Jahon | 22:10 / 15.11.2022
45494
4 daqiqa o‘qiladi

«Urush to‘xtatilishi kerak va mumkin bo‘lgan vaqt keldi». Zelenskiy G20 sammitida chiqish qildi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy videoaloqa orqali Indoneziyadagi sammitga yig‘ilgan G20 davlatlari vakillari bilan muloqot qildi. U Rossiya Ukrainada olib borayotgan urushni to‘xtatishga chaqirdi va 10 banddan iborat «tinchlik formulasi»ni taqdim etdi.

Foto: GOV.UA

«Ishonchim komilki, hozir Rossiyaning vayronkor urushi to‘xtatilishi kerak va mumkin bo‘lgan vaqt keldi. Bu minglab kishilar hayotini saqlab qoladi», dedi Zelenskiy o‘z chiqishida.

U bir necha bor «Katta yigirmatalik» o‘rniga «19 talik guruh» iborasini qo‘lladi va bu orqali Rossiyani istisno etdi.

Zelenskiy sammit ishtirokchilariga 10 banddan iborat bo‘lgan «tinchlik formulasi»ni taqdim etdi. U shunday ko‘rinishda: yadroviy, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta’minlash, barcha asirlarni va Ukrainaning Rossiya hududiga olib ketilgan fuqarolarini ozod etish, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqish va harbiy harakatlar to‘xtatish, adolatning tiklanishi, ekotsidga qarshi kurash, eskalatsiyaning oldini olish, urush tugaganini qayd etish.

Zelenskiy urush «adolatli tarzda va BMT nizomi hamda xalqaro huquq» asosida yakunlanishi kerakligini aytdi. U tinchlik jarayoni boshlanishi uchun Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib ketishi, Ukrainaga keltirilgan zarar uchun tovon to‘lashi va uning hududiy yaxlitligini tan olishi darkorligini qayd etdi.

Shuningdek, prezident «urushdan keyingi xavfsizlik arxitekturasining asosiy elementlarini mustahkamlash» va Rossiya tajovuzi takrorlanishining oldini olish maqsadida xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirgan. 

Ukrainlar prezidenti barcha ukrain harbiy asirlarini ozod etishga chaqirib, Rossiyaga «barchani barchaga» formulasi bo‘yicha asirlar almashuvi o‘tkazishni taklif etgan.

Uning asosiy so‘rovlaridan biri iyul oyida BMT va Rossiya o‘rtasida tuzilgan Ukraina g‘allasi bo‘yicha kelishuvni uzaytirish bo‘ldi. Bu kelishuv Rossiya harbiy kemalari tomonidan bloklab qo‘yilgan ukrain portlaridan oziq-ovqat olib chiqish imkoniyatini ta’minlaydi. 

BMTga ko‘ra, kelishuv kuchga kirganidan buyon Ukrainadan 10 mln tonnadan ortiq g‘alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari muvaffaqiyatli eksport qilingan va bu global oziq-ovqat inqirozining oldini olishga yordam bergan. Kelishuv muddati 19 noyabrda tugaydi.

Zelenskiy urush qanday yakunlanishidan qat’i nazar, kelishuv noma’lum muddatga qadar uzaytirilishi lozimligini ta’kidladi. «Oziq-ovqatga bo‘lgan huquq - dunyodagi har bir insonning fundamental huquqidir», degan u.

Ukraina prezidenti g‘alla eksporti tashabbusini boshqa portlarga, xususan, Mikolayiv oblastidagi Mikolayiv va Olviya portlariga kengaytirishni taklif qildi.

«Blumberg» agentligi qayd etishicha, Vladimir Putin o‘rniga Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Zelenskiyning videomurojaati vaqtida zalni tark etmagan. Bundan tashqari, G20 ishtirokchilari ham Lavrovning o‘zi chiqish qilayotgan vaqtda boykot qilishmagan, u esa yana bir bor Rossiya Ukrainada natsistlarga qarshi kurashayotganini ta’kidladi.

Mavzuga oid