Sport | 13:07 / 26.10.2022
37661
18 daqiqa o‘qiladi

Parijda 9 gol urildi, «Real»da ilk mag‘lubiyat. YeChL guruhlaridagi vaziyat

Seshanba oqshomida YeChLning guruh bosqichi 5-turi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarning aksari yorqin kechdi.

Foto: Squawka Football

H guruhi

«Park de Prens»dagi shou

PSJ — Makkabi Hayfa 7:2
Gollar: Messi (19, 45), Mbappe (32, 64), Neymar (35), Goldberg (67, avtogol),  Soler (84) — Sek (38, 50).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Ramos, Markinos (Kimpembe, 79), Bernat, Sanshesh (Soler, 68), Ruis (Sarabiya, 83), Vitinya (Zair-Emeri, 79), Messi, Neymar, Mbappe (Ekitik, 79). 
Makkabi H – Koen, Batubinsika, Goldberg, Sek, Kornyu (Menahem, 70), Lavi, Abu-Fani (Meir, 71), Al Faz (Arad, 83), Sheri, Atsili (David, 65), Perro (Rukavitsa, 83).
Ogohlantirishlar: Sek (26), Neymar (27), Ramos (40), Sheri (47), Atsili (54), Lavi (74).

«Makkabi» Parij ko‘chalarida ancha shovqin-suron ko‘tarishdi, isroilliklarning fayyer-shousi o‘yin boshlanishi bir necha daqiqaga kechikishiga sabab bo‘ldi, ammo maydonda Hayfadan kelgan jamoa emas, maydon egalari bayram qilishdi. «PSJ» yulduzlari pley-offga chiqish o‘yinini haqiqiy shouga aylantirishdi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalariga bori Messi Neymarning uzatmasidan keyin butsasining tashqi qismi bilan zarba yo‘llab hisobni ochdi — u kuchli beshlikda bu mavsumda kamida 10 ta gol urgan va 10 ta asist amalga oshirgan ilk futbolchiga aylandi. Keyin esa Mbappe to‘pni uzoq burchakka yo‘lladi, bu hujum davomida Neymar rabona uslubida pas uzatdi. Braziliyalikning o‘zi esa Messining yordamida hisobni yiriklashtirdi, shundan keyin biroz bo‘shashgan mezbonlar «Makkabi»ga jarima zarbasidan urilgan golni nishonlashga qo‘yib berishdi.

Mehmonlar himoyachisi Sek Parijdagi dublini butun umrga eslab yurishi mumkin, ammo isroilliklar jamoasi himoyachilari shu kecha o‘z ishini uddalay olmadi. Messi yana bir shedevr gol urdi va JCh-2022 turniriga ajoyib formada yo‘l olayotganini ko‘rsatib qo‘ydi. Neymar va Mbappe ham.

Benfika — Yuventus 4:3
Gollar: A.Silva (17), Mariu (28, penalti), R.Silva (35, 50) — Vlahovich (21), Milik (77), Makkenni (79).
Benfika – Vlaxodimos, Ba (Jilberto, 81), Otamendi, A.Silva, Grimaldo, Mariu, R.Silva (Musa, 87), Eursnes, Florentinu, Fernandes, Ramush (Neres, 87). 
Yuventus – Shchensni, Bonuchchi (Sandro, 60), Danilo, Gatti, Kuadrado (Miretti, 60), Kostich (Ayling, 70), Rabo, Lokatelli, Makkenni, Ken (Milik, 46), Vlahovich (Soule, 70).
Ogohlantirishlar: Danilo (62), Fernandes (84).

«Benfika» bu mavsumda «Yuventus»dan kuchliroq va hech qachon bunday darajada o‘ynamagan turinliklar himoyachisi Gattini birinchi golda ayblashdan ma’no yo‘q. Avgustda «burgutlar»ning ikkinchi tarkibida javlon urgan 18 yoshli Antoniu Silva raqibidan yaxshiroq harakatlanib, hisobni ochdi.

Turinliklarning videotakror aralashuvidan keyin hisoblangan goli «Benfika»ning tajribali futbolchilariga motivatsiya berdi, Joau Mariu birinchi davrada Turinda bo‘lgani kabi penaltini a’lo darajada ijro etdi, keyin esa Rafa Silva uchinch gol urishini ta’minladi. Bu fonda «Keksa sinora» ilojsiz holda ko‘rindi, jamoa o‘z tarixida birinchi bor YeChL o‘yinining birinchi bo‘limida uch gol o‘tkazib yubordi.

