O‘zbekiston | 12:55 / 22.10.2022
8448
2 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar olib kelgan startaplar saviyasi bir necha barobarga oshgan” – Ibrohim Abdurahmonov

Innovatsion g‘oyalar haftaligi an’anaviy tarzda 4-yil o‘tkazilmoqda. Haftalikda bu yil 21 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashib, 42,3 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan.

Ibrohim Abdurahmonov

21 oktyabr kuni “InnoWeek.uz - 2022» xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov haftalik natijalari haqida ma’lumot berdi.

“Bu yil haftalikni «Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar» shiori ostida o‘tkazdik. Tadbir 4 yildan beri o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bu yilgisi juda katta masshtabda o‘tdi. Haftalik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 28 ta innovatsion tumanlardan jami 308 turdagi innovatsion mahsulotlar namoyish etildi. Shu bilan birga ishtirokchilar olib kelgan mahsulotlar saviyasi ham oldingi yillarnikidan juda yuqori”, – dedi vazir.

Yopilish tadbirida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, haftalik davomida jami 21 mingdan ortiq ishtirokchi, 27 ta mamlakat hamda xalqaro tashkilotlardan 150dan ortiq (Germaniya, Belarus, Turkiya, Eron, Janubiy Koreya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Hindiston, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Xitoy va Vengriya) mehmon tashrif buyurgan.

Haftalikda 120dan ortiq o‘tkazilgan B2B uchrashuvlarda innovatsion mahsulotlarni xarid qilish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha jami 46,2 mlrd so‘mlik 131ta va 6,6 mln AQSh dollar miqdorida 25ta oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

Mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan 78 mln AQSh dollari miqdoridagi 18ta investitsion shartnoma va 790 ming AQSh dollar miqdoridagi 13ta Hamkorlik memorandumi tuzilgan.

“Ko‘rgazmalar doirasida 20,3 mlrd so‘mlik 36ta shartnoma va 9,4 ming AQSh dollar miqdorida 14ta eksport shartnoma imzolandi. Shuningdek, 32,55 mln AQSh dollar miqdorida 11ta investitsion kelishuvlarga erishildi”, – deyiladi vazirlik bergan ma’lumotda.

Mavzuga oid