuni, ya’ni Captiva-5 uchun shartnomalar berilishi boshlanishidan 11 kun oldin, O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (“O‘ztest” – vakolatli davlat organi) tomonidan 4 dona Captiva-5 avtomobili uchun muvofiqlik sertifikati berilgan.

Sudda jabrlanuvchi O‘.Qahhorov qonunchilik nuqtayi nazardan UzAuto Motors import qilinuvchi avtomobillarning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligi bo‘yicha ichki sinov o‘tkazishga haqqi bor yoki yo‘qligini so‘radi.

UzAuto Motors tomoni har bir ishlab chiqarayotgan mahsuloti bo‘yicha ichki sinov o‘tkazishi shartligi va bunga haqqi borligi, chunki avtomashinaga 3 yil kafolat berishini keltirib o‘tdi. Sudya bu jihatlar qonunchilikdagi qaysi hujjatlar bilan tartibga solinganini so‘radi. Ammo kompaniya vakillari aniq bir qonunchilik hujjatini keltirib o‘ta olmadi va bu ichki istisno holat ekanini aytdi.

Jabrlanuvchi Captiva-5'ning sotuvlari to‘xtatilishini UzAuto Motors ichki isitish tizimida yuzaga kelgan muammolar bilan bog‘layotganini keltirib, bu aniq qanday texnik sabab natijasida yuzaga kelganini so‘radi. Kompaniya vakili bunga avtomobil dvigatelidagi isitish tizimi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lganini aytdi.

O‘.Qahhorovning ta’kidlashicha, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi (sobiq “O‘zstandart”) o‘tkazgan sinovlarda Captiva-5 isitish va sovitish bilan bog‘liq barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.

Jabrlanuvchi Xitoydan import qilinuvchi avtomobilni UzAuto Motors xodimlari necha km masofa bosib o‘tib, sinab ko‘rganini so‘radi. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, 2 ta Captiva-5 avtomashinasi 10 ming km harakatlantirilib, sinovlardan o‘tkazilgan. U sinov kunining aniq qachon boshlangan vaqtini hozir ayta olmasligi, ammo muammoli holatlar 18-22 oktyabr kunlari sovuq ob-havo kuzatilgan paytda aniqlanganini aytdi.

O‘.Qahhorov Captiva-5 O‘zbekiston hududiga 21 sentabr kuni kirib kelganini, 28 kun muddatda sinovlar o‘tkazilayotgan avtomobilning 10 ming km yurishini kompaniya xodimlari qanday ta’minlaganini so‘radi.

UzAuto Motors vakili so‘zlariga ko‘ra, navbatchilik asosida avtomobilni to‘xtovsiz harakatlantirish evaziga qisqa vaqt ichida 10 ming km bosib o‘tilishiga erishilgan. Jabrlanuvchi avtomobil me’yoridan ortiq harakatlangani va zo‘riqish natijasida texnik nuqsonlar kuzatilgandir, deya savol berdi. Kompaniya vakili esa avtomashina 24 soat tinimsiz harakatlantirilmagani, ishlash jarayonida vaqtinchalik dam olish rejimi borligini bildirdi.

O‘.Qahhorov UzAuto Motors uchun o‘zlarining ichki sinovlari asosiy prioritet ekan, unda nimaga “O‘ztest”dan muvofiqlik sertifikati olishdi, deya savol berdi. Kompaniya vakiliga ko‘ra, xorijdan avtomobil import qilish uchun sertifikat olish shart.

Jabrlanuvchi UzAuto Motors 18-22 oktyabr kunlari Captiva-5 bilan texnik muammolar kuzatilganini aniqlagan bo‘lsa, nimaga iste’molchilarga yana bir oy davomida shartnoma berishda davom etdi, deya savol berdi. Kompaniya vakili so‘zlariga ko‘ra, muammoli holatlar kuzatila boshlaganidan keyin, ular xorijiy hamkorlari bilan bog‘lanib, muzokara o‘tkazishgan.

