Sport | 09:13 / 20.11.2022
16556
13 daqiqa o‘qiladi

JCh-2022 tanishtiruvi: van Gaal qaytganidan beri yutqazmayotgan Niderlandiya

Jahon chempionatlaridagi eng omadsiz jamoalardan biriga navbat keldi. Bu jamoa «oltin avlod»lari bilan ham chempion bo‘lolmagan, 3 ta finalda yutqazgan. Doim chiroyli o‘yini, kutilgan va kutimagan natijalari bilan e’tibor markazida turadigan Niderlandiyaning Qatardagi turnirda imkoniyatlari qanday?

Foto: Getty Images

FIFA reytingidagi o‘rni – 8

JCh sari yo‘l – 7 g‘alaba, 2 durang, 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati – 33:8

Saralashdagi eng yaxshi to‘purar – Memfis Depay (12)

Mundiallardagi eng yaxshi natijasi – finalchi (1974, 1978, 2010)

Guruh bosqichidagi o‘yinlari

21 noyabr, 21:00. Senegal – Niderlandiya

25 noyabr, 21:00. Niderlandiya – Ekvador

29 noyabr, 20:00. Niderlandiya – Qatar

TARKIB

Bosh murabbiy Lui van Gaal yakuniy ro‘yxatga 26 nafar futbolchini kiritdi.

Darvozabonlar: Yustin Beylo («Feyyenoord»), Andris Noppert («Herenven»), Remko Pasveyer («Ayaks»);

Himoyachilar: Natan Ake («Manchester Siti»), Jyeremi Frimpong («Bayyer»), Deyli Blind, Yurriyen Timber (ikkalasi – «Ayaks»), Virjil van Deyk («Liverpul»), Denzel Dumfris, Stefan de Vrey (ikkalasi – «Inter»), Matteys de Ligt («Bavariya»), Tayrell Malasia («Manchester Yunayted»);

Yarimhimoyachilar: Steven Bergeys, Steven Bergveyn, Devi Klassen, Kennet Taylor (hammasi – «Ayaks»), Kodi Gakpo, Xavi Simons (ikkalasi – PSV), Frenki de Yong («Barselona»), Ten Kopmeyners, Marten de Ron (ikkalasi – «Atalanta»), Noa Lang («Bryugge»);

Hujumchilar: Memfis Depay («Barselona»), Vinsent Yanssen («Antverpen»), Lyuk de Yong (PSV), Vaut Vegorst («Beshiktosh»).

«Roma» yarimhimoyachisi Jorjino Veynaldum jarohat sabab turnirni o‘tkazib yuboradi. Yana bir yarimhimoyachi Rayan Gravenberh («Bavariya»); himoyachi Sven Botman («Nyukasl»); hujumchilar Brayan Brobbi («Ayaks»), Arno Danjuma («Vilyarreal») va Doniell Malen («Borussiya» D) esa tarkibga kiritilmadi.

Taxminiy boshlang‘ich tarkib: Pasveyer — Blind, Ake, van Deyk, de Ligt, Dumfris — Kopmeyners, de Yong, Gakpo — Depay, Bergveyn.

MURABBIY VA UNING USLUBI

Lui van Gaal murabbiylik faoliyatini 1986 yilda boshlagan. Milliy jamoadan tashqari «Ayaks», AZ, «Barselona», «Bavariya» va «MYu» klublarini boshqargan. Uning hisobida ko‘plab jamoaviy sovrinlar bor. Shaxsiy yutuqlar ham yetarlicha: yilning eng yaxshi murabbiyi (1995) Niderlandiyaning eng yaxshi murabbiyi (2007, 2009), Germaniyada yilning eng yaxshi futbol murabbiyi (2010) va boshqalar.

Foto: Getty Images

Van Gaal milliy jamoani uchinchi bor boshqarishi, uning navbatdagi qaytishida «apelsinranglilar» Qatardagi jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Amaldagi shartnoma mundial yakuniga qadar amal qiladi, biroq murabbiy sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘z lavozimida qolishi ehtimoli past — unda saraton aniqlangan.

Niderlandiya milliy jamoasining o‘yin sxemasi: 3-5-2, ba’zan 3-4-1-2.

O‘yin uslubi: barcha hujumda ishtirok etadi, tezlik va ko‘p zarbalar.

Jamoa chiroyli kombinatsiyalar uyushtiradi. Yuqori tezlikdagi hujumlarni ham juda yaxshi ko‘radi — tarkib bunga mos keladi.

Depayning jamoadagi o‘rni alohida e’tiborga loyiq. Hujumdagi harakatlar unga bog‘liq bo‘ladi. U muntazam ravishda o‘yinni o‘ziga olishga harakat qiladi. 

Foto: Getty Images

Uslub ba’zan himoyachilarga muammolar keltiradi. Bu Niderlandiya futbol maktabining hujumga o‘ta qaramligi bilan bog‘liq. Pozitsion xatolar, albatta, himoyaning asosiy tashvishi hisoblanadi, ammo van Deyk bilan muammolar kamroq ko‘rinadi.

Shuningdek, van Gaal ba’zan himoyada taktik sxemani o‘zgartirib, raqibga qiyinchilik ham tug‘dira oladi. Misol uchun, Belgiyaga (1:0) qarshi o‘yinda jamoa odatdagidan ancha zichroq himoyalandi. Top-raqiblarga qarshi bunday holatlar sodir bo‘ladi.

YeTAKChILAR

Memfis Depay — asosiy kuch.

Foto: Getty Images

Depayni jamoaning asosiy yetakchisi. U yillar davomida qanchalik o‘zgargani, egoist to‘purardan muhim o‘yinchiga aylanganini qayd etish mumkin. Tezlik va kuchli texnikadan tashqari, Memfisning arsenalida yaxshi zarbalar bor, bu bilan u istalgan masofadan raqibni xafa qila oladi.

