Jahon | 22:24 / 16.12.2023
19771
11 daqiqa o‘qiladi

Yoyilib gapirgan Putin, g‘oyib bo‘lgan Navalniy, Isroilga muhlat bergan Bayden – hafta dayjesti

O‘zbekistonliklar chinakam qishni his qila boshlagan hafta o‘z yakuniga yetmoqda. Ortda qolayotgan hafta davomida Putin rossiyaliklar bilan 4 soat yurakdan gaplashdi, Ukraina prezidenti Zelenskiy AQShdan kutilgan yordamni ololmay qaytdi, AQSh prezidenti Jo Bayden esa Isroilni tanqid qildi. Quyida haftaning ba’zi muhim voqealarini eslaymiz.

Putin bilan 4 soat

Rossiya prezidenti Putin urush boshlanganidan buyon ilk marta «Pryamaya liniya» an’anaviy onlayn muloqotida ishtirok etib, 4 soat davomida rossiyaliklarning savollariga javob berdi. Undan tuxum narxi qimmatlagani, urush qachon tugashi va qiyofadoshi haqida so‘rashdi.

Foto: Reuters

Putin urush boshlanishiga asos bo‘lgan «denatsifikatsiya» va «demilitarizatsiya» iddaolari hamon aktual ekani, Rossiya o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishsagina tinchlik o‘rnatilishini aytdi. U Ukrainaga har qancha qurol berishmasin ruslar ularni yo‘q qilishini ta’kidladi.

Rossiya prezidentiga ko‘ra, Yevropadagi aksar siyosatchilar AQSh ta’sirida, faqat Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bundan mustasno. Putin Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan aloqani uzmagani, masalan, Fransiya prezidenti Makronning o‘zi u bilan gaplashmay qo‘yganini aytdi.

Rossiyada shu kunlarda tuxum narxi aktual mavzu bo‘lib turibdi. Kam daromadli nafaqaxo‘rlardan biri Putindan bu haqda so‘radi. Rossiya prezidenti esa ruslar tushunadigan lahjada hazillashishga jazm qildi: «Yaqinda qishloq xo‘jaligi vaziriga qo‘ng‘iroq qilib «Tuxuming qanday?» deb so‘radim. «Yaxshi», dedi. «Odamlarda esa tuxum bilan bog‘liq vaziyat yaxshi emas», dedim. Muammo importni vaqtida ochib yuborishmaganida, bu uchun uzr so‘rayman», dedi Putin.

Rossiya frontda hujumga zo‘r berdi

Putin «Pryamaya liniya» davomida favqulodda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tirgani katta ehtimol frontda ruslar yana ustunlikni qo‘lga olgani bilan bog‘liq. AQSh va ittifoqchilari Ukrainaga harbiy yordamni keskin kamaytirgani jang maydonida o‘z so‘zini ayta boshladi.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya armiyasi front chizig‘ining aksar qismlarida asta-sekin, ammo ishonch bilan odimlamoqda. Turli ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, ruslar frontda juda katta yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da, oldinga siljiyapti. Xususan, Baxmutda Ukraina qarshi hujum davomida qaytib olgan yerlar yana ruslar tasarrufiga o‘tgan. Avdiyivkada ham ruslar ustunlikka ega.

«Putin hamon Ukrainani zabt etishni istaydi». Rossiya armiyasi birdaniga bir necha yo‘nalishda hujum qilmoqda

Ruslar butun front bo‘ylab Baxmutdagi vagnerchilar taktikasini eslatuvchi uslubda harakat qilmoqda: hujumning oldingi qatori sobiq mahbuslardan tashkil topgan guruhlarga «ishonib topshirilgan». Qo‘shin bir yerga yoppasiga yig‘ilib emas, kichik guruhlarga bo‘lingan holda hujum qilmoqda. Bularning ustiga Ukrainaga qurol berishmayotgani qo‘shilib, ruslar frontda ustunlikni qo‘lga oldi.