O‘.Qahhorov Captiva-5'ning O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri kelmasligi haqidagi xulosaga hech qanday rasmiy sana qo‘yilmaganiga, ichki ro‘yxatda ham registratsiyadan o‘tkazilmaganiga e’tibor qaratdi. Jabrlanuvchi bu xulosa oktyabr oyida tayyorlanganiga ishonmasligi, sud boshlanganidan keyin qilinganiga ishora qildi. UzAuto Motors yuristi bu xulosa boshqa hujjat bilan tasdiqlangani, chunki orada amerikalik hamkorlari bilan yozishmalar olib borilganini keltirib o‘tdi.

O‘.Qahhorov tomonidan Texnik jihatdan tartibga solish agentligining xulosasi asosli yoki asosli emasligi so‘raldi. Kompaniya yuristi mas’ul tashkilot tomonidan berilgan xulosani tan olishini aytdi. Da’vogar taraf aynan ushbu xulosada Captiva-5'ning isitish va sovitish tizimi bilan hech qanday muammolar yo‘qligi keltirib o‘tilganiga urg‘u berdi.

Sud majlisi qo‘shimcha materiallarni o‘rganib chiqish maqsadida 2022 yil 24 oktyabrga qoldirildi.

“Mashinaning yaroqli yoki yaroqli emasligi – shartnoma tuzilishidan oldin hal qilinadigan masala”

Kamoliddin Bahavadinov, advokat, avtobloger:

— Men ham mana shu sud jarayonida bevosita kuzatuvchi, qolaversa, bir huquqshunos sifatida ishtirok etib, quyidagi xulosalarga keldim. O‘zbekiston Respublikasida ma’lum bir mahsulotning importi yoki uni hayotga tatbiq etishdan avval sinov o‘tkazadigan va sinov natijasiga ko‘ra, xulosa beradigan tashkilot bor. Bu – “O‘ztest” davlat unitar korxonasi. Aynan uning bergan xulosasiga asosan mahsulot yaroqli yoki yaroqsiz deb topiladi. Bu holatda ham Captiva-5 uchun yaroqlilik xulosasi ijobiy. Barcha band bo‘yicha sinov muvaffaqiyatli o‘tdi degan xulosa berilgan.

Agar har bitta korxonaga ichki sinov o‘tkazish va xulosa berish vakolati beriladigan bo‘lsa, unda davlat tomonidan maxsus ekspertiza o‘tkazish markazlarini tashkil etishdan maqsad nima? Ochig‘i, bu biroz mantiqsiz. O‘ylaymanki, sud bunga tegishli bahoni beradi. Hech qaysi korxona ichki sinoviga tayanib, ma’lum bir mahsulotni qabul qilish yoki yetkazib berishni rad etishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasida bu jihatlarni tartibga soladigan qonunchilik va tegishli xulosani beradigan rasmiy idora bor. Agarda bu korxonaning xulosasi kerak bo‘lmaganda, tadbirkor yoki ishlab chiqaruvchi ularga murojaat qilmagan bo‘lar edi. Bugungi sud jarayonida davlat tashkilotining xulosasi tan olindi. Umid qilamanki, qolgan jihatlarga ham sud o‘zining huquqiy bahosini beradi.

Bu masalaning nizoli tomonini ko‘rmadim. Mashinaning yaroqli yoki yaroqli emasligi – shartnoma tuzib, haq olishdan oldin kun tartibiga qo‘yiladigan masala aslida. Pulini olib, mahsulot yetkazib berish uchun barcha muddatlar o‘tib ketgandan keyingina avtomashina yaroqli yoki yaroqsiz ekanligining muhokama qilinishi – mutlaqo noto‘g‘ri narsa.

Bu tez orada o‘z yechimini topadi deb umid qilaman. Mahsulot ham egasiga yetkazib beriladi deb o‘ylayman. Agar bu ish yechimini topmasa, ertaga bu muammo bizning ham boshimizga tushishi mumkin. Shuning uchun ham bu sud jarayoni juda katta ahamiyat kasb etadi.

