Sport | 19:54 / 18.11.2022
29782
4 daqiqa o‘qiladi

Mundialda ilk mojaro: Qatar soxta muxlislarni yollamoqdami?

Qatarda jahon chempionati o‘yinlari boshlanishiga ikki kun vaqt qoldi. Ammo «bir burdagina» mamlakat ko‘chalari muxlislar bilan to‘lib toshgan deb bo‘lmaydi. Faqat stadionlar oldida va kornish deb ataluvchi sohilga yaqin maydonlarda muxlislar ko‘proq.

Odatda Jahon va Yevropa chempionatlari bo‘ladigan shaharlar muxlislar bilan to‘lib toshadi. Shunga o‘rgangan ko‘plab jurnalistlar va muxlislarni bir narsa hayratda qoldirdi: Qatarda juda ko‘p hindistonlik muxlislarni ko‘rish mumkin. Ular mundialda ishtirok etuvchi mashhur jamoalar Argentina, Braziliya, Portugaliya, Angliya liboslarini kiyib ko‘chalarda yurishibdi. Bu katta jamoalar muxlislari o‘zlarining mashhur qo‘shiqlarini aytib yurishini futbol ko‘rib yurganlar biladi, ammo hindistonliklardan iborat bu «muxlislar armiyasi» oshib borsa nog‘ora chalib, surnaylarda puflab qo‘yishmoqda.

Oqibatda internetda Qatar hindistonlik muhojirlarga pul to‘lab ular orqali soxta ajiotaj yaratishga urinayotgani haqida postlar paydo bo‘ldi, hindistonliklar katta jamoalarning liboslarini kiyib qo‘shiq aytib yurgani tasvirlangan videolar ko‘paydi.

FIFA muxlislar festivalida qiziq voqea sodir bo‘ldi va bu boradagi fikrlar bekorga paydo bo‘lmaganiga amin bo‘ldik. Didjyey ko‘plab davlatlarning musiqalarini qo‘yib bordi, kornishdagi fan zonada to‘plangan minglab muxlislar orasida go‘yoki barcha jamoalarning muxlislari bordek edi. Ammo aksar musiqalarni oddiy qabul qilayotgan auditoriya didjyey hindcha qo‘shiq qo‘yishi bilan «portladi». Bu esa Qatar pulga hindlarni muxlis bo‘lish uchun yollayotgani haqida fikrlar bejiz paydo bo‘lmaganini isbotlaydi.

Jahon chempionati tashkilotchilik guruhi bu borada allaqachon raddiya ham berdi. Unda aytilishicha, Qatar butun dunyodan kelgan muxlislarning «uyiga aylanib ulgurgan» va muxlislar yollangani haqidagi iddaolar esa tashkilotchilarni xafa qilgan.

Qatardagi hindlar

Aslida Qatarda hindlarni uchratish oddiy holat. Arablar qora ishlar bilan band bo‘lmaydi va bunday ishlarni Qatarda aynan hindlar, Pokiston, Bangladesh, Nepal, Myanma, Filippin kabi davlatlardan kelgan muhojirlar bajaradi. Aynan mana shu ishchilar, mardikorlar o‘z sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlashi, ularning liboslarini kiyib yurishi tabiiy holat aslida. Chunki Qatardagi istalgan yirik savdo markazida katta jamoalarning liboslarini topishingiz mumkin. Lekin ishlab, pul topgani kelgan muhojirlar ishini qo‘yib muxlislik atmosferasini yaratib yurgani yuqoridagi birinchi tomonning iddaolarida ham jon bordek ko‘rsatadi.

Xo‘sh, muxlislar qayerda o‘zi?

Qatar aeroportlaridagi holatga qarasangiz, sizda boshqa taassurot paydo bo‘ladi va pul bilan muxlis yollashga hojat yo‘qligini ko‘rasiz. Chunki har 5 daqiqa, ba’zan har 2 daqiqada Qatarga dunyoning to‘rt tomonidan samolyot kelib qo‘nmoqda. Janubiy amerikalik muxlislarning aytishicha, ko‘plab qit’adoshlari mundial boshlanguniga qadar Dubayda bo‘lishni ham ma’qul ko‘rgan. Chunki mo‘jizaviy Dubaydan Qatargacha osongina yetib kelish mumkin, qo‘shimchasiga Dubayda arzonroq mehmonxona topsa ham bo‘ladi. Qatarda shu kunlarda arzon mehmonxona topish esa amrimahol.

Mundial uchun qancha chipta sotilgan?

FIFA mundial boshlanishiga 3 oy vaqt qolganida 2,45 million chipta sotilganini xabar qilgan, AQSh, Angliya, Saudiya, Meksika, BAA, Fransiya va Argentina chipta sotib olish bo‘yicha yetakchilik qilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, FIFA allaqachon 3 millionta chipta sotgan. Guruh bosqichidagi Braziliya ishtirokidagi o‘yinlarga eng ko‘p chipta sotilgan.

Shu tariqa muxlislar bilan bog‘liq vaziyat Qatar mundialidagi ilk mojaroni keltirib chiqardi. Aslida vaziyat qanday ekanini esa ochilish o‘yini va guruh bahslarida bilib olish mumkin.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid