Fan-texnika | 14:56 / 20.11.2022
67307
5 daqiqa o‘qiladi

2022 yilning eng yaxshi ixtirolari va 10 ta eng qulay arzon smartfonlar  - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Odamlarni cho‘miltiradigan kir yuvish mashinasi

Yaponiyaning Science Co. Ltd texnologiya kompaniyasi «odamlar uchun kir yuvish mashinasi» ishlab chiqarish rejasini e’lon qildi.

Ushbu «Usoyaro» loyihasi turli xil sensorlar va sun’iy intellekt tizimiga asoslangan. Ichkaridagi sensorlar simpatik va parasimpatik nervlarning holatini o‘lchaydi, AI esa to‘plangan ma’lumotlardan eng qulay muhitni yaratish uchun foydalanadi.

Kir yuvish mashinasida «cho‘milish» jarayoni 15 daqiqa davom etib, uch bosqich: tozalash, massaj va quritishdan iborat bo‘ladi.

Yangi qurilma 2025 yilda sotuvda paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Google katta miqdorda jarima to‘laydi

Google korporatsiyasi 391,5 million dollar jarima to‘laydi. AQShning 40 shtati bosh prokurorlari kompaniyani sudga berishgan. Bunga Google’ning foydalanuvchilar joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni ular rad etganidan keyin ham to‘plaganligi sabab bo‘lgan.

Foto: Reuters

«Iste’molchilar o‘z qurilmalarida joylashuv ma’lumotlarini baham ko‘rmaslikni tanlaganlarida, kompaniya ularning harakatini kuzatib bormasligiga ishonchi komil bo‘lishi kerak», deya ta’kidlagan Ayova shtati bosh prokurori Tom Miller.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra, 2023 yildan kompaniya joylashuvni kuzatishga oid ma’lumotlarni yanada shaffofroq qiladi.

Abu-Dabidagi aeroportlarda uchar taksilar

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi xalqaro aeroportida odamlar va yuklarni tashish uchun havo taksi xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu loyiha Parijdagi uchta aeroportga egalik qiluvchi Fransiyaning Groupe ADP Groupe ADP kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ta’kidlashicha, yaqin kelajakda yo‘lovchilar amirlikning xalqaro aeroportiga uchib kelib, uylariga uchar elektr taksida qaytishlari mumkin bo‘ladi. 

2022 yilning eng yaxshi ixtirolari

Time jurnali 2022 yilning eng yaxshi ixtirolari va gadjetlarining an’anaviy ro‘yxatini tuzdi. Bu yil unga an’anaviy 100 ta emas, balki 200 ta ixtiro kiritildi.

Tanlov o‘ziga xoslik, ijodkorlik, samaradorlik, ambitsiya va «biz yashayotgan dunyoga ta’siri» kabi bir qancha mezonlarga asoslandi. To‘liq ro‘yxat bilan nashrning saytida tanishish mumkin.

Nothing Phone (1) - eng innovatsion smartfon deb topildi. U 900 ta yorug‘lik diodiga ega shaffof orqa qopqoq va simmetrik ramkalarga ega displey bilan raqobatchilaridan ajralib turadi.

Noutbuklar orasida ASUS Zenbook 17 Foldso ajratib ko‘rsatildi. U bukiladigan displeyga ega va unda klaviatura bloki yo‘q. Yoyilgan shaklda uning displeyi 17,3 dyuym o‘lchamga ega bo‘ladi. Buklanganda esa 12,5 dyuymli ikkita displey paydo bo‘ladi.

Sony kompaniyasining LinkBuds quloqchinlari 2022 yildagi eng yaxshi TWS-quloqchin deb topildi. U boshqalardan maxsus dizayni bilan ajralib turadi: gadjet «teshikkulcha» shaklida yasalgan bo‘lib, musiqa bilan birga atrofdagi tovushlarni ham eshitish imkonini beradi.

Shuningdek, tasvir generatorlariga turtki bergan DALL-E neyrotarmog‘i va koinotni o‘rganishda yangi davrni ochgan Jyeyms Uebb kosmik teleskopi ham ro‘yxatga kiritildi.

10 ta eng yaxshi arzon smartfonlar

Bugungi kunda kamtarona budjet bilan ham yaxshi kamera va sig‘imi katta batareya quvvatiga ega, kuchli protsessor hamda ko‘plab foydali xususiyatlari mavjud bo‘lgan telefon sotib olish mumkin. Mutaxassislar tomonidan tuzilgan 10ta eng yaxshi arzon smartfonlar reytingi quyidagicha:

1.Realme S11;

2. Vivo Y21;

3. Alsatel 1SE 5030D;

4. BQ BQ-6630L Magis L;

5. Itel A48;

6 Nokia 2.4;

7. Redmi Note 9T;

8. Blackview A100;

9. Realme Narzo 50A;

10. Vivo Y31.

Qadamlarni elektrga aylantirib beradigan yo‘lak

Buyuk Britaniyaning shaharlaridan birida oyoq tovushlarini elektr energiyasiga aylantirib beradigan yo‘lak o‘rnatildi.

Foto: Telford & Wrekin Council / SWNS

To‘plangan energiya Shropshire shtatining Telford shahridagi skameykalar yonidagi zaryadlash punktlariga uzatiladi. Bu yerda odamlar mobil telefonlarini quvvatlantirishi mumkin.

Yo‘lovchilar qadamlari natijasida hosil bo‘ladigan energiya miqdorini ko‘rsatadigan ekran quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Yo‘l qoplamasi rezina va zanglamaydigan po‘latdan yasalgan va soatiga 2,1 kVt elektr energiyasi ishlab chiqara oladi.   

Mavzuga oid