“Agar kamchilik oktyabrda aniqlangan bo‘lsa, nima uchun noyabrda ham to‘lov qabul qilindi?”

O‘ktam Qahhorov, jabrlanuvchi:

— UzAuto Motors vakilining sudda aytishicha, Captiva-5'dagi “kamchilik” haqida 18 oktyabrda xabar topishibdi. Lekin shartnomalar berish 20 noyabrgacha davom etdi. Agar kamchilik oktyabrda aniqlangan bo‘lsa, nima uchun noyabrda ham to‘lov qabul qilindi?

Fuqarolik kodekslarida keltirilgan 10 dan ortiq bandlarni nazar-pisand qilmasdan, o‘zlarining eski sanalar bilan tayyorlangan soxta xulosalarini Fuqarolik kodeksidan ham, Vazirlar Mahkamasining qarorlaridan ham ustun qo‘ymoqda. O‘ylaymanki, hali adolat yo‘q bo‘lib ketmagan. Bir iste’molchi sifatida sud tizimi mening manfaatlarimni adolatli himoya qilishiga ishonaman.

“Ichki xulosalarga ko‘ra ish yuritilaversa, firibgarlik ko‘payib ketadi”

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

—Birinchi sud jarayonining qaroridan keyin murojaat bo‘lgan, shundan so‘ng, Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga deputatlik so‘rovini jo‘natganman va unga javob oldik. Ko‘rinib turibdiki, avtomobilni O‘zbekiston iqlim sharoitlarida sinovdan o‘tkazishning o‘z egasi bor. Bu akkreditatsiyadan o‘tgan tashkilotlar bo‘lishi mumkin va UzAuto Motors bu tashkilotlar ro‘yxatida yo‘q. Korxonaning o‘zicha sinov o‘tkazib, mahsulotlarni mijozlarga yetkazib berishni kechiktirish vakolatlari yo‘q ekan. Biz bunga oydinlik kiritib oldik. Bugungi sudda eng ko‘p vaqt shunga ketib qoldi.

Sinovlar bo‘yicha ham shubhali savollar ko‘p bo‘ldi. Bir oy muddat ichida 10 ming km yurilgani aytildi. Albatta, bu qisqa muddatda 10 ming km bosib o‘tishga majbur qilib ishlatadigan bo‘lsa, istalgan mashinaning motori qizishi va issiqlik chiqarishi tabiiy hol. Agar bundan kelib chiqadigan bo‘lsa, sinovdan atayin o‘tkazmaslik uchun to‘xtovsiz haydaldimi degan gumon ham kelib chiqadi-da.

Biz faqat sudlardan jur’atliroq bo‘lishni, O‘zbekistonda fuqarolar manfaatlari yuzasidan ishlab chiqarilayotgan qonunlarda ham tenglik nuqtayi nazaridan yondashishlarini so‘rab qolamiz. Agar bosim va boshqa sabablar bo‘lmasa, bu yerda iste’molchi manfaatlaridan kelib chiqib, qaror chiqariladi. Shaxsan mening bunga shubham yo‘q. Qonun iste’molchi manfaati tomonda. Agar ichki xulosalarga ko‘ra ish yuritilaversa, firibgarlik ko‘payib ketadi.

Kompaniyaning oddiy xodimlarida ayb yo‘q. Biz boshqaruvda o‘tirganlarning iste’molchi manfaatlariga ko‘ra qaror qabul qilmasliklariga o‘rganib ham qoldik. Ulardan umid qilib bo‘lmasligini vaqt ham ko‘rsatyapti. Agar qonun ijrochilari majbur qilib, ularning jilovidan tutmasa, o‘zlari iste’molchiga yon bosishi dargumon. Agar ular iste’molchini o‘ylaganida avtomobillarni magnitofonsiz chiqarish kabi yuzsizlikka bormagan bo‘lishar edi.

Kun.uz mazkur sud jarayonlarini kuzatishda davom etadi.

Doston Ahrorov,
Javohir G‘ayratov,
Kun.uz

Mavzuga oid