Makronning raqami o‘zgarmagan

Putin Makronning o‘zi men bilan gaplashmay qo‘ydi degan gapiga Fransiya prezidenti tezda javob qaytardi: «Putinda jiddiy taklif bo‘lsa, bu xalqaro huquq asosida vaziyatni tinchlik tomon o‘zgartirishga imkon bersa, men muloqotni tiklashga tayyorman. Telefon raqamim o‘zgarmagan», dedi Makron.

Foto: AFP

Ma’lumot uchush, urush boshlanganda Makron Putin bilan juda ko‘p marta telefonda gaplashgani turli hazil va memlarga sabab bo‘lgandi. Vaholanki, Putin bilan muloqotni to‘xtatmaslik kerak deb hisoblagan Makron suhbatlarlar chog‘ida uni o‘t ochish rejimini to‘xtatishga chaqirib kelardi.

Bayden Isroilga muddat berdimi?

AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azoda urush boshlanganidan buyon ilk marta Isroil manziliga keskin chiqish qildi. «Isroil xavfsizlik masalasida bizga suyanishi mumkin. Ularni qo‘llayotganlar safi keng, Yevropa Ittifoqi, Yevropa... Ammo ular xalqaro qo‘llovni yo‘qotmoqda, G‘azoda palapartish bombalash ketmoqda», dedi Bayden.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Isroil bosh vaziri Netanyahu o‘zgarishi kerak deb hisoblashini aytdi. Shuningdek, mamlakat milliy xavfsizlik vaziri Ben Gvir va jamoasini G‘azoda HAMASning harakatlari uchun butun falastinliklardan o‘ch olayotganini uchun tanqid qildi.

Bayden Isroil xalqaro qo‘llovni yo‘qotayotganini aytdi

Baydenning bu keskin bayonotlaridan keyin uning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Isroilga bordi va mamlakat harbiylari bilan uchrashdi.

AQSh prezidenti Jo Baydenning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan
Foto: New Yor Times

Sallivan Isroil G‘azodagi tinch aholi vakillarini himoya qilishi kerakligi, operatsiyalar aynan HAMASga qarshi qaratilishi lozimligini aytgan. AQSh nashrlariga ko‘ra, Bayden Sallivan orqali Isroilga G‘azodagi yoppa harbiy operatsiyani yakunlash uchun uch hafta muhlat bergan.

Deputat granata portlatdi

Ukrainalik mahalliy deputat Mukachevskiy tumanidagi Keretskovskiy qishloq kengashi sessiyasi vaqtida zalga kirib bir nechta granatani portlatib yubordi. Oqibatda 26 kishi yaralangan, 6 kishining ahvoli og‘ir.

Avvaliga granata portlatgan deputat halok bo‘lgani aytilgandi, lekin keyinchalik u omon qolgani, shifokorlar jonlantirish bo‘limida hayotini saqlab qolishga urinayotgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Ukraina milliy politsiyasi

Ukrain nashrlariga ko‘ra, Keretskovskiy qishloq kengashi deputati prezident Zelenskiy yetakchiligidagi «Sluga naroda» partiyasi vakili Sergey Batrik bo‘lgan. Granata portlatilgan yig‘ilishda 2024 yil uchun budjet loyihasi muhokama qilingan. Karpat ortidagi granata portlatish hodisasi Ukraina milliy politsiyasi tomonidan terrorchilik akti deb qayd etilgan.

Orban Ukrainaga yordamni blokladi

Putinning Yevropadagi sevimli siyosatchisi, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqining Ukraina borasidagi qarorlarini bloklashda davom etmoqda.

Ushbu haftada ittifoq a’zolari 2027 yilgacha Ukrainaga 50 milliard yevro moliyaviy yordam berish bo‘yicha kelisha olishmadi. Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bir davlat loyihaga qarshi chiqqanini aytdi. Ko‘plab nashrlar kutilganidek bu qarshi davlat Vengriya bo‘lgani haqida yozdi. Orban Tvitterda «Biz bu masalaga kelasi yilda qaytamiz», deb yozib amalda loyihaga veto qo‘ygan Vengriya bo‘lganini tasdiqladi.

