O‘zbekiston | 18:10 / 07.11.2022
29160
5 daqiqa o‘qiladi

«Tabiat fosh qilib qo‘ydi». Iqlimshunos Toshkentdagi suv toshqinlariga «kutilmagan yomg‘ir»ni bahona qilmaslikka chaqirdi

Iqlimshunos Erkin Abdulahatov agar yo‘l qurilishida tartiblar ketma-ketligida ishlar to‘g‘ri bajarilmasa, barpo etilgan infratuzilma birinchi kuchli tabiat hodisasiga dosh bera olmasligini ta’kidlaydi. U mas’ullardan tabiat hodisalarini bahona qilishdan oldin chuqurroq tafakkur qilishni so‘radi.

Foto: Kun.uz

Transport vazirligi vakili Murod Obidov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida poytaxt ko‘chalari nima sababdan suvga g‘arq bo‘layotgani bo‘yicha izoh bergandi. Bunga javoban iqlimshunos Erkin Abdulahatov bunday holatda tabiat hodisalarini bahona qilmaslikka chaqirdi. 

U o‘zining  Telegram-kanalida mas’ulning bunday javobi yuzasidan bir qancha muhim savollarni o‘rtaga tashlagan.

«Mas’ul qaysi argumentlarga asosan bu so‘zni aytgan? «Katta yomg‘irlar» deganda nimani tushunish mumkin? Bu darajada intensiv kuchli yog‘inlar bo‘lmagandi deganimi? Bunga yetarlicha asoslar bormi? Mazkur fikrni aytish uchun ko‘p yillik kuzatuvlar asosida chuqur tahliliy ishlar amalga oshirilganmi? Ma’lumotlar qaysi manbadan olinib, solishtirilgan?» deydi u.

Shuningdek, Abdulahatov bunda yo‘l qurilishidagi ishlar bir necha bosqichlarda ketma-ketlikda to‘g‘ri bajarilmagani, bunga korrupsiya aralashgani sabab ko‘chalarni suv bosayotganini qayd etgan.

«Yo‘l qurilishida shunday qoida bor. Yo‘l qurilishini loyihalashda yo‘lning topos’yomkasi bilan birgalikda birinchi bosqichda "O‘zGAShKLITI" DUKdan joyga ta’sir ko‘rsatadigan iqlimiy holatlar, kuchli shamol, kuchli intensiv yog‘inlar, haroratning yuqori maksimum va minimum qiymatlari, atmosfera bosimi ta’siri va shu bilan bir qatorda joyda o‘tmishda kuzatilgan eng kuchli intensiv yog‘inlar asosida hosil bo‘luvchi suv oqimining miqdoriy qiymati hisob-kitoblari xulosa ko‘rinishida taqdim etiladi. Bu korxonaning gidrologik qidiruv ishlari bo‘limi gidrologlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ikkinchi bosqichda mazkur aniq raqamlar asosida loyiha tashkilotlari yo‘l, ko‘prik qurilishida yuqori aniqlikdagi hisob-kitoblarni amalga oshirib, joyda yig‘ilishi mumkin bo‘lgan suv oqimini xavfsiz talafotsiz o‘tkazib yuborishga qaratilgan drenaj sistemasini (quvur, latok, truba, xandaq, dyuker va hk.) loyihada ko‘rsatib o‘tadi.

Uchinchi bosqichda mukammal ishlab chiqilgan yo‘l-ko‘prik tuzilma loyihalari qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKda malakali mutaxassislar tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, ijobiy ekspertiza xulosasi beriladi.

To‘rtinchi bosqichda ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud loyiha hujjatlari asosida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun qurilish tashkiloti aniqlanadi va u tomonidan loyiha asosida infratuzilma barpo etiladi.

Agarda, hamma tartiblar to‘g‘ri amalga oshgan bo‘lsa-yu, tartiblar ketma-ketligida ishlar to‘g‘ri bajarilmasa, barpo etilgan infratuzilma birinchi kuchli tabiat hodisasiga dosh bera olmaydi. Tabiiyki, bunday vaziyatda qurilish loyihasi yoki qurilish ishlariga korrupsiya aralashgan bo‘ladi va buni tabiat hodisasi fosh qilgan bo‘ladi.

Har doim tabiat hodisalarini bahona qilib ko‘rsatib ketishdan oldin sal chuqurroq tafakkur qilish kerak», – degan u.

Bundan tashqari, iqlimshunos postini yakunlar ekan, Toshkentda oxirgi o‘n yillikda kuzatilgan yog‘inlarning birortasi poytaxt tarixidagi eng intensiv yog‘inlar kuzatilgan o‘tmish davridagi qiymatni bermasligini, undan ancha kam ko‘rsatkichni taqdim etishini eslatgan. Uning aytishicha, hisob-kitoblar oxirgi o‘n yillikdagi yog‘inlar asosida emas, undan ham ko‘p yog‘gan o‘tmish yog‘in ko‘rsatkichi bo‘yicha ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2 noyabr kuni to‘xtamay yog‘gan yomg‘ir shaharning drenaj tizimi qay ahvolda ekanini ko‘rsatib bergan edi. Chinni bozor yaqinidagi ko‘prik, General Uzoqov ko‘chasi va poytaxtning ko‘plab yerosti o‘tish joylariga suv to‘planib, yo‘llarda ko‘llar paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid