O‘zbekiston | 10:14 / 26.10.2022
23804
13 daqiqa o‘qiladi

“Sumka tekshirishning xavfsizlikka aloqasi yo‘q. Bu faqat teatr” - faollar metroda hazillashgan qizga berilgan jazodan norozi

Toshkent metrosida sumkasida bomba borligi aytilgan qizga 5 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani ko‘pchilikda e’tirozlarni paydo qildi. Faollar bu hodisa tizimning muammosini ko‘rsatgani, dunyoning turli davlatlarida metroga kirishda tekshiruv yo‘qligi haqida yozishmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

22 oktyabrda Toshkent metrosining “Alisher Navoiy” bekatida avtomatik o‘tkazish punktida to‘xtatilgan qiz sumkasini ko‘rsatishni so‘ragan ichki ishlar xodimiga unda bomba borligini aytgani, tekshiruv paytida esa undan portlovchi moslama topilmagani haqida xabar berilgandi.

Sud 19 yashar qizning o‘rinsiz hazilini mayda bezorilik va maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish deb, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Kun.uz voqeaga munosabat bildirgan faollar fikrini jamladi.

“Metroga kirishdagi mirshablar olib tashlansa ham hayot davom etaveradi”

Qobil Xidirov

Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov Twitter’dagi sahifasida, 5 sutka jazo tayinlangan qiz voqeasi tizimning muammosini ko‘rsatib bergani, bu xatoni to‘g‘rilash payti kelganini yozadi.

– Dunyodagi eng samarasiz mirshablik vazifasi bizning metroga kirishdagi mirshablardir. Eng qimmat, eng samarasiz xavfsizlik chorasi, deb bilaman.

Xavfsizlik muhim, lekin samarasiz yo‘l bilan emas. Albatta, shuncha odam bo‘sh o‘tirib, kechagidek holatlarda o‘zlaridan jiddiy tizim yasab oladi.

Agar ertaga metroga kirishdagi barcha mirshablarni olib tashlab, bir yil kutsangiz ham hayot davom etaveradi, metroda xavfsizlik yomon bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun masala ko‘tarilganda, mavjud tizimning xatoligi haqida gapirish o‘rinli deb o‘ylayman. Yana qaysidir xato tizimni tuzatish uchun yana bir xato chora yo‘lini tanlamaslik kerak.

“Qo‘rqoqning kuchi tuvaloqqa yetibdi bo‘lmasligi kerak”

Aziza Qurbonova

Jurnalist Aziza Qurbonova politsiya ishlasa, doim har qanday vaziyatda adolatli ishlashi kerakligini, xavfsizlik faqat bomba emasligini eslatib o‘tgan.

– 7-sinfdan 11-sinfgacha Chilonzor bekatidan to Buyuk ipak yo‘ligacha har kuni ikki mahal metroda qatnaganman. Keyin fakultet va TV o‘rtasida ham bordi-keldim metro orqali bo‘lgan.

Bu 2000-2008 yillardagi gap; u paytda metroda, vagonlarda – hamma yerda hozirgidek reklamalar-u yaltir-yulturlar emas, “Ogoh bo‘ling, ogoh bo‘ling” degan xavotirli yozuvlar yopishtirilgan bo‘lardi.

O‘zimiz ham metro qandaydir o‘ta muhim obektligini his qilardik va har kuni “papkangni och, sumkangni ko‘rsat” degan gap-so‘zni kutmay, tugunimizni ochib ko‘rsatardik.

Allaqaysi yili, kattaroq sinfda o‘qib yurganimda tekshir-tekshirdan zerikib ketibmanmi, har kuni yuzi tanish bo‘lib ketgan militsioner amakiga hazillashibman: “Shu kichkina sumkamning nimasini ko‘rasizlar, bomba olib yurarmidim, turniket qilib qo‘ysa bo‘lmaydimi?”

Militsioner amakining qoshlari chimirilib, “qani bomba deganing uchun ham sumkani och” deb, kitoblarimni varaqlagancha yaxshilab tekshirishni boshlagan. Hatto kundaligimni ochib, kimligim va baholarimni ko‘rgan va keyin indamay o‘tkazib yuborgan. O‘shanda rosa qo‘rqqanman va keyingi safar ortiqcha gapirmay, indamay sumkani ochib ko‘rsatishda davom etganman.

Hatto o‘sha butun mamlakatda “Ogoh bo‘ling!” sharpalari kezib yurganda, tinchlik eng katta ne’mat ekani uqtirilgan zamonda ham meni hech kim 5 sutkaga qamamagan edi…

Bu yerda esa 19 yoshli qiz kayfiyati yaxshiligi uchun hazillashgan ekan… 5 sutka qamoq va 1 BHM jarima berishibdi.

