Jahon | 17:52 / 17.12.2024
11019
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: AQSh Suriya chegarasida turk qo‘shinlari to‘planayotganidan xavotirda

Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Turkiya tomoni chegarada qo‘shin to‘plashni boshlagani aytilmoqda. AQSh ular keng ko‘lamli hujumga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Messinis/AFP/Getty Images

AQSh Turkiya hamda uning ittifoqchilari Suriya chegarasi yaqinida qo‘shin to‘playotgani va keng ko‘lamli hujumga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda amerikalik amaldorlarga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

WSJ suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, aholisi asosan kurdlardan iborat Kobani shahri yaqinida to‘plangan kuchlar orasida ko‘ngilli jangchilar, turk maxsus kuchlari va ko‘p sonli artilleriya bor.

Nashrning yozishicha, Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin boshlangan qo‘shin to‘plash jarayoni turk harbiylarining 2019 yil Suriya shimoli-sharqiga uyushtirgan hujumiga o‘xshab ketadi. «Biz bunga diqqatimizni qaratganmiz va vazminlikni talab qilamiz», — deydi WSJ manbasi. Nashrning boshqa bir suhbatdoshiga ko‘ra, Turkiyaning transchegaraviy operatsiyasi «yuz berishi muqarrar».

Suriya kurdlari fuqarolik administratsiyasi amaldori Ilhom Ahmed so‘zlariga ko‘ra, turk harbiy operatsiyasining «sodir bo‘lish ehtimoli mavjud». Bu haqda u AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga ma’lum qilgan va uni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga qo‘shinlarini chegara orqali jo‘natmasligi uchun bosim o‘tkazishga chaqirgan. Ahmed AQShning yangi prezidentiga yo‘llagan maktubida Turkiyaning maqsadi Donald Tramp lavozimga kirishgunga qadar kurd yerlari ustidan «to‘liq nazoratni» o‘rnatish ekanini bildirgan.

Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Suriyadagi kurdlar va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi isyonchi guruhlar o‘rtasida jangovar harakatlar qayta boshlandi. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSh vositachiligida tashkillashtirilgan muzokaralar natija bermadi.

Mavzuga oid