Tan olinmagan harbiy jinoyatlar: Gitler Germaniyasi va SSSR Polshani qanday bo‘lib olgan edi?
1939 yil sentabr oyida SSSR fashistlar Germaniyasi bilan Polshani bosib oladi. So‘ng «Molotov-Ribbentrop pakti»ga ko‘ra ular bu davlatni o‘zaro taqsimlab olishadi. Polshaning sharqiy qismi SSSRga, g‘arbiy qismi Germaniya tarkibiga kiritiladi. 1940 yilda SSSRdagi qamoqxona lagerlarida ko‘p ming sonli polyak harbiy asirlari saqlanayotgandi. NKVD rahbari Beriyaning tashabbusi bilan ular otib tashlanadi va Smolensk o‘rmonlaridagi ommaviy qabrlarga ko‘mib yuboriladi.
«Tarixni g‘oliblar yozadi» – bu ibora ilk marta qachon, kim tomonidan aytilgan bo‘lsa ham bilib aytilgan. Bunga isbot juda ko‘p. Uzoqqa bormaylik, Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin uning asosiy g‘olibi bo‘lgan SSSR bu urush bilan bog‘liq tarixni o‘zi xohlaganiday turli yolg‘onlar bilan talqin qilgan. Maktablarda, oliy ta’limda o‘sha yolg‘onlar o‘qitilgan, ilmiy ishlar yozilgan.
Ana shu yolg‘onlardan biri SSSRning Ikkinchi jahon urushiga 1941 yil 22 iyunda Gitler Germaniyasi bu davlatga bostirib kirganidan keyin qo‘shilgani haqidagi gaplar. Aslida esa SSSR Ikkinchi jahon urushiga Germaniya bilan tuzilgan do‘stlik va ittifoqchilik shartnomasiga muvofiq 1939 yil sentabr oyida qo‘shilgan edi.
1939 yil 23 avgust kuni Germaniya va Sovet Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hujum qilmaslik shartnomasi imzolanadi. Shartnomani har ikki davlatning tashqi ishlar vazirlari, Vyacheslav Molotov va Ioxim fon Ribbentrop imzolagani uchun bu kelishuv tarixda «Molotov-Ribbentrop pakti» deb ataladi.
Ushbu shartnomada har ikki davlat o‘zaro hujum qilmaslik haqidagi kelishuvdan tashqari Sharqiy Yevropadagi davlatlarni taqsimlab olishi ham belgilangandi. O‘sha paytda bu shartnomaning «O‘zaro hujum qilmaslik haqida»gi qismi e’lon qilinadi. Sharqiy Yevropani o‘zaro bo‘lib olish haqidagi qismi esa sir saqlanadi.
Shartnomaga ko‘ra Boltiqbo‘yi davlatlari to‘liq, Polsha, Ruminiya, Vengriya va Chexoslovakiyaning sharqiy qismi SSSRga, qolgan qismi Germaniyaga tegishi kerak edi.
«Molotov-Ribbentrop pakti» imzolanganiga 10 kun o‘tmasdan 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniya Polshaga hujum qiladi. Oradan ikki yarim hafta o‘tib 17 sentabr kuni sharqdan sovet armiyasi ham Polshaga bostirib kiradi va 1939 yil 5 oktyabrgacha bu davlatning 45 foiz hududini bosib oladi. Qolgan qismini Germaniya egallaydi. Shu tariqa dunyo xaritasidan mustaqil bir davlat yo‘q bo‘ladi.
Polshani «ozod qilish» yurishi
1939 yil 17 sentabr kuni SSSR armiyasi Polshaga bostirib kirar ekan, sovetlar bu ishni «Ozodlik yurishi» deb nomlaydi. Ya’ni Polsha tarkibidagi G‘arbiy Belarus va G‘arbiy Ukrainada yashayotgan belaruslar va ukrainlarni «polyaklar zulmi»dan, polyaklarning o‘zini esa pomeshchik va kapitalistlardan ozod qilish yurishi.
