Ukraina xudkush-qayiqlar floti uchun pul yig‘moqda. Ular o‘zi nima va qanday imkoniyatlarga ega?
Ukraina dunyodagi ilk ekipajsiz katerlar flotini qurish uchun pul yig‘ishni boshladi. Ushbu kampaniya prezident Volodimir Zelenskiyning Telegram kanalida e’lon qilindi. Ukrainadagi urush ramzlaridan biriga aylangan oddiy va xudkush dronlardan so‘ng, endilikda bu texnologiya harbiy-dengiz sohasiga ham kirib kelmoqda. Bu turdagi qurilmalar suvda qanchalik foydali bo‘ladi?
Prezident Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, dengiz dronlari Ukrainaga dengiz suvlari va tinch aholi yashovchi shaharlarni rus kemalaridan otiluvchi raketalardan himoya qilish uchun kerak.
Bundan tashqari, Zelenskiyning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari ushbu katerlardan Ukraina portlaridan don olib ketayotgan fuqarolik kemalariga qo‘yilgan blokadani olib tashlashda ham foydalanadi.
Qayiqlar uchun mablag‘ to‘planayotgan UNITED24 sayti dengiz dronining taktik-texnik xususiyatlari, shuningdek, uning ba’zi detallari va tashqi ko‘rinishi aks ettirilgan videoni e’lon qildi.
UNITED24 – Ukraina hukumati tomonidan mamlakatga yordam berish uchun mablag‘ to‘plash maqsadida tashkil qilingan loyiha. Saytning bosh sahifasida aytilishicha, sayt prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan ochilgan.
Avtonom qurilma
UNITED24 saytida dronning taktik va texnik xususiyatlari e’lon qilindi. Gap o‘z-o‘zini portlatish yo‘li bilan nishonga zarar yetkazuvchi uncha katta bo‘lmagan qurilma haqida bormoqda. Bunday apparatlar ko‘pincha «kamikadze» (xudkush) deb ataladi.
Kamikadze qayiqning uzunligi 5,5 metr, suzish masofasi – 800 kilometrgacha, davomiyligi – 60 soat, maksimal tezligi – soatiga 80 kilometr, jangovar kallak sig‘imi esa – 200 kilogramm.
Taqqoslash uchun, Harpoon raketasi jangovar kallagining massasi 225 kilogrammni tashkil qiladi, Ukrainaning Neptun qanotli raketasining jangovar kallagi esa 150 kilogrammni.
Taktik-texnik xususiyatlariga ko‘ra, dron-qayiq uchta videokanal orqali boshqariladi. Bundan tashqari, u sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi va inersial navigatsiya (tashqi omillarga bog‘liq bo‘lmagan navigatsiya) — avtopilot bilan ham jihozlangan.
Avtopilot mavjudligi bunday qurilmaning avtonom, xususan radioelektron kurash tizimlarining ishlashi sharoitida ham harakat qilishga qodir ekanini anglatadi, ammo bu aniqlikni sezilarli darajada pasaytiradi. Avtopilot qayiqni nishonga olib borishi mumkin, ammo boshqaruv vizual tarzda amalga oshirilishi kerak yoki boshqaruv tizimlaridan foydalanish lozim. Bu borada xabarda hech qanday ma’lumot berilmagan.
UNITED24 saytida aytilishicha, ko‘p maqsadli ekipajsiz suv usti xudkush-qayiqlari Ukrainaning o‘ziga xos ishlanmasidir.
«Bizning birinchi vazifamiz – 100 ta shunday kemadan iborat flot yig‘ish. Ular dengizlarimiz suvlarini himoya qiladi, rus kemalarining ko‘rfazlardan raketa bilan chiqishini to‘xtatadi, savdo kemalarini himoya qiladi va boshqa maxfiy topshiriqlarni bajaradi», – deyiladi saytda.
Bundan tashqari, e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, dron-kemalar razvedka, kuzatuv, harbiy-dengiz kuchlari kemalariga hamrohlik qilish, savdo kemalarini qo‘riqlash, nishonni belgilash va qirg‘oqni diversiya guruhlaridan himoya qilish kabi imkoniyatlariga ham ega bo‘ladi.
