O‘zbekiston | 19:41 / 29.10.2022
9489
7 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro yuk tashuvda elektron ruxsatnoma tizimi joriy etilmoqda

Turkiy davlatlar o‘rtasida xalqaro yuklar multimodal shaklda, ya’ni aralash transport vositalari orqali tashilishi yo‘lga qo‘yiladi. Transport vazirlari Toshkentda o‘tgan yig‘ilishda rasmiylashtiruv jarayonlarini soddalashtirishga kelishib oldi.

Xalqaro forumlar saroyida o‘tgan yig‘ilishdan surat / Foto: Kun.uz

28 oktyabr kuni Toshkentda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu yig‘ilish 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘ladigan Turkiy davlatlar rahbarlarining ilk sammiti oldidan o‘tkazildi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bu yig‘ilish xalqaro yuk tashuvlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“O‘zbekiston iqtisodiyoti shiddat bilan o‘sayotgan vaqtda eksport va import mahsulotlarini yetkazishda bir qancha qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan mamlakatlar mazkur xalqaro yo‘nalish va transport korridorlarida ishtirok etuvchi davlatlar hisoblanadi. O‘zbekistonning yuklari shimolga yoki Yevropa mamlakatlariga qarab tashilayotganda shu mamlakatlarga duch kelishimiz aniq.

Yig‘ilishimizning eng asosiy maqsadi – mana shu transport yo‘laklarini rivojlantirishdir. Ya’ni xalqaro yuk tashuvlarida mazkur davlatlar bir-birining yuklariga nisbatan qulayliklar, ba’zi tariflar doirasida imkoniyatlar yaratish, raqamlashtirish hisobiga chegaralardagi vaqtlarini tejashni ko‘zda tutganmiz. Shuning uchun yig‘ilish doirasida 2 ta hujjatni tayyorlab oldik. Bu hujjatlar 11 noyabrda o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakat rahbarlari darajasida imzolanadi. Bugun biz kerakli kelishuvlarga erishdik, ushbu hujjatlar shunchaki hujjatligicha qolmaydi. Shunga asosan xalqaro yuk tashuvchilarimizga barcha sharoitlarni yaratib berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, – dedi Ilhom Mahkamov.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar bayrog‘i, tadbir ishtirokchilari / Foto: Kun.uz
Ilhom Mahkamov O‘zbekiston transport vaziri / Foto: Kun.uz

Tadbirda tashkilotga a’zo davlatlarning transport vazirlari, temiryo‘llar hamda port logistika rahbarlari ishtirok etib, sohaga oid ikkita muhim hujjatni imzolashdi.

Tadbirdan surat / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi
Tadbirdan surat / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi

Shu ikki hujjatning biri “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risida”gi bitim bo‘lib, unga asosan, mazkur davlatlardan o‘tadigan xalqaro yuklarni multimodal shaklda, ya’ni aralash transport vositalari orqali tashish osonlashadi.

Turli transport vositalari orqali yukni manzilga yetkazish qimmatga tushmaydimi? Logistika xarajatlari oshishi yetkazib berilayotgan mahsulotning ham tannarxi ko‘tarilishiga olib kelmaydimi? Bu savollarga javoban Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatovning aytishicha, yuk tashuvchilar uchun tariflar va chegirmalar bo‘ladi.

“Xalqaro yuk tashuvlar bitimi doirasida yana alohida davlatlar, temiryo‘l administratsiyalari rahbarlari bilan o‘zaro kelishiladigan tariflar bor. Bu tariflar orqali ham mazkur jarayon tartibga solinadi.

Shuningdek, bizning 6 tomonlama kelishuvimiz ham bor. Ya’ni O‘zbekistondan 2019 yilda 5 ta mamlakat temiryo‘l administratsiya rahbarlari bilan kelishgan edi, oltinchi bo‘lib Turkiya qo‘shildi. Bu mamlakatlarning tariflarida 70 foiz miqdorida chegirmalar berilgan. Bu tariflar har yili ko‘rib chiqiladi va keyingi yil uchun tasdiqlanadi. Shuning uchun temiryo‘l rahbarlarining ilk yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerdagi kun tartibi masalalari ichidan ushbu tariflarni ko‘rib chiqish ham o‘rin egallagan”,– dedi markaz direktori.

