O‘zbekiston | 19:03 / 17.11.2022
7356
8 daqiqa o‘qiladi

«Zamin» fondi va YUNISEF tomonidan Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazildi

Forumda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva nutq so‘zladi.

Foto: «Zamin» fondi

«Zamin» fondi va YUNISEF tomonidan Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlab gibrid formatda «Bolalarning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash» mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Tadbirda BMT va uning tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbariyati, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus, davlat idoralari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Ozarboyjon, Malayziya, Vengriya va boshqa mamlakatlarning ilmiy va pedagogik doiralari vakillari hamda ekofaollar ishtirok etdi.

Forumda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva nutq so‘zladi.

Foto: «Zamin» fondi

«O‘zbekistonning bolalar, yoshlar, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish harakatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga qo‘shilganini chin dildan olqishlaymiz. Bu muhim qadam, mamlakatimiz bolalarning tom ma’noda hayoti uchun, yorqin kelajagi uchun kurashishga sodiqligining belgisi. Sog‘lom sayyora, toza havo, xavfsiz muhit. Aynan shular bolalarning voqeligiga aylanishi shart. Biz shunchaki qarab tura olmaymiz. Har birimizning hissamiz, tabiat uchun qilgan har bir harakatimiz barqaror atrof-muhitga erishish yo‘lida muhim o‘rin tutadi. Faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va aniq amallarimiz bilan ushbu maqsadga erishishimiz mumkin», - dedi Ziroat Mirziyoyeva.

Qayd qilish joizki, O‘zbekiston MDH hududida ushbu deklaratsiyaga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi.

Foto: «Zamin» fondi

Deklaratsiyada hukumatlarning iqlimga doir siyosatda va harakatlarda bolalarning huquq va manfaatlarini barcha darajalarda izchil hisobga olish borasidagi qator majburiyatlari aks etgan.

Forum iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga salbiy ta’sirlarini yumshatish, bu borada inson huquqlari, ayniqsa yosh avlod huquqlarini samarali ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlandi.

Muloqot maydoni ishtirokchilari iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani borasida yakdil fikr bildirdilar. Ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish zarurligidan so‘zga chiqqanlarning xavotirli raqam va faktlari ham dalolat beradi.

Xususan, BMT inson huquqlari va atrof-muhit masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Devid R. Boyd o‘zining videomurojaatida sayyoramizdagi har bir bola va o‘smir toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitda yashashga haqli ekanini ta’kidladi.

«Lekin muammo shundaki, ushbu huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik o‘rtasida katta masofa mavjud. Ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lmoqda; yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand bo‘la olmayapti; bolalar o‘zining rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin va simob kabi toksik kimyoviy moddalar ta’sirini boshidan kechirmoqda.

Ayni paytda, toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitda yashash huquqi –hukumatlarning atrof-muhitni himoya qilish borasidagi harakatlarini tezlashtirish uchun bolalar va yoshlar tomonidan ishga solinishi mumkin bo‘lgan vositadir. O‘ylaymanki, barchamiz bolalarga huquqiy jarayonlarda ishtirok etish va o‘z fikrini bildirish imkoniyatlarini yaratib berishimiz kerak», - dedi janob Boyd.

Mavzu yuzasidan dolzarb ma’lumotlarni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xelga Shmid ham keltirdi. U ham bolalar iqlim o‘zgarishining keng ko‘lamli oqibatlari oldida zaif ekanligiga e’tibor qaratdi.

«Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan bolalar 60 yil avval tug‘ilgan bobo va momolariga nisbatan 7 marta ko‘p anomal issiqlik to‘lqinlarini, ikki barobar ko‘p o‘rmon yong‘inlarini va qariyb uch barobar ko‘p qurg‘oqchilik holatlarini boshidan kechiradi. Shuning uchun, YUNISEF tashkilotining «iqlim inqirozi – bola huquqlari inqirozi» degan fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q», - dedi u.

Iqlim inqiroziga yechim topish davrimizning kechiktirib bo‘lmas ustuvor vazifasi ekanini YUNISEF Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan ham tasdiqladi. Uning aytishicha, o‘zi vakillik qilayotgan mintaqalarning o‘zida 198,5 million nafar bola ekologiya va atrof-muhit bilan bog‘liq turli tahdidlardan aziyat chekmoqda.

Foto: «Zamin» fondi

«Bolalar iqlim inqirozining sababchilari bo‘lmasa-da, uning ta’sirini nomutanosib ravishda kuchli sezmoqda. Shu sababli qayd etmoqchimanki, hozir bolalar uchun qilishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi sarmoya – ular yashashi, o‘sishi va farovon hayot kechirishi uchun zarur xizmatlar iqlim va ekologiya larzalariga barqaror bo‘lsin; barcha barcha bolalar va yoshlarning «yashil o‘tish»ga erishish, barcha uchun farovon dunyo barpo etishda kerak bo‘ladigan ta’lim olish va ko‘nikmalarini yaxshilash borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlaylik», - dedi Xan xonim.

Ekologik tahdidlarga qarshi turish uchun yechimlardan birini BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi vakili (YuNeP) Inger Andersen taklif qildi:

«Biz iqlim, tabiat o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishiga qarshi kurashish bo‘yicha barcha dasturlarni birlashtirish uchun zarur choralar ko‘rishimiz lozim. Atrof-muhitni nazorat qilish bo‘yicha qo‘limizdan kelgan eng salohiyatli sifat standartlarini belgilash va joriy qilishimiz kerak. Atrof-muhitni himoya qilish harakatlarini ilgari surish uchun kesishuv nuqtalarini topishimiz kerak. Toki yoshlarning ovozi eshitilsin. Sayyoraga zarar yetkazishdan olingan moliyaviy oqimlar uning farovonligiga yo‘naltirilsin. Bolalarimizga barqaror kelajak huquqini taqdim etish uchun zarur barchasini qilishimiz lozim. Buning uchun bizga mustahkam hamkorlik munosabatlari kerak. Shu munosabat bilan «Zamin» fondi va ko‘plab boshqa tashkilotlar bilan hamkorligimizdan g‘ururlanamiz va uni qadrlaymiz», - dedi Inger Andersen.

Forum qonunchilik asoslarini takomillashtirish orqali ekologik muammo va tahdidlarning oldini olish bo‘yicha global va milliy miqyosda amalga oshirilayotgan harakatlar yuzasidan amaliy fikr almashish uchun samarali maydon bo‘ldi.

Tadbir yakunida xalqaro hamjamiyatga bola huquq va manfaatlarini iqlim sohasidagi harakatlarining markaziga qo‘ygan holda iqlim inqirozining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy sa’y-harakatlarni kuchaytirish bo‘yicha da’vat qilingan Yakuniy hujjat qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: Butunjahon bolalar kuni 1954 yilda e’lon qilingan va har yili 20 noyabr kuni nishonlanadi. BMTga a’zo davlatlar tomonidan Butunjahon bolalar kuni nishonlanishi jamoatchilikning bolalar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish hamda muloqot orqali butun dunyo bolalari uchun qulay muhit yaratish borasidagi xabardorligini oshirishda noyob imkoniyat hisoblanadi.

Mavzuga oid