Depay milliy jamoa safida 80 ta o‘yinda maydonga tushib, 42 gol urgan. Van Persining rekordiga 8 ta gol qoldi.

Frenki de Yong — tayanch.

Foto: Getty Images

To‘pning o‘rtada harakatlanishida de Yong muhim rol o‘ynaydi. Niderlandiyada kreativ o‘yinchilar inqirozi bor, shu bois Frenkining o‘zgacha fikrlashi jamoa uchun ayniqsa, muhim.

Hujum funksiyalaridan tashqari, de Yong juda ko‘p qora ishlarni bajaradi. Bu ham jamoa o‘yinini qurishni hisobga olgan holda muhim.

Milliy jamoa uslubi o‘yinchilarni odatiy xatolarni minimallashtirishga majbur qiladi, shuningdek, pozitsiyani to‘g‘ri tanlashning muhimligini ta’minlaydi. Frenki endi 25 yoshda. U allaqachon «Barselona»da o‘ynab, ko‘p pul topmoqda. Endi sovrin yutish vaqti keldi.

Denzel Dumfris — tezyurar poyezd.

Foto: Getty Images

U shunchaki yuguradi. Ammo gap shundaki, uni hech kim to‘xtata olmaydi. Denzelda kuch va tezlikning ajoyib uyg‘unligi bor — aynan Niderlandiyaga kerak bo‘lgan jihat. Albatta, bu uning barcha fazilatlari emas, chunki yugurish yetarli emas – buni qachon qilish kerakligini bilish kerak. Denzel biladi.

Bundan tashqari, himoyachi ikkinchi qavatdagi deyarli barcha duellarda, hatto baland bo‘yli raqiblarga qarshi ham g‘alaba qozonadi. U ko‘pincha qo‘pol o‘ynaydi, qoida buzadi, hatto maydondagi vaziyat buni talab qilmasa ham. Dumfris futbolchidan ko‘ra ko‘proq jahon darajasidagi atletga o‘xshaydi. Lekin natija keltirsa, buning nima farqi bor.

Virjiyl Van Deyk — himoyadagi aql.

Foto: Getty Images

Hujumkor Niderlandiyada aql bilan himoyalanadiganlar har doim ham topilavermaydi. Virjiyl — o‘z chizig‘ida dunyodagi eng yaxshilardan biri (agar eng yaxshisi bo‘lmasa).

Agar Virjiyl o‘z formasida bo‘lsa, darvozabonlarning kamchiligi ham sezilmaydi. Tarkibda top darajadagi posbon yo‘qligi inobatga olinsa, «Liverpul» futbolchisidan ko‘p narsa talab qilinadi.

RAQAMLAR

Niderlardiya oxirgi 5 o‘yinda o‘rtacha 2 tadan gol urgan. Golli seriya ketma-ket 13 ta bahsdan beri davom etmoqda.

Jamoa van Gaal qaytganidan beri 15 o‘yinda yutqazmadi — so‘nggi bor Frank de Bur bilan Yevro-2020 turniri 1/8 finalida Chexiyaga (0:2) imkoniyat boy berilgan.

«Lolalar mamlakati» JCh finallarida omadsiz – uchalasida ham yutqazgan. 1974 yili Yohan Kroyff boshchiligida jamoa Bekkenbauer va Myulleri bor nemislarga mag‘lub bo‘lgan, 4 yildan so‘ng Argentinaga yutqazilgan, 2010 yilda Kasilyasning seyvlari va Inestaning qo‘shimcha bo‘limdagi goli bilan Ispaniya niderlandiyaliklarni sovrinsiz qoldirgan.

Foto: Getty Images

Lui van Gaal uchinchi bor Niderlandiyani boshqarmoqda: 2000-yillar boshida u jamoani 2002 yilgi jahon chempionatiga olib chiqolmadi, 2014 yilda nostandart harakatlar evaziga bronza qo‘lga kiritildi — Kosta-Rika bilan penaltilar seriyasi oldidan Sillessenning o‘rniga Krul tushgani uzoq vaqt esda qoladi. Shundan so‘ng, «temir Lui» «Manchester Yunayted»ga ketdi. Niderlandiya esa Yevro-2016 va JCh-2018ga chiqa olmadi. Yevro-2020da 1/8 finaldayoq yurish to‘xtagach, van Gaal darhol postga qaytdi va jamoa saralash guruhida g‘alaba qozondi, shuningdek, Millatlar Ligasida yarimfinalga yo‘l oldi. Aynan shundan keyin murabbiy saraton kasalligiga chalinganini aytdi va futbolchilardan yashirincha davolanish kursidan o‘tdi. Mundialdan so‘ng van Gaal faoliyatini butunlay tugatishni rejalashtirmoqda.

KUChLI VA KUChSIZ TOMONLARI

Kuchli tomonlari: potensial, uslub, motivatsiya.

Kamchiliklari: to‘psiz o‘ynash, hech kim kutmaganda qoqilishi.

Foto: Getty Images

De Ligt, Gakpo, Malasia, Timber – bularning hech biri 23 yoshdan oshmaydi. Bu jamoa yuqori salohiyatga ega. Nomlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, Niderlandiya 4 yildan so‘ng jahon chempionatining asosiy favoritlaridan biri bo‘lishi mumkin, hatto asosiysi ham, ammo hozir emas. Hozir faqat repetitsiya bo‘ladi.

Ko‘plab ajoyib himoyachilar o‘sib ulg‘aymoqda, ular nafaqat hujum, balki himoyada jamoaning asosiy muammosini hal qilishi kerak. Yaqin 5 yil ichida