Bu esa mehmonlardan faqat g‘alaba talab qilingan o‘yin edi! Ammo markaziy himoyachilar uchligi Rafa Silvaning ikkinchi goli urilgan holatdagi kabi harakatlansa, g‘alaba haqida o‘ylashning keragi yo‘q edi. «Benfika» italyanlarga qarshi o‘yinlarda bu kabi gollar yog‘dirmagan, lekin bu o‘yin yanada yirik hisobda yakunlanishi mumkin edi, yana kamida ikki-uch yaqqol golli vaziyat yo‘qqa chiqarildi. «Byankoneri» ham o‘yin oxirida faollashib, hisobni qisqartirishga erishdi, ammo turinliklar poyezdi endi Yevropa Ligasiga yo‘l oladi. Albatta, Massimiliano Allegri jamoasi so‘nggi turda ham boshi berk ko‘chaga kirib qolmasa.

2 noyabr. Yuventus — PSJ, Makkabi H — Benfika.

F guruhi

Germaniyada sensatsiya

Leypsig — Real 3:2
Gollar: Gvardiol (13), Nkunku (18), Verner (81). — Vinisius (44), Rodrigo (90+4, penalti).
Leypsig – Blasvix, Simakan, Orban, Gvardiol, Raum (Diallo, 69), Henriks, Forsberg (Olmo, 69), Shlager, Aydara (Kampl, 84), Soboslai, Silva (Verner, 69), Nkunku. 
Real – Kurtua, Nacho (Alaba, 69), Militao, Ryudiger, Kroos (Azar, 76), Tchuameni, Kamavinga, Vaskes (Karvaxal, 69), Asensio, Vinisius, Rodrigo.
Ogohlantirish: Vaskes (49).

«Real» Benzema, Modrich va Valverdesiz maksimal darajada motivatsiyaga ega bo‘lgan raqibga to‘qnashdi. «Leypsig» ilk daqiqalardan tajovuzkor harakatlandi va haqli ravishda hisobni ochdi - Kurtuaning seyvidan keyin Gvardiol to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi. Asosiysi, nemislar to‘xtash haqida o‘ylamadi va birinchi gol ortidan ikkinchisi urildi — Nkunku kuchli va aniq zarba yo‘lladi. Madridliklar oxirgi bor aprel oyida «Manchester Siti»ga qarshi YeChL yarimfinali doirasidagi o‘yindagina ikki gol o‘tkazib yuborishgandi.

Darvoqe, o‘shanda Karlo Anchelotti jamoasi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, gol urishda raqibdan qolishmagan (3:4) va bu gollar javob o‘yinida asqatgandi. Birinchi bo‘lim oxirida hisobni qisqartirgan Vinisius Junior jamoaning taslim bo‘lmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Faqat Verner o‘yin oxirlarida Yevropaning eng yaxshi jamoasiga uchinchi golni urdi va jamoa mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Ammo «Real» baribir — pley-offda.

Seltik — Shaxtyor 1:1
Gollar: Yakumakis (34) — Mudrik (58).
Seltik – Hart, Yuranovich, Karter-Vikers, Yyens, Teylor, Hakshabanovich (Maeda, 65), O`Rayli, Hatate (Ternbull, 84), Abada (Forrest, 66), Yakumakis, Furuhasi (Muy, 65). 
Shaxtyor – Trubin, Teylor, Matviyenko, Bondar, Mixaylichenko, Mudrik (Petryak, 90), Stepanenko, Sudakov (Krivsov, 90), Bondarenko, Zubkov, Traore (Sikan, 57).
Ogohlantirishlar: Matviyenko (31), Bondar (50), Stepanenko (56), Zubkov (90).

«Seltik»da Chempionlar ligasida uy o‘yinlarida muammolar bo‘lmoqda. Jamoa katta kuch bilan oldinga tashlanmoqda, ammo natija yo‘q. Jamoa so‘nggi o‘rindan ko‘tarilishi uchun faqat g‘alaba talab etilardi.

O‘yinda hisobni ochgan Yakumakis nihoyat muxlislarni xursand qilgandi, ammo ikkinchi bo‘lim boshida «Shaxtyor»ning asosiy yulduzi Mudrik himoyachilar ta’qibidan osonlik bilan qochib ketib, jarima maydoniga kirayotib kuchli zarba berdi va hisobni tenglashtirdi. Ammo Mudrik boshqa bir hujum vaqtida jamoadoshini bo‘sh darvoza qarshisida qoldirganida hisob o‘zgarmay qoldi.

Shu tufayli intriga o‘yin oxiriga qadar saqlanib qoldi, o‘yin yakunlangach esa Glazgo jamoasi bahorda yevrokuboklarda qatnashmasligi uzil-kesil aniq bo‘ldi.

2 noyabr. Real — Seltik, Shaxtyor — Leypsig.

Ye guruhi

Xotirjam «Chelsi» va kuchli «Milan»

Zalsburg — Chelsi 1:2
Gollar: Adamu (49) — Kovachich (23), Haverts (64). 
Zalsburg – Ken, Dedich, Bernardo, Pavlovich, Veber (Ulmer, 78), Zayvald, Kergor, Suchich (Sheshko, 61), Gurna-Duat, Okafor (Shimich, 78), Adamu (Kameri, 82). 
Chelsi – Kepa, Silva, Kukurelya, Chaloba, Pulishich (Aspilikueta, 75), Kovachich (Loftus-Chik, 68), Jorjino, Gallaher (Ziyosh, 88), Haverts, Obameyang (Broya, 75), Sterling (Maunt, 88).
Ogohlantirishlar: Suchich (47), Gallaher (86), Arrisabalaga (90).

Tanaffusga qadar «Zalsburg»ning juda iste’dodli futbolchilari «Chelsi»ga jiddiy muammo tug‘dirish uchun juda yoshlik qilishi ko‘rinib qoldi. Ha, avstriyaliklar «Stemford Brij»da durang o‘ynashgandi, ammo bu Grem Potterning jamoadagi ilk o‘yini edi, shundan beri ko‘klar o‘yinni kuchaytira boshlagan. Agar hatto Obameyang bilan yakkama-yakka vaziyatda jamoani qutqargan darvozabon Ken bo‘lmaganida seshanba oqshomida favorit o‘yin taqdirini birinchi bo‘limdayoq hal qilib qo‘ygan bo‘lardi.

Ammo faqat Kovachichning zarbasi golga aylandi, u jarima maydoniga kirayotib kuchli zarba bilan yuqori burchakni ishg‘ol etdi. Bu gol yetarli emas bo‘lib chiqdi — uchrashuvning ikkinchi bo‘limi Adamning goli bilan boshlandi, yana markaziy himoyachilar uchligida o‘ynagan Kukurelya unga uzatmani o‘qiy olmadi. Bu goldan keyin «Zalsburg» raqibning yana bir xavfli hujumini o‘tkazib yubordi, to‘p faqat darvoza chizig‘idan qaytarildi, londonliklarning uzoq masofalardan zarbalari eng xavfli quroli bo‘lib turdi.

Havers Kovachichnikidan ko‘ra chiroyliroq gol urdi — nemis futbolchisining zarbasi londonliklarga pley-off yo‘llanmasini kafolatladi. Bu kechadagi yana bir yutuq Potterniki bo‘ldi, u «Chelsi» bosh murabbiyligidagi dastlabki to‘qqiz o‘yinini mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Bunga qadar London jamoasida angliyalik mutaxassislar bunday natijaga olis 1906/07 yillar mavsumida erishgandi, o‘shanda ko‘klarni Uilyam Lyuis boshqargan.

Dinamo Zagreb — Milan 0:4
Gollar: Gabbia (39), Leau (49), Jiru (59, penalti), Lyubichich (69, avtogol).
Dinamo Z – Livakovich, Muharrami, Ristovski (Shpikich, 58), Perich, Shutalo, Lyubichich, Ademi (Baturina, 57), Mishich (Bulat, 75), Ivanushets, Orshich (Bochkay, 75), Petkovich (Drmich, 58). 
Milan – Teterushanu, Kalulu, Ker, Gabbia, Ernandes (Ballo-Ture, 70), Binnosir (Pobega, 70), Tonali, de Ketelare (Krunich, 52), Jiru (Origi, 81), Rebich, Leau (Messias, 70).
Ogohlantirishlar: Ademi (43), de Ketelare (46), Lyubichich (58).

Zagrebda turnir jadvalidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda, ancha intrigali o‘yin kutilayotgandi, ammo «Milan» intrigani shafqatsizlarcha yo‘q qildi.