SSSR Polshaning qariyb yarmini bosib olar ekan, egallangan hududlarda sovet tuzumini o‘rnatishda qarshiliklarga duch keladi. Asrlar davomida xususiy mulkchilikka asoslangan tuzumda yashab kelgan polyaklar, shuningdek, ular tarkibida bo‘lgan G‘arbiy Belarus hamda G‘arbiy Ukraina aholisini talonchilikka asoslangan sotsialistik tuzumga o‘tkazish oson bo‘lmaydi.
Kim yangi tuzumga qarshilik ko‘rsatsa u qamoqqa olinib SSSRning sharqiy qismida joylashgan qamoqxonalarga jo‘natiladi. Polyak asirlarini saqlash uchun o‘nga yaqin alohida qamoqxona ajratib beriladi. Ulardan ortganlari boshqa qamoqxonalarga jo‘natiladi.
1940 yilning yoziga kelib SSSR g‘arbidagi ko‘plab qamoqxonalar urushda asirga tushgan polyak harbiy asirlari va sotsialistik tuzumga qarshi bo‘lgan polyak fuqarolari bilan to‘ladi. Ularning bir qismi otib o‘ldiriladi. Qolganlari boshqa asirlar qatori qulday ishlatiladi. O‘shanda jami asirlar 240-250 ming nafar bo‘lgani aytiladi.
«Katin qatliomi»
1940 yil 3 martda NKVD boshlig‘i (jallod) Lavrentiy Beriya Butunittifoq kommunistik partiya markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosiga murojaat qiladi. Murojaatda SSSRning g‘arbiy qismida joylashgan qamoqxonalarda saqlanayotgan polyak harbiylari masalasini bir yoqlik qilish yozilgandi.
«Hozirgi vaqtda SSSR NKVDning harbiy asirlar lagerlarida va boshqa qamoqxonalarda Polsha armiyasining ko‘p sonli sobiq zobitlari, politsiya va razvedka sobiq xodimlari, polyak millatchi partiyalarining a’zolari, aksilinqilobiy qo‘poruvchi tashkilotlar a’zolari va boshqalar saqlanyapti. Ularning barchasi Sovet tuzumidan nafratlanadi va imkoni bo‘lganida SSSRga qarshi josuslik, sabotaj va boshqa ishlarni qilishga tayyor turibdi. Shu sababdan NKVD ularga o‘lim jazosi qo‘llab, ularni jismonan yo‘q qilish maqsadga muvofiq deb biladi», deyilgandi Beriyaning murojaatida.
Murojaatda o‘lim jazosi berilishi so‘ralgan harbiy asirlarning 14 700 nafari Polsha armiyasining ofitserlari, 11 000 nafari aksilsovet kayfiyatidagi polyaklar – yirik yer va zavod-fabrikalar egalari edi.
Markaziy qo‘mita siyosiy byurosi Beriyaning taklifini ijobiy qabul qiladi va polyaklarni jazolash hukmlarini chiqarish uchun Vsevolod Merkulov, Bogdan Kobulov va Leonid Bashtakovdan iborat «Uchlik» («Troyka») belgilaydi. NKVDda yuqori lavozimlarda ishlagan bu uch shaxs o‘sha paytda Beriyaga eng yaqin va sodiq kishilar edi.
Oradan yillar o‘tib, 1953 yilda Stalin vafotidan so‘ng Beriya qo‘lga olinib, otib tashlanadi. Shundan so‘ng Beriyaga yaqin kishilar sifatida Merkulov hamda Kobulov ham hibsga olinadi. Ularning barcha unvonlari bekor qilinib o‘sha yil dekabr oyida otuvga hukm qilinadi. Leonid Bashtakovning hayotini 1950 yilda iste’foga chiqib ketgani asrab qoladi. Uni ham bir necha bor tergovga chaqirishadi, ammo jazolashmaydi.
Markazdan ruxsat olgan NKVD zudlik bilan otuvga hukm qilinadiganlar ro‘yxatini shakllantira boshlaydi. Smolensk shahridan 18 kilometr uzoqlikda joylashgan Katin o‘rmonida va Tver oblastidagi Mednoye qishlog‘i yaqinida ekskavatorlar bilan ommaviy qabr uchun chuqurlar kovlashni boshlab yuborishadi.
1940 yil aprel oyida otib o‘ldirish uchun har bir eshelonda 350-400 nafardan mahbuslarni olib kela boshlashadi. Ularni vagonlarga chiqarishdan oldin «Sizlarni ozod qilib Polshaga qaytarib yuboramiz» deb aytishgani keyinchalik ommaviy qabrlardan topilgan kundaliklardan ma’lum bo‘ladi.
Ana shunday kundaliklardan birini 1943 yilda nemis kriminalisti va sud-ekspertiza eksperti Gerxard Buts topib oladi. U polyak harbiy ofitseri mayor Adam Solskiyga tegishli bo‘lib chiqadi. Solskiy unda otilishidan biroz oldingi hodisalargacha yozib qoldirgan edi.
«20 aprel.
12 soatdan beri Smolensk yaqinidagi temiryo‘lning zaxira yo‘lagida turibmiz.
21 aprel.
Qamoqxonaga tegishli vagonlarda pastga tushish haqida buyruq berildi. Bizni mashinalarga chiqarib noma’lum tomonga olib ketishyapti. Keyin nima qilisharkin? Qo‘rqinchli tong otdi. Bizni qandaydir o‘rmonga olib kelishdi. Sinchkovlik bilan tekshirib yonimizdagi barcha narsani olib qo‘yishyapti. Mening uzugim soqchilardan birining e’tiborini tortdi. Pullar, kamar, soatlar, uzuklar – barini olishdi. Soat 6:30....»
Keyinchalik ommaviy qabrlar o‘rganilganda asirlarni asosan «Valter» va «Mauzer» pistoletlari yordamida otishgani aniqlanadi. Ayrim jasadlar ko‘milgan joydan o‘q chiqmaydi, ularni avval qamoqxonada otib o‘ldirib, so‘ng olib kelib ko‘mib yuborishgandi.
Stalin vafotidan keyin polyak asirlarining ommaviy tarzda otilishi va ko‘mib yuborilishini taftish qilgan KGB rahbari (1958-1961 yillar) Aleksandr Shelepinning hisobotlariga ko‘ra o‘shanda ikki oyda jami 21 857 nafar polyak otib tashlangan.
Asirlarning hammasi ham Katin o‘rmonida otilmagan, ular Tver, Xarkov, Luhansk oblastlarida ham otilgan. Asirlarning asosiy qismi Katin o‘rmonida qatl etilgani uchun bu ish tarixda ««Katin qatliomi»» nomi bilan qolgan.
Katindagi ommaviy qabrlarning topilishi
1943 yilda nemis askarlari Smolensk yaqinidagi Katin o‘rmonlarida tasodifan ommaviy qabrlarga duch keladi.
Shundan so‘ng u yerga professor Gerxard Buts boshchiligidagi tibbiy ekspertiza xodimlari yuboriladi. Ekspertlar jasadlarni tekshirib ko‘rib, ular polyak harbiy asirlari ekanini aniqlaydi. Oradan biroz o‘tib Berlin radiosi Katindagi ommaviy qabrlar haqida xabar beradi va bu ishdan butun dunyo xabar topadi.
Urush tugagandan so‘ng, 1945 yil 22 noyabrdan 1946 yil 1 oktyabrgacha davom etgan Nyurnberg sudida SSSR vakillari «Katin qatliomi»ni nemislarga to‘nkashga urinishadi. Ammo bu ish muvaffaqiyatsiz chiqadi.