Sevastopol reydi
UNITED24 saytidagi dron-qayiq tashqi ko‘rinish jihatdan sentabr oyida rossiyalik blogerlar Sevastopol yaqinidan o‘tganini aytgan dronga juda o‘xshash. O‘sha paytda bu qurilmaning kimga tegishli ekani noma’lumligicha qolgandi.
Bundan tashqari, veb-saytdagi taqdimotda 2022 yil 29 oktyabr kuni Sevastopol bandargohida Rossiya Qora dengiz floti kemalariga qilingan hujumlardan keyin internetda paydo bo‘lgan kadrlardan ham foydalanilgan.
O‘shanda, Rossiya mudofaa vazirligi bu hujum oqibatida faqatgina dengiz mina tozalovchi kemasi bo‘lgan «Ivan Golubets» shikastlanganini ma’lum qildi. Biroq ba’zi xorijiy ekspertlar videotasvirlarga asoslanib, dron-qayiqlar «Kalibr» raketalari bilan qurollangan Qora dengiz flotining «Admiral Grigorovich» fregatiga ham hujum qilganini taxmin qildi.
Ukraina hozirgacha bu hujumlarga o‘zining ekipajsiz harbiy-dengiz qayiqlari aloqadorligini rasman tasdiqlamadi va Qrim qirg‘og‘ida bu turdagi qayiqlar paydo bo‘lishiga ham izoh bermadi.
Endilikda sayt Ukrainaning dron-qayiqlari Sevastopoldagi Rossiya kemalariga zarba berganini deyarli ochiqchasiga aytmoqda.
«Ukrainaning bu (Sevastopoldagi) kemalarga qarshilik qiladigan hech narsasi yo‘q edi, chunki 2014 yilda Qrim bosib olinganidan keyin Ukraina floti o‘z kemalarining 80 foizini yo‘qotdi. 2022 yilning 29 oktyabr kuni dengiz dronlarining Rossiya kemalariga bergan zarbalari faqatgina ekipajsiz qayiqlar tomonidan amalga oshirildi», –deyiladi qo‘shimcha matnda.
Unda aytilishicha, hujum natijasida uchta rus kemasi, shu jumladan Rossiya Qora dengiz flotining yangi flagmani «Admiral Makarov» ham shikastlangan.
Ukrainaning o‘z ixtirosi yoki hamkorlar yordami?
UNITED24 sayti ma’lumotlariga ko‘ra, qayiqlar «Ukrainaning noyob ishlanmasi». Ushbu so‘zlar isboti sifatida videoda qayiqlarni ishlab chiqarish jarayoni – metallni kesish, yig‘ish va elektron tizimlarni o‘rnatish ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, 2022 yil may oyida AQShning Ukrainaga harbiy yordami ro‘yxatlaridan birida «qirg‘oqni qo‘riqlovchi ekipajsiz qayiqlar» nomi ham qayd etilgan. Ro‘yxatda ushbu qayiqlarning turi va soni ochiqlanmagan.
Ochiq manbalarga ko‘ra, AQShda ekipajsiz avtonom kemalarning bir necha turlari ishlab chiqilmoqda. Ular orasida suv usti ekipajsiz kemalarining yirik (Large Unmanned Surface Vehicles – LUSV) va o‘rta (Medium Unmanned Surface Vehicles – MUSV) hamda juda katta suvosti (Extra-Large Unmanned Undersea) kemalari turlari mavjud.
Biroq, bu kemalarning barchasi Ukrainaning xudkush dron-qayiqlaridan farq qiladi.
Ukraina ularni ishlab chiqarishda G‘arb texnologiyasidan foydalangan bo‘lishi mumkin.
Xususan, videotaqdimot kadrlarida quruqlik, havo va dengiz qurilmalari uchun dvigatellar ishlab chiqaruvchi Avstriyaning Rotax kompaniyasi dvigateli aks etgan.
Dronlar floti
So‘nggi yillarda Ukraina harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlarida uchuvchisiz tizimlarni faol ravishda joriy qildi, ammo bu birinchi navbatda havoda sezildi. Kuzatuvchilar Bayraktar TB2 uchuvchisiz dronlariga ko‘proq e’tibor qaratdi.