Birinchi bo‘limda kutilmagan qahramon, himoyachi Gabbia Tonalining jarima zarbasidan uzatgan to‘pni darvozaga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda esa barchasini saviyadagi farq hal qildi. Rafael Leau markazdan yorib kirib, ikkinchi golni urdi, keyinroq Rebich tovoni bilan pas uzatdi, to‘pga intilgan Tonali jarima maydonida yiqitildi va penaltini Jiru aniq ijro etdi, o‘yindagi yakuniy hisob Lyubichning avtogoli bilan o‘rnatildi. «Rossoneri» 17 yildan buyon YeChL o‘yinida bu qadar ko‘p gol urmagandi. Endi bir haftadan keyin o‘sha sharafli yillardagi kabi pley-offga chiqish qoldi - nimchorak yo‘llanmasi to‘g‘ridan to‘g‘ri «Zalsburg»ga qarshi o‘zaro o‘yinda hal qilinadi.

2 noyabr. Chelsi — Dinamo Z, Milan — Zalsburg.

G guruhi

«Sevilya» bahorda yevrokuboklarda qatnashadi

Sevilya — Kopenhagen 3:0
Gollar: An-Nosiri (61), Isko (88), Montel (90+2).
Sevilya – Dmitrovich, Montel, Gudel, Markao, Telles, Rakitich, Isko, Jordan, Gomes (Akunya, 77), Suso (Lamela, 55), Dolberg (An-Nosiri 46, Mir 70).
Kopenhagen – Grabara, Yyelert (Sorensen, 81), Xocholava, Lund (Diks, 81), Kristiansen, Klasson, Lerager, Klem (Oskarsson, 81), Yohannesson (Barji, 64), Haraldsson (Kornelius, 72), Darami.
Ogohlantirishlar: Klasson (69), Lamela (72), Montel (78), Sorensen (86).
Chetlatish: Xocholava (90+5).

Seshanba oqshomidagi bu o‘yin arafasida andalusiyaliklar hali pley-off uchun umidini yo‘qotmagandi, parallel uchrashuvda dortmundliklar mag‘lubiyatga uchrasa, ispanlarda so‘nggi tur arafasida nazariy jihatdan bo‘lsa ham imkoniyat saqlanib qolgan bo‘lardi. Ammo bu o‘yin yakunida faqat Yevropa Ligasi pley-offi kafolatlandi. «Sevilya»ning g‘alabasi kutilgan edi, ammo yirik hisob, yumshoq qilib aytganda, aldamchi tasavvur uyg‘otadi. Hisob 0:0 ekanida maydon egalari darvozasin ustun qutqardi, hisob 1:0 ekanida esa — to‘sin jamoa joniga ora kirdi. Va faqat ikki yildan buyon YeChLda gol urmagan Iskoning o‘ziga xos uslubda aylantirib yo‘llagan zarbasidan keyingina daniyaliklar taslim bo‘lishdi.

Borussiya D — Manchester Siti 0:0
Aniq ijro etilmagan penalti: 58, Mahrez
Borussiya D – Kobel, Zyule, Hummels, Shlotterbek, Azar (Volf, 82), Reyna (Papadopulos, 87), Jan, Brandt, Bellingem, Adeyyemi (Malen, 73), Mukoko (Modest, 82). 
Manchester Siti – Ortega, Stounz, Ake, Diash, Kanselu (Akanji, 46), Foden (Grilish, 81), Gundo‘g‘an, Rodri, Mahrez (Palmer, 88), Holand (Silva, 46), Alvares.
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu (7), Alvares (31), Gundo‘g‘an (58), Akanji (72), Hummels (87).

Erling Holandning Dortmundga qaytishini sabrsizlik bilan kutishdi. «Borussiya» bosh murabbiyi Edin Terzich o‘yindan oldingi matbuot anjumanida u va norvegiyalik hujumchi orasida faqat iliq xotiralar borligi hamda butun jamoa futbolchilari sobiq jamoadoshini ko‘rishdan mamnun bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga Terzich «Borussiya» Holand gol urishiga xalal berishini aytib, yonida o‘tirgan darvozabon Gregor Kobelga ishora qildi.

Manchesterda sariq-qoralar Holandni to‘xtatib, uyga ochko bilan qaytishiga bir baxya qolgandi. Norvegiyalik hujumchi faqat 84-daqiqaga kelib gol urgan va «Siti»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minlagandi, ammo «Borussiya» ham o‘shanda yomon o‘ynamagandi. Shu tufayli Dortmundda jamoadan nafaqat Holandni to‘xtatish, balki hech bo‘lmaganda durang o‘ynab, pley-off masalasini hal etish kutilayotgandi.