Bunda tizimlilik muhim. Doim shunday haziltushunmas va qat’iyatli politsiya bo‘lsa, hamma bilib muomalasini qiladi. Qo‘rqoqning kuchi tuvaloqqa yetibdi tarzidamas. “Paxtakor” metrosida o‘g‘ri bir qizning sumkasini yulib olib ketganda, o‘sha metro politsiyamizning ishi ham bo‘lmagan. Xavfsizlik bombami faqat? Jarima va qat’iy ogohlantirish bilan bitadigan ish edi. 5 kun ortiqcha.

Ochig‘i, nimadir deyishga hayronman. Albatta, xavfsizlik jiddiy masala. Balki hazillashuvchilar ko‘payib ketmasligi uchun ibrat ko‘rsatmoqchi bo‘lishgandir. Kim bilsin. Qandaydir shu yerda “jazo qonuniy bo‘lishi mumkin, lekin adolatli bo‘lmasligi mumkin” degan gapni xulosa qilgim keldi.

“Sumka tekshirishning xavfsizlikka aloqasi yo‘q”

Farhod Fayzullayev

“Zambarakning o‘qi” Telegram-kanali muallifi 2016 yildan beri Kanadaning Kalgari shahrida doimiy istiqomat qiluvchi Farhod Fayzullayev Yevropa va AQShda shunday holat ro‘y berishi bilan O‘zbekiston metrosidagi tekshiruv holatini taqqoslaydi.

– Yuqoridagi mavzu haqidagi postga turli fikrlar, o‘rinli e’tirozlar bildirildi. Shuning uchun bu mavzuga yana qaytishni lozim deb topdim.

Savol: Kanada/AQSh/Yevropa aeroportlarida bomba bor desangiz qamashmaydimi?

Javob: Qamashi mumkin. Lekin bunda biz kontekstga, tahdid qilingan hudud/inshootga e’tibor qilishimiz kerak. Kontekst juda muhim.

2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng butun dunyoda aeroportlar kuchli nazoratda va ularda hazillarga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, suv omborini, kasalxonani, maktabni portlatish bilan tahdid qilish ham juda salbiy natijaga olib keladi.

Tahdid qilinish vositasi ham muhim. Telefon orqali tahdidga jiddiyroq qaraladi, chunki go‘shak ortida kim turganini bilmaysiz.

Shunday ekan, tahdiddayam tahdid bor. Tahdid qilinayotgan joy, tahdid vositasi juda muhim. Mantiqsiz tekshiruv bo‘layotgan joyda yosh qiz tomonidan hazil qilinishi bilan, erkak kishi aeroportga borib, portlatib yuboraman deyishi orasida katta farq bor. Bu farqni ko‘ra bilish uchun g‘arb politsiyasi o‘qiydi, o‘rganadi, o‘z ustida ishlaydi.

Savol: Xavfsizlik bo‘lmasa, hamma yoq “bardak” bo‘ladi-ku?

Javob: Yana kontekstga bog‘liq. Aeroportlarda xavfsizlik kerak, lekin metroda emas.

Qarang-da, metro ichida odam ko‘pmi, bozorda? Nega bozorlardayam unda sumka tekshirilmaydi? Nega avtobuslarda tekshirilmaydi?

Nega Nyu-York, London, Parij, Almati metrolarida sumka tekshirilmasayam, har kuni portlash bo‘lmaydi? Chunki sumka tekshirish mantiqsizlik. Zamonaviy yo‘llari borki (masalan, kameralar), ular yordamida ham xavfsizlikni ta’minlash mumkin. Sumkalarni tekshirish qanday amalga oshirilishini bilamiz. Olib o‘taman degan odam bemalol olib o‘tadi. Sumka tekshirishning xavfsizlikka aloqasi yo‘q. Bu faqat teatr.

Uchinchidan, aytaylik, qiz noto‘g‘ri ish qildi. Nega u qamaldi? Jamiyatga qanday xavfi bor uning? Nega uning hayotini sindirish kerak? Sud nimaga asoslanib bunday qaror chiqardi. Ko‘raylik qarorni?

To‘rtinchidan, biz butun umr qo‘rquvda yashab katta bo‘ldik. Avval KGB, keyin SNB, hozir boshqalari. Mana shu azaliy qo‘rquv ortidan qullik mentaliteti, “kimdir nazorat qilib turishi kerak” degan tushuncha paydo bo‘lgan. Shu jumladan menda ham.

Sumka tekshirilmasayam, hujjat ko‘rsatilmasayam, hayot davom etaveradi. Hamma yoq portlab ketmaydi. Biz o‘zimizga erkinlik talab qilishimiz kerak, ustimizdan nazoratni emas. Zero, Benjamin Franklin aytganidek, “xavfsizlik evaziga erkinliklaridan voz kechishga tayyor inson erkinlikka ham, xavfsizlikka ham loyiq emas”.

“5 sutka ko‘p”

Dilroz Abrayeva 

Jamoatchilik faollaridan yana biri jurnalist Dilroz Abrayeva o‘z hayotida metrodagi ichki ishlar xodimi bilan bo‘lib o‘tgan voqeani eslab, tayinlangan jazoning og‘irligi, bu o‘rinda qiz bilan profilaktik suhbat o‘tkazib qo‘yib yuborilganda to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlagan.

