O‘zbekiston | 15:42 / 08.07.2024
8918
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya tashqi ishlar vaziri turkiy davlatlarni umumiy alifbo joriy qilishga chaqirdi

“Biz iloji boricha tezroq umumiy alifboga o‘tishimiz kerak”, dedi Hoqon Fidan. U bu yo‘nalishdagi harakatlar uchun Turkiy Davlatlar Tashkilotida alohida tuzilma tashkil etishga chaqirdi.

Shusha sammitida turk delegatsiyasiga Fidan boshchilik qildi. / Foto: Hurriyet

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun turkiy davlatlarda umumiy alifboni joriy etishga chaqirdi, deya xabar bermoqda Hurriyet.

“Global qudrat raqobati geografiyamizga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun saflarimizni kuchaytirib, umumiy farovonlik yo‘lida imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak”, – dedi Fidan 6 iyul kuni Ozarboyjonning Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) sammitida.

Turkiy Davlatlar Tashkiloti – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon va Turkiyadan iborat.

“Biz imkon qadar tezroq umumiy alifboni joriy etishimiz kerak”, – dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Hoqon Fidan bu boradagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida kuchliroq institutsional tuzilma tashkil etishga chaqirdi.

  • Ma’lumot uchun, hozirda Turkiya, Ozarboyjon va O‘zbekiston lotin yozuvi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa kirill yozuviga asoslangan milliy alifbolaridan foydalanmoqda. Qozog‘iston ham lotin yozuviga o‘tishga qaror qilgan, biroq hozircha muddatlar va yangi alifboning yakuniy talqini tasdiqlanmagan.

Turk diplomatiyasi rahbari Shushadagi nutqida TDT doirasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga chaqirdi.

“O‘zaro bog‘lanish, energetika, moliya, savdo, mudofaa sanoati va yangi texnologiyalar kabi sohalarda hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish uchun zaruriy kelishuv asoslarini ishlab chiqishimiz zarur”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Hoqon Fidan global miqyosda turkiy madaniyat va o‘zlik tashabbuslarini qo‘llashga ehtiyoj borligini qayd etdi.

“Chegaralarimizdan tashqarida turkiy madaniyat va o‘zlik bayrog‘ini hilpiratadigan birodarlarimizni tashkilotimiz kun tartibiga qo‘yishimiz kerak”, – dedi Fidan va bu “Bolqon, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va dunyoning boshqa qismlarida yashayotgan vatandoshlarimizning o‘zligini himoya qilish uchun” kerakligini aytdi.

Turkiya TIV rahbari, shuningdek, TDTning ta’sir doirasini kengaytirish uchun jahondagi muhim nuqtalarda tashkilotning bo‘linmalarini ochish va elchilar tayinlashni taklif qildi.

Hoqon Fidan o‘z nutqida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (ShKTR)ni ham eslab o‘tdi. Faqat Turkiya tomonidan tan olingan ShKTR – Turkiy Davlatlar Tashkilotida Vengriya va Turkmaniston bilan birga kuzatuvchi maqomiga ega.

“Barcha birodarlarimiz va opa-singillarimizni Kiprdagi turk xalqini turkiy dunyoning ajralmas bir qismi sifatidagi ajralmas huquqlarini qayta tiklash uchun qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, – dedi u va TDTga a’zo davlatlarni ShKTR bilan savdo aloqalarini kuchaytirishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Shusha shahridagi TDT norasmiy sammitida Turkiya delegatsiyasiga mamlakat tashqi ishlar vaziri rahbarlik qildi. Prezident Rajab-Toyyib Erdo‘g‘an futbol bo‘yicha Yevropa chempionati chorakfinalida Turkiya milliy jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun Berlinga borishi sabab Shushaga safarini bekor qilgandi.

Mavzuga oid