O‘zbekiston | 10:00 / 30.10.2022
15761
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: “Uzbekistan GTL” zavodining ishlab chiqarish quvvati oshirilishi natijasida dizel yonilg‘isi narxi arzonlashtirildi

“Uzbekistan GTL” majmuasida joriy yilning iyun oyidan boshlab sintetik suyuq yonilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Respublika tovar xomashyo birjasi orqali iste’molchilarga har kuni birja savdolari orqali yetkazilmoqda.

Foto: O‘zbekneftgaz

“Uzbekistan GTL” dizeli Yevropa sifat darajasiga javob beradigan zamonaviy va yuqori sifatli yoqilg‘idir.

“Yevro-6 standarti” talablariga to‘liq javob beradigan GTL dizeli O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida mukammal ishlash hamda ekologik xususiyatlarga ega birinchi sintetik yoqilg‘i hisoblanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, “Uzbekistan GTL” zavodi to‘liq ish rejimiga o‘tkazilib, ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirilmoqda, shu jumladan joriy yilning noyabr oyida zavodning ikkinchi navbati ishga tushirilishi hisobiga tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilishi rejalashtirilgan.

Hozirda zavodda o‘rtacha bir kunda 1500 tonna sintetik dizel ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, noyabr oyida zavodning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi hisobiga bir sutkada o‘rtacha 3000 tonnagacha yoqilg‘i ishlab chiqarilishiga yetkaziladi. 

Ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali mahsulot tannarxini pasayishiga erishilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Respublika ichki iste’molchilariga yuqori sifatli va ekologik toza dizel yonilg‘isini yetkazib berishni ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisining ko‘rsatmasiga binoan, joriy yilning 31 oktabr kunidan boshlab Tovar xomashyo birjasi orqali sotuvga qo‘yiladigan sintetik dizel yoqilg‘isining bir tonnasining boshlang‘ich narxi 12 998 420 so‘mgacha arzonlashtirilishi belgilandi.

Kelgusida zavod tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi ortishi natijasida ularning tannarxi va mos ravishda birja savdolariga qo‘yiladigan boshlang‘ich narxlari ham bosqichma-bosqich pasaytirib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu narx arzonlashtirilishi so‘nggi uch oy ichida uchinchisi hisoblanib, avval joriy yilning 29 avgustdan sintetik dizelning 1 tonnasi uchun boshlang‘ich narxi 15 550 500 so‘mdan 14 504 378 so‘mga, so‘ng 13 sentabrdan 13 897 110 so‘mgacha arzonlashtirilgan edi.

Sintetik dizelning boshlang‘ich narxi 1 litr uchun hozirda 9930 so‘mdan birja savdolariga qo‘yilmoqda.

GTL yoqilg‘isining beqiyos tozaligi va uning yuqori samaradorligi texnikaning ishlash va texnik xususiyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

“Uzbekistan GTL” yoqilg‘isi Shveytsariya “SGS” guruhining Belgiya, Estoniya va Fransiyadagi sertifikatlangan markazlarida sinovdan o‘tkazilgan.

GTL dizeli “Yevro-4” va undan yuqori bo‘lgan yonilg‘ida ishlaydigan yengil avtomobillar va yuk mashinalari, shuningdek, mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan gabarit va maxsus dizel yonilg‘ili transport vositalari uchun ideal tarzda mos keladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid