O‘zbekiston | 13:51 / 25.10.2022
18644
4 daqiqa o‘qiladi

G‘afur G‘ulom bog‘ining nomi o‘zgarayotgani bo‘yicha izoh berildi

Chilonzor tumanidagi istirohat bog‘iga inglizcha nom berilishi mumkin. Bu haqdagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy qarshi olingach, Kun.uz bog‘ ma’muriyati bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, bog‘ endilikda G‘afur G‘ulom nomidagi Dream Park yoki “Orzular bog‘i” deb ataladi.

Chilonzor tumani hokimligi taqdim etgan videodan kadr

Toshkentdagi G‘afur G‘ulom bog‘ida ta’mirlash ishlari tugatilib, test rejimida faoliyati sinab ko‘rilmoqda. Chilonzor tuman hokimligining ma’lum qilishicha, bog‘ tez kunda Dream Park nomi bilan qayta ochiladi.

Bog‘ning xalq o‘rganib qolgan nomi o‘zgarayotgani, boz ustiga yangi nom inglizcha ekani e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Bog‘ darvozasidan “G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i” degan yozuv olib qo‘yilgan.

“Yuz mingdan ortiq o‘zbekcha so‘z ichidan shu bog‘ga munosib nom topilmabdi. O‘zbekcha nom qo‘ysa yarashmaydi yo zamonaviy ko‘rinmaydi deb o‘ylashgandir, balki. Inglizchalab Dream Park desa modern to‘king bo‘ladi-da, a? Hech qursa, “Orzular bog‘i” de, “Orzu bog‘i” de. Yo‘q, albatta, ajnabiy ot qo‘yilishi kerak. O‘zi hammayoq shunaqa xorijiy nomlarga to‘lib ketyapti. Hech bo‘lmasa, ommaviy maskanlarga o‘zbekcha ot qo‘yinglar, baraka topkurlar”, – deya yozdi Telegram'dagi Orif Tolib kanali muallifi.

Tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bog‘ o‘zbekcha nomlanishini yoqlashgan. Ulardan biri bog‘ni G‘afur G‘ulom asarlarining eng mashhur qahramonlaridan birining sharafiga “Shum bola” deb atashni taklif qilgan.

Kun.uz bog‘ nomining yangilanishi masalasiga aniqlik kiritish uchun bog‘ ma’muriyatiga murojaat qildi. Bog‘ direktori o‘rinbosari Zafar Mirzaulug‘ovning aytishicha, “bog‘ nomi o‘zgarmaydi” va G‘afur G‘ulom nomi saqlanib qoladi. Faqat yoniga Dream Park so‘zi qo‘shiladi.

“Orzular bog‘i” degan so‘z qo‘shilib, G‘afur G‘ulom nomidagi Dream Park yoki “Orzular bog‘i” deb ataladi. Nom masalasida bizda juda ko‘p variant bor edi. Masalan, G‘afur G‘ulom yoniga “Shum bola” so‘zini ham qo‘shmoqchi bo‘ldik. Rahbariyat Dream Park nomini tanladi”, – dedi bog‘ direktori o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yil oldin Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga (sobiq Telman bog‘i) Central Park, Milliy bog‘ning bir qismida tashkil etilgan istirohat maskaniga esa Magic City degan nomlar berilgandi.

Chilonzor tumanining asosiy bog‘i bo‘lmish G‘afur G‘ulom parki ta’mirlash ishlari uchun 2019 yil mart oyida yopilgan edi. Natijada oxirgi uch yildagi yoz mavsumlarida shahar aholisi bog‘dan foydalana olmadi.

Park “BMP Smart Decision Private Limited” xorij kompaniyasiga (egasi o‘zbekistonlik) 49 yilga ijaraga berilgan. Kompaniya bog‘ni to‘liq rekonstruksiya qildi. Kecha, 24 oktyabr kuni Chilonzor tumani hokimligi rekonstruksiya yakunlanganini ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, ta’mirlash ishlari davomida bog‘dagi daraxtlar “to‘liq saqlab qolingan”; piyodalar yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun attraksionlar kamaytirilgan; bog‘ barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylardan tozalangan.

Shuningdek, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirilgan; 2ta ko‘l ham ta’mirlanib, atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratilgan. Ko‘llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinib, ikkinchi ko‘l esa o‘rdaklar uchun ajratilgan.

Mavzuga oid