Yuqorida aytilgan masalalar faqatgina temiryo‘lga taalluqli, multimodal shaklda yuk tashishda esa avto yoki havo yo‘llari transportidan foydalanish ham mumkin.

Tadbirda imzolangan ikkinchi hujjat, ya’ni transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik dasturi asosida birgalikda ishlash kelishib olindi.

Dasturga muvofiq, mamlakatlar o‘rtasida elektron hujjatlar tizimi joriy etilmoqda. Qayd etilishicha, dunyoda hali hech bir davlat aynan xalqaro yuk tashuvlarda elektron ruxsatnoma almashishni yo‘lga qo‘ymagan. Yaqindan boshlab O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ilk marotaba shu ish amalga oshirilmoqda. Endilikda xalqaro yuklar Turkiyaga elektron ruxsatnoma orqali yetkazib beriladi.

Turkiya vakillari bilan lenta kesishdan surat / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi
Turkiya vakillari bilan lenta kesishdan surat / Foto: O‘zbekiston Transport vazirligi

“E-Permit tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ilgari yuk tashuvchi haydovchilar qo‘liga chegaradan o‘tish haqidagi ruxsatnoma qog‘oz shaklida berilar edi. Navbatda turib, tirbandlikda shu qog‘oz shaklidagi ro‘yxatnomalarni ko‘rsatishga to‘g‘ri kelardi. Endilikda bularning barchasi onlayn formatga o‘tkazildi. Chegaralarimizda nihoyatda ko‘p yo‘nalishlarda hujjat almashinuv ishlari mavjud. Biz shularning barchasini raqamlashtirgan holda E-Permit, E-Tir kabi loyihalarni integratsiya qilib kelyapmiz. Xususan, bundan keyin Turkiya bilan ishlashimiz davomida bitta ham qog‘oz ishlatmasdan oldindan xabar berish uslubida ishlashni boshlaymiz. Ya’ni aytmoqchi bo‘lganim, bugungi kundagi tirbandliklarda ishtirok etmasdan, undan o‘tib ketish imkoniyatini yaratishga qadam qo‘ydik”, – deya ta’kidlaydi vazir Ilhom Mahkamov.

“Xalqaro yuk tashuvlarda ruxsatnoma tizimi mavjud. Turkiya bilan O‘zbekiston har yili ruxsatnoma qog‘ozlarini almashadi va shu ruxsatnomada belgilangan kvota asosida yuk tashiladi. Ya’ni mana shu parametrlarda mingta kvota belgilansa, mingta transport vositasi o‘sha davlatga kirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu har bir mamlakat o‘zining mahalliy tashuvchilarini himoya qilish va ichki bozorini rivojlantirish maqsadida olib boradigan transport siyosati hisoblanadi. Albatta, bularning barchasi mamlakatlararo kelishuvlar qilingach, amalga oshiriladi. O‘zbekistonning avtomobil tashuvlari bo‘yicha 30dan ortiq mana shunday xalqaro kelishuvlari bor. Bunda ayrim davlatlar bilan ruxsatnoma tizimi mavjud, ba’zilari bilan esa yo‘q. Masalan, Qozog‘iston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ruxsatnoma tizimisiz ham ishlaymiz, ammo bu davlat tranzit rolini egallasa, bizga ruxsatnoma tizimi kerak bo‘ladi”, – dedi Bekzod Xolmatov.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 8,3 mlrd dollarni tashkil etgan, shundan eksport hajmi 3,1 mlrd dollar, import hajmi 5,3 mlrd dollar bo‘lgan.

Xuddi shu yili mazkur mamlakatlar bilan 27,6 mlrd tonnaga teng yuklar temiryo‘l va avtomobil orqali tashib o‘tilgan.

Mavzuga oid