Foto: Attila Kisbenedek/AFP via Getty Images

Orban ushbu haftada Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qabul qilish loyihasiga ham qarshi chiqdi. To‘g‘rirog‘i, Ukrainani ittifoqqa qabul qilish bo‘yicha muzokaralar boshlash taklif qilinganda Orban zalni tark etgan.

Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Germaniya kansleri Olaf Shols bu borada muzokara boshlanganda Vengriya bosh vaziriga zalni tark etish imkoni berilishini aytgan. Boshqacha qilib aytganda Shols Orbanni diplomatchasiga «yig‘ilishdan haydab solgan». Yana ba’zi manbalar esa bu holat Orban bilan oldindan kelishilgani haqida yozmoqda.

Navalniy g‘oyib bo‘ldi

Ushbu haftada Rossiya siyosiy olamida muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy nomi yana tez-tez tilga olindi. Siyosatchi oxirgi vaqtlarda saqlanayotgan Vladimir oblastidagi Meloxova 6-jazoni ijro etish muassasidan g‘oyib bo‘lgan.

Avvaliga Navalniy jamoasi a’zolari bu haqda xabar berishdi, keyin qamoqxonadagilar ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Ammo Putinning ashaddiy tanqidchisi hozir qayerda ekani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Navalniy jamoasi yetakchilaridan bo‘lgan Ivan Jdanov u haqdagi ma’lumot uchun pul ham va’da qildi.

Navalniy sud majlislarida qamoqxonadan turib onlayn qatnashayotgandi
Foto: Life.ru

Navalniy 2021 yilda Germaniyadan qaytishida qo‘lga olingach, juda ko‘p marta sudlandi. Ekstrimizmda ayblanib, 19 yilga qamalgan siyosatchini ayni damda vandalizmda ham ayblashmoqda. U sud majlislarida doimiy tarzda qamoqxonadan turib videokonferensiya ko‘rinishida qatnashayotgandi. Oxirgi sud majlislarida esa Navalniy umuman ko‘rinish bermadi.

Zelenskiy AQShdan umidsizlik bilan qaytdi

Ushbu haftada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rasmiy tashrif bilan AQShga bordi. Bu Ukraina yetakchisining urush boshlanganidan buyon AQShga uchinchi tashrifi bo‘ldi.

Foto: Zelenskiy rasmiy Telegram-kanali

Bu galgi tashrif avvalgisidan butkul farq qildi. O‘tgan gal Zelenskiyni Oq uyda ham, Kongressda ham tantanali tarzda kutib olishgan, bu gal esa tashrif noma’lumgina bo‘lib o‘tdi. Zelenskiy senatorlar bilan yopiq eshiklar ostida gaplashdi.

Eng asosiy farq esa harbiy yordam bilan bog‘liq. Zelenskiyning avvalgi tashrifidan keyin AQSh Ukrainaga 50 milliard dollarlik harbiy yordam ajratgandi. Bu gal esa bunaqa yordam paketi bo‘lmasligi kunday ravshan.

O‘zbek bolalar mangu olovni o‘chirdi

Hafta boshida Peterburgda o‘zbekistonlik migrantlar oilasi farzandlari ruslar urushdagi g‘alaba ramzlaridan biri deb biladigan «Mangu olov»ni qor o‘ynab o‘chirib qo‘ygani tasvirlangan video tarqaldi. Ruslar bu ishni bolalar sodir qilganiga qaramay, juda jiddiy muhokama qilishdi.

Peterburg ichki ishlar boshqarmasi bolalarning oilasi kerakli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Rossiya hududida bo‘lib turganini ma’lum qildi. 10, 12 va 14 yoshli bolalar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Sud bu bolalarning oilalarini Rossiyadan deportatsiya qilish bo‘yicha qaror chiqardi.

Mavzuga oid