Biroq, Ukraina harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, kontr-admiral Aleksey Neijpapa 2021 yil may oyida ta’kidlaganidek, dengiz flotini ham ekipajsiz qurilmalar bilan jihozlash rejalashtirilgan edi. Bu haqda u «Ukraina 30. Mamlakat xavfsizligi» forumida, harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirish konsepsiyasini taqdim etish jarayonida aytib o‘tgandi.
«Albatta, harbiy-dengiz floti, qurolli kuchlarning boshqa turlari va tarmoqlari va umuman, butun sivilizatsiyalashgan dunyo kabi, ekipajsiz texnologiyalarga o‘tmoqda. Bu oldinga tashlangan qadamdir», – degan Aleksey Neijpapa.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina minalarga qarshi dron tizimlarini sotib olishni ham niyat qilgan.
Biroq, Aleksey Neijpapa bu haqda gapirar ekan, uning orqasidagi ekranda taqdimot slaydni ko‘rsatildi va unda nafaqat Bayraktar droni va minaga qarshi suv osti kemalari, balki ekipajsiz qayiq va masofadan boshqariluvchi kichik suv usti apparati ham namoyish etildi.
To‘g‘ri, o‘sha taqdimotda ukrainaliklar hozir pul yig‘ayotgan katerga o‘xshash hech nima ko‘rsatilmagandi.
Dengiz dronlari qanchalik samarali bo‘ladi?
Bunday turdagi qurilmalarning harbiy kemalarga qarshi samaradorligi, masalan, Ikkinchi jahon urushi paytidagiga qaraganda ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Zamonaviy harbiy kemalar zarba beruvchi qurollar: raketa, snaryad va torpedalardan nisbatan kamroq himoyalangan. Zamonaviy fregatdan ko‘ra, eski jangovar linkorga dengiz droni bilan jiddiy zarba berish qiyinroq.
Gap shundaki, Ikkinchi jahon urushi davrida kemaning omon qolishi va jangovar qobiliyatini ta’minlovchi muhim tizimlar ko‘pincha avtonom bo‘lgan va shuning uchun ularni zirh bilan himoya qilish osonroq bo‘lgan. Boshqa qismlar esa nisbatan kamroq ihotalangan. Masalan, elektr tizimi, artilleriya o‘q-dorilari ombori yoki qo‘mondonlik punkti kemaning muhimroq qismi hisoblangan va yaxshi mudofaalangan.
Bundan tashqari, avtonomiya tufayli yo‘qotish, masalan, artilleriya minoralaridan birining ishdan chiqishi kema halokatiga olib kelmagan. Kema biror nuqtaga zarba qabul qilib ham jang qilish qobiliyatini saqlab qolishi mumkin edi.
Zamonaviy harbiy kemalar esa shu qadar murakkabki, ularning deyarli har qanday qismda muhim komponentlar mavjud bo‘lib, ularning yo‘q qilinishi kemani jangovar qobiliyatidan mahrum qiladi.
Bundan tashqari, bugungi kunda dengiz janglari masofasi ham o‘n baravar oshdi. Endilikda kemalar o‘zlarini artilleriya snaryadlaridan emas, balki kemalarga qarshi raketalardan himoya qilishi kerak. Aynan shu sabab hozirda harbiy kemalar raketaga qarshi mudofaa tizimlari bilan jihozlanmoqda.
Zamonaviy kemalarning qanchalik zaif ekanligini AQShning Coul esminetsiga qilingan hujum misolida ham ko‘rish mumkin. 2000 yil 12 oktyabrda Yamanning Adan portida, yonilg‘i quyish chog‘ida kemaga 225 kilogrammlik portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan motorli qayiq kelib urilgandi.
O‘shanda kemaga urilgan qayiqda ikkita xudkush-terrorchi bo‘lgan, ammo ularni masofadan boshqarish pulti bilan almashtirilish mumkin edi. Shunda bu qayiq ekipajsiz dengiz droniga aylangan bo‘lardi.
Portlash natijasida 17 nafar dengizchi halok bo‘lgan, 40 nafari esa yaralangan. Kemaning o‘zi esa jiddiy shikastlanadi va uni bir necha oy davomida ta’mirlashadi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024