Tribunal «Katin qatliomi» uchun SSSR javob berishi lozimligi haqida qaror chiqaradi. Shundan so‘ng bir qator xalqaro tashkilotlar «Katin qatliomi»ni taftish qilish uchun SSSRga bir necha bor so‘rov jo‘natishadi. So‘rovlar Stalin tuzumi tomonidan rad etiladi.
«Katin qatliomi»ning tan olinmasligi
1945 yilda Sovet armiyasi Polshadan nemislarni quvib chiqargach o‘zini polyak xalqining xaloskori deb e’lon qiladi. Barcha joyda «Biz Polshani nemis fashistlar zulmidan qutqardik» degan lozunglar yangray boshlaydi. Aslida ham shunday edi, sovet armiyasi Polshani fashistlar zulmidan ozod qilgandi.
Ammo Polsha SSSRning bu yaxshiligi evaziga urushdan so‘ng 45 yil davomida «tovon» to‘ladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin uning asosiy g‘olibi sifatida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlar qatori Polshani ham o‘z ta’siriga oladi. Majburiy tarzda bu davlatda sotsialistik tuzum o‘rnatadi va Polshani G‘arb dunyosidan uzib qo‘yadi.
1953 yilda «Xalqlar dohiysi» vafot etganidan so‘ng hokimiyatga Xrushchev keladi va Stalin davrida qilingan ishlarning aksariyati taftish qilinadi.
Begunoh qamalgan millionlab insonlar ozod qilinadi. «Jazo mashinasining murvatlari» bo‘lgan ko‘pgina mutasaddilarlar ishdan olinadi va sud qilinadi. Ularning ba’zilari qamaladi, ba’zilariga o‘lim jazosi beriladi. Ayniqsa Beriyaga yaqin bo‘lgan aksariyat insonlar otuvga hukm qilinadi.
Shu jumladan «Katin qatliomi» ham taftish qilinadi va uning asosiy ijrochilari turli jazolarni oladi. Biroq Xrushchev davrida ham xalqaro tashkilotlarga bu ishni taftish qilishga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga sovet hukumati «Katin qatliomi» polyaklarga qarshi jinoyat bo‘lganini rasmiy ravishda tan olmaydi.
Kelib chiqishi polyaklardan bo‘lgan Sovet armiyasining marshali Konstantin Rokossovskiy Polsha Mudofaa vaziri etib tayinlanadi. Shu tariqa Sharqiy Yevropadagi qo‘shnilari kabi Polsha 1990 yilgacha SSSRga yarim vassal davlat bo‘lib qoladi. Bunday holatda polyaklar SSSRga «Katin qatliomi»ni tan olish bo‘yicha hech qanday talab qo‘ya olmaydi.
Faqat Gorbachyov davrida boshlangan islohotlar ortidan 1989 yilga kelib polyaklar kommunistik tuzumdan voz kechishadi va SSSRga «Katin qatliomi»ni tan olish talabini qo‘yadi. Biroq SSSR bu qatliom uchun javobgarlikni tan olmaydi. Barcha aybni NKVD rahbariyati, jumladan Beriya gardaniga iladi.
Rossiyaning «Katin qatliomi»ga munosabati
SSSR tarqab ketgandan keyin Polsha «Katin qatliomi» polyaklarga qarshi genotsid ekanini tan olishni Rossiyadan talab qila boshlaydi. Ammo Rossiya SSSR davrida sodir etilgan hech bir ish uchun javobgar bo‘lmasligini ma’lum qiladi.
Jumladan, 2010 yilda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev «Katin qatliomi» haqida gapira turib, polyaklarga bu ish uchun Rossiya hech qachon javobgar bo‘lmasligini eslatib qo‘yadi:
«Katin qatliomi» bu – Stalin va uning hamtovoqlari tomonidan sodir etilgan jinoyat. «Katin qatliomi» haqida Rossiya tomonining rasmiy pozitsiyasi va hech qachon o‘zgarmaydi».
Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham «Katin qatliomi» haqida gapirib, bu ish uchun Stalin boshchiligidagi sovet rahbariyati javobgar ekanligini aytadi.
Putin o‘shanda «Shaxsiy fikrimcha «Katin qatliomi» 1920 yilda Polsha-SSSR urushida uchralgan mag‘lubiyat uchun Stalinning qasosi bo‘lgan», deydi. O‘shanda Stalin bu urushda Janubiy-G‘arbiy front harbiy revolyutsion kengashi a’zosi sifatida ishtirok etgandi va polyaklardan mag‘lubiyatga uchragan armiya safida edi.
2010 yil 26 noyabr kuni Rossiya davlat dumasi (parlamenti) «Katin qatliomi» fojiasi va uning qurbonlari haqidagi qonunni qabul qiladi. Unda Katin o‘rmonlarida Polsha harbiylari va fuqarolarining ommaviy otib tashlanishi Stalin va uning qo‘l ostidagi rahbarlarning buyrug‘i bilan amalga oshirilgani, shu sababli «Katin qatliomi» o‘sha paytdagi sovet rahbariyatining jinoyati hisoblanishi aytilgandi.
Orada «Katin qatliomi»da halok bo‘lganlarning yaqinlari bir necha bor Rossiyadagi sudlarga shikoyat arizasi kiritib, polyak harbiylarining qatliom qilingani harbiy jinoyat bo‘lganini tan olishni so‘raydi. Biroq ular rad javobini oladi.
Shundan so‘ng jabrlanuvchilar Fransiyaning Strasburg shahrida joylashgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga shikoyat kiritishadi.
2012 yilda Yevropa sudi «Katin qatliomi»ni SSSR tomonidan amalga oshirilgan harbiy jinoyatlar deb tan olish haqida qaror qabul qiladi.
Rossiya uzoq yillardan buyon «Katin qatliomi» bo‘yicha ikki xil standartda bayonotlar berib kelmoqda. Bir tomondan mazkur qatliom SSSR davrida sodir etilganini tan oladi, ikkinchi tomondan uni harbiy jinoyat deb tan olishni rad etadi.
Rossiya «Katin qatliomi»ni harbiy jinoyat deb tan olsa, unda SSSRning vorisi sifatida qurbonlarning yaqinlariga tovon puli to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Smolenskdagi fojia
2010 yil 10 aprel kuni «Katin qatliomi» bilan bog‘liq dahshatli fojia yuz beradi. Polsha prezidenti Lex Kachinski 100 nafarga yaqin turli yuqori lavozimdagi mutasaddilar va harbiylar bilan «Katin qatliomi»ga 70 yil to‘lishi munosabati bilan Smolenskka kelayotganda ular o‘tirgan Tu-154 samolyoti halokatga uchraydi.
Oqibatda, samolyot bortida bo‘lgan 88 kishi va 8 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘ladi.
O‘shanda samolyotda Polsha prezidenti va uning rafiqasidan tashqari, uning administratsiyasi rahbari, Polsha milliy bank raisi, Polsha harbiy havo kuchlari, quruqlikdagi kuchlar, armiya bosh shtabi, harbiy dengiz kuchlari qo‘mondonlari bor edi.
Bundan tashqari, Lex Kachinskiyning yonida Polsha milliy xavfsizlik byurosi rahbari, Mudofaa vazirining o‘rinbosari, armiya maxsus kuchlar qo‘mondoni ham bo‘lgan.
O‘shanda Smolenskda sodir bo‘lgan halokat tufayli Polshada bir necha kun motam kunlari deb e’lon qilinadi. Lex Kachinskiy va rafiqasining dafn marosimiga ko‘plab davlat rahbarlari keladi.
Bugun Polsha «Katin qatliomi»ni harbiy jinoyatlar deb tan olish bo‘yicha, shuningdek, Polsha prezidenti bilan sodir bo‘lgan halokatni ham Rossiya uyushtirgan deb da’vo qilib kelmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024