Terzich chindan ham hayratlantira oldi. Boshlang‘ich tarkib hujumkor edi: Mukoko, Reyna, Torgan Azar, Bellingem, Adeyyemi, Brandt — bunday ijrochilar odatda dunyoning eng yaxshi klubiga qarshi himoyalanishi kerak bo‘lgan jamoaga xos emas. Amalda ham jamoa himoyalandi, «Borussiya» o‘yin vaqtining faqat 30 foizdan ortiq qismida to‘pga egalik qildi va 5-4-1 sxemasida harakatlandi. Ya’ni qanot forvardlari hisoblangan Adeyyemi va Azar o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasida o‘ynadi.

«Borussiya» bu bilan nima ko‘rsatmoqchi edi? Qanot himoyachilari Mene va Gerreyru jarohatda, ammo ularsiz ham zaxirada bu pozitsiyalarda o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilar bor edi.

Nima bo‘lganda ham jamoa gol o‘tkazmaslikni uddaladi. Garchi golsiz durang ko‘proq «Siti» tufayli bo‘ldi. Gvardiola jamoasi 1/8 final yo‘llanmasini naqd qilgani tufayli yetakchilarga dam berishi mumkin edi. De Bryuyne va hatto Ederson zaxirada qoldirildi — «Siti» darvozasida jamoaning 29 yoshli yangi a’zosi Shtefan Ortega debyut qildi. Boshqa yetakchilar — Holand va Kanselu — tanaffusda almashtirildi.

Aytish mumkinki, norvegiyalik futbolchi «Siti»dagi faoliyatidagi eng nursiz bo‘limni o‘tkazdi — u atigi bir bor zarba berdi va u ham himoyachilar tomonidan to‘sildi. Ammo Pep uni yomon o‘yini uchun almashtirmagani aniq. U uchun shanba kuni «Lester»ga qarshi kechadigan o‘yin muhimroq.

Ishtiyoqsiz jamoaga qarshi o‘yinda mezbonlar hech bo‘lmaganda bir ochko olishi talab etilardi. Shunday ham bo‘ldi: «Siti»ga birinchi o‘rinni naqd qilish uchun durang yetarli edi, «Borussiya» esa bunday natija bilan avtomatik ravishda guruhdan chiqardi. Ikki tomonni ham durang qoniqtirishidan betaraf muxlislar jabrlandi: ikki hujumkor jamoa amalda maydonda piyoda o‘ynadi. Futbolchilar golli vaziyatga ega bo‘lishi uchun tezlik olishi kifoya edi. Masalan, birinchi bo‘lim oxirida tezkor hujumni Mukoko gol bilan yakunlashga yaqin kelgandi.

«Siti» ham golga yaqin edi. Ammo Mahrez ikkinchi bo‘limda navbatdagi penaltini aniq ijro etolmadi — Kobel esa Terzich va’da qilganidek, nafaqat 11-metrdan yo‘llangan zarbani, balki boshqa barcha zarbalarni ham qaytardi.

Bu uchrashuvda ikki tomon ham ochkoga haqli edi. Guruhda barchasi ayon: «Siti» — birinchi, «Borussiya» — ikkinchi, «Sevilya» — uchinchi, «Kopenhagen» — to‘rtinchi. Holand esa shunchaki eski do‘stlarini ziyorat qilib, ishdan biroz dam olmoqchi ekanini aytishi mumkin.

2 noyabr. Manchester Siti — Sevilya, Kopenhagen — Borussiya D.

Kun statistikasi

  • «Real» tarixda ilk bor Chempionlar ligasida 18-daqiqadayoq 2 gol o‘tkazib yubordi.
  • Joriy mavsumda «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Riyoz Mahrez 3 bor penalti tepdi, faqat bittasida aniq ijro etdi, YeChLda ikki urinishda ham xatoga yo‘l qo‘ydi.
  • Asosiy yevrokubok o‘yinida 16 yoshu 344 kunligida maydonga tushgan «Kopenhagen» hujumchisi Bardji turnir tarixidagi eng yosh futbolchi bo‘ldi.
  • Messi YeChLda uzoq masofadan yo‘llagan gollari sonini 23 taga yetkazib, bu borada Krishtianu Ronaldudan o‘zib ketdi.

Mavzuga oid