Jahon | 21:06 / 13.09.2024
8265
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiy davlatlar uchun 34 harfdan iborat umumiy alifbo taqdim etildi

Xalqaro turk akademiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan tuzilgan Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasi 34 harfdan iborat umumiy turk alifbosi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi.

Foto: sabah.com

Ozarboyjonda o‘tkazilgan turkiy davlatlar olimlari yig‘ilishida Xalqaro turk akademiyasi va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tomonidan tuzilgan Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasi 34 harfdan iborat umumiy turk alifbosi bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Sabah.

Qayd etilishicha, 9-11 sentabr kunlari Bokuda Turk dunyosi umumiy alifbo komissiyasining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvning asosiy maqsadi ikki yillik hamkorlikda to‘plangan bilim va tajribadan foydalangan holda turkiy tillar uchun umumiy alifbo modelini ishlab chiqish bo‘lgan.

«Olimlar 1991 yilda taklif etilgan lotin alifbosiga asoslangan «Umumiy turkiy alifbo» loyihasini atroflicha ko‘rib chiqdi. Komissiya a’zolari tomonidan mazkur loyihani takomillashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilinib, zarur xulosalar chiqarildi. Ushbu mashaqqatli mehnat natijasida 34 ta harfdan iborat umumiy turk alifbosi modeli taklifi bo‘yicha kelishuvga erishildi», — deyiladi Xalqaro turk akademiyasi xabarida.

Har bir harf turkiy tillarda uchraydigan turli fonetik tovushni ifodalaydi.

«Ushbu uchrashuvning muvaffaqiyatli yakunlanishini tarixiy lahza deb hisoblash mumkin. Mushtarak turkiy alifbo yo‘nalishidagi ishlarning avj olishi turkiy xalqlarning til merosini asrab-avaylash, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Barcha tegishli muassasalar taklif etilayotgan umumiy turk alifbosi modelini amalga oshirishni faol qo‘llab-quvvatlashga taklif etiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Turk tili va adabiyoti assotsiatsiyasi raisi Ekrem Erdemning qayd etishicha, umumiy turk alifbosi turkiy dunyo uchun muhim qadam hisoblanadi. «Turk alifbosidagi harflar sonining 29 tadan 34 taga oshirilishi Turk dunyosidagi mushtarak so‘zlarimizning jonlanishini ta’minlaydi. Lug‘atlarimiz qayta yoziladi va so‘z zaxiramiz va nihoyat o‘z imkoniyatini namoyon etadi», — deydi u.

Mavzuga oid