Jamiyat | 22:14 / 26.10.2022
35465
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlarni himoyalashga oid qonun loyihasi “3 yoshga to‘ldi”. Uni kim o‘tkazmayapti?

Jurnalistlar faoliyatiga qarshilik qilganlik uchun javobgarlik belgilashga oid qonun loyihasi ishlab chiqilganiga 3 yildan oshdi. Bu hujjat nega qabul qilinmayotgani haqidagi savolga Senat va AOKA rasmiylari javob bera olmadi. Jurnalistlar uyushmasi raisi konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan keyin jurnalistlarga to‘sqinlik qilish MJtK emas, Jinoyat kodeksiga kiritilishiga umid bildirdi.

26 oktyabr kuni Oliy Majlis Senati binosida O‘zbekistonda so‘z erkinligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi 2019 yilda ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani, lekin shundan beri o‘tgan 3 yil ichida bu loyiha yo‘qolib qolgani haqida so‘radi.

Savol yuzasidan dastlab Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev izoh berdi.

Farhod Boqiyev

“1997 yilda O‘zbekistonda “Jurnalistik faoliyat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Qonunning 14-moddasida jurnalistning materiallari va zarur texnikalarini g‘ayriqonuniy tarzda olib qo‘yish, sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Lekin amaliyotda uni qaysi shaklda javobgarlikka tortish masalasi ochiq qolgan. Shu ma’noda fikrlaringiz to‘g‘ri.

O‘zbekistonda bugun OAV faoliyati to‘laqonli yuritilishi borasida siyosiy iroda bor. Buni davlatimiz rahbari doim ta’kidlab kelmoqda. Bugungi kunda shuningdek, keng jamoatchilik takliflari bilan Konstitutsiyamizning 67-moddasiga shu mazmundagi bandlar kiritilmoqda.

Jumladan, ushbu moddada ommaviy axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilishi yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda.

Ya’ni bu masala konstitutsiya darajasida belgilanishi keyingi qadam sifatida javobgarlik masalasi qonunchilikda ham aks etishini bildiradi.

Shuningdek, siz bu masalani ko‘tararkansiz, bir narsani aytishim kerak, Senat qonunlarni Qonunchilik palatasi tasdiqlagandan keyin qabul qilib oladi”, – dedi u.

Senator javobidan keyin jurnalist bu masalada AOKAdan ham ko‘p bor izoh so‘ralgani va ayrim organlar loyihani o‘tkazmayapti mazmunida javob olganini aytib, AOKA mas’ulidan ushbu organlar nomini ochiq aytishni so‘radi. Ammo agentlik vakili Abdumutallib O‘ktamov bu masalada fikr bildirish uning vakolatiga kirmasligi, bu masala bilan norma ijodkorligi bo‘limi shug‘ullanishini bildirdi.

Shundan keyin savol-javobga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov qo‘shildi va Konstitutsiyaga yangi norma kiritilishi bilan javobgarlik masalasi ham hal bo‘lishini bildirdi.

Olimjon O‘sarov

“Bu masala 2019 yilda prezident ma’ruzasida ham aytilgan va unga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas’ul qilib belgilangan edi. Bu normaning mas’uli – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi. Biz bu masalada bir necha bor chiqishlar, murojaatlar qildik. Lekin afsuski, o‘zgartirish kiritilgani yo‘q.

Oxirgi o‘zgarishlar bo‘yicha shuni ayta olamanki, bugun Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari, xususan, Rasul Kusherbayev ayni shu moddani Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga emas, Jinoyat kodeksiga o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorladi. Biz loyihani qo‘llab-quvvatlashimiz bo‘yicha takliflarimizni Qonunchilik palatasiga yuborganmiz”, – dedi Olimjon O‘sarov. 

Mavzuga oid