– 19-20 yoshlardamiz. Metroga tushdik 5-6 qiz. Formali kishi sumkalarimizni tekshirdi. Oramizdagi eng chiroyli dugonamizning hamyondan sal katta sumkachasini uzoq titdi. Bir nimalar deb hazillashdiyam.

Sezilib turibdi maqsadi shu chiroyli qiz bilan uzoqroq gaplashish. Buni aniq dalillab isbotlash qiyin. Lekin buni hammamiz sezib turgandik. Bu orada eheyeye qanchadan qancha katta sumka-paket-qop ko‘targanlar o‘tib ketaverdi.

Dugonamiz gap talashdi va xodim birdan jiddiylashib rahbarini chaqirdi. Ikki formali erkak bo‘ysunmaslik qamoq jazosigacha borishini aytib qo‘rqitdi. O‘sha vaqtda biz uchun kattagina ko‘ngilsizlik bo‘ldi.

Bu rasmda ham sumka razmeri ko‘rinib turibdi. O‘sha vaqtda xizmat vazifasini o‘tayotgan xodim ham, menimcha, hazilnamo nimadir degan bo‘lishi mumkinki, qiz haddi sig‘ib bomba bor devorgan. Bu mening taxminim.

5 sutka ko‘p. “Suhbat o‘tkazildi, tushuntirildi, xatosini angladi, uzr so‘radi”, degan yakun yaxshi edi, albatta.

Kutilmaganda qayta tiklangan tekshiruvlar

Shu yilning yozida Toshkent metrosiga kirish joylarida ichki ishlar xodimlarining nazorat punktlari qayta tiklangani jamoatchilik faollarining e’tiborini tortgandi. Iyul-avgust oylaridan buyon metropolitenning deyarli barcha bekatlariga kirish joylarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarning sumkalarini tekshirib kirgizmoqda.

2018 yil oxirida metroda xavfsizlik va ichki ishlar xodimlarining faoliyati deyarli to‘liq bekor qilingandi. O‘shanda bu haqda rasmiy bayonot bergan IIV matbuot xizmati yil so‘nggiga qadar barcha metro bekatlari ustki qismida ichki ishlar xodimlari xizmati tugatilishi, pastki qismdagi nazorat postlari avvalgiday o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgandi.

IIV kutilmaganda qayta tiklangan ushbu amaliyot haqida oldindan xabar bergani yo‘q. Kun.uz muxbirining savoliga javoban vazirning matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov jo‘yali izoh keltira olmagandi.

«Bu yerda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Xodimlarning bu yerda turish-turmasligi bo‘yicha o‘zgaruvchan grafikka asoslanadi. Keyin bu xodimlarning bu yerda bo‘lmay qolishi shaxsiy tarkibning rotatsiyasi, metroda xavfsizlikni ta’minlashning Toshkent shahar IIBBdan olib IIV tizimiga o‘tkazilgani kabilar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Lekin hech narsa o‘zgarmagan. Oldindan qanday rejalashtirilgan bo‘lsa, pastda ham, tepada ham ish ketyapti», – degan edi u.

«Toshkent metropoliteni» DUK matbuot xizmati rahbari Mirakbar Tolipov bu masalalar bilan IIV shug‘ullanishi, xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlar sonini ular oshirmaganini bildirgandi.

Toshkent metropoliteni ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Oleg Bichenov 2018 yil 21 noyabrda metropolitenga kirishdagi ichki ishlar organlari xodimlari o‘rnini bosqichma-bosqich texnik himoya vositalari egallashini, tashqi va ichki tekshiruv takrorlanmasligi uchun tashqi nazorat to‘liq texnik himoya vositalariga o‘tkazilishini bildirgandi.

«Hozirda sinov tariqasida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rniga texnik himoya vositalari – kuzatuv kameralari, radioaloqa vositalari va signalizatsiyadan foydalanamiz. Texnik vositalar va aloqa vositalari yetarlicha bo‘lganida tashqi va ichki tekshiruv takrorlanmasligi uchun tashqi nazorat to‘liq texnik himoya vositalariga o‘tkaziladi», – degandi u.

Shuningdek, Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Hasanov Gazeta.uz muxbiri bilan suhbatda ichki ishlar organlari xodimlari barcha yo‘lovchilarni jismonan tekshirishga ulgurmasligini tan olgan, ammo profayling (shaxsning psixologik portretini tuzish va niyatlarining samimiyligini aniqlash usullari to‘plami) tufayli bir qancha jinoyatlar fosh etilganini ta’kidlagandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, situatsion-tahlil markazini tashkil etish, «aqlli» videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, xodimlarni zamonaviy radioaloqa vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Biroq mansabdorlarning metropoliten bekatlariga zamonaviy texnik himoya vositalari o‘rnatilishi haqidagi ma’lumotlari quruq va’daligicha qolib ketdi. 

Mavzuga oid