O‘zbekiston | 14:24 / 21.10.2022
12652
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim” - Shavkat Mirziyoyev

Prezident 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Avvalo, Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘tabardir.

Qadim turkiy tilimizni ilk bor ilmiy asosda tadqiq etgan buyuk alloma Mahmud Koshg‘ariyning: “Erdam boshi tildur”, ya’ni “Barcha ezguliklar tildan boshlanur”, degan so‘zlarida teran haqiqat mujassam. Darhaqiqat, odamzot qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘jizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir.

Ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy bobomizning: “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, degan dono o‘gitlariga amal qilgan holda, yurtimizda til masalasida olib borilayotgan davlat siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini oshirish borasida yangi bosqich boshlandi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Xususan, 21 oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangani unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Ushbu yo‘nalishda 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilmoqda.

Bu haqda gapirganda, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targ‘ibot materiallarini davlat tilida e’lon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha aniq talablar belgilanganini ta’kidlash lozim.

Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markazda va joylarda davlat tilini o‘rgatish kurslari ish olib bormoqda.

Qisqa vaqt ichida besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, o‘ndan ortiq sohaga oid atamalar lug‘atlari, o‘ttiz jildlik “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.

Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plam nashrdan chiqayotgani, faol va iste’dodli yoshlarimizning sa’y-harakatlari bilan internet tarmog‘idagi o‘zbekcha ma’lumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.

O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonmoqda. Iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.

Xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Ko‘plab mamlakatlarda bu go‘zal va jozibali til katta ishtiyoq bilan o‘rganilmoqda.

Ayni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Biz bu yo‘nalishda olib borayotgan ishlarimizni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.

Hurmatli do‘stlar!

Hammamizga ayonki, ko‘p millatli xalqimizni yuksak ma’rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir.

Shu bois, Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.

Bugungi kunda yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish hayotiy zaruratga aylangan.

Bu borada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon Internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.

Shu ma’noda, XX asr boshida yashab ijod qilgan, o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan bebaho lug‘at kitobini yaratgan ma’rifatparvar bobomiz Ishoqxon Ibratning: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, degan hikmatli so‘zlari biz uchun muhim dasturilamal, hayot yo‘limizni yoritadigan mayoq bo‘lib xizmat qilishi kerak.

Fursatdan foydalanib, milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha fidoyi vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman.

Aziz yurtdoshlar!

Sizlarni yana bir bor O‘zbek tili bayrami bilan samimiy qutlab, barchangizga mustahkam salomatlik, oilangizga qut-baraka, tinchlik va omonlik tilayman.

Ona tilimizning so‘nmas ziyosi ongu tafakkurimiz, qalblarimizni hamisha yoritib tursin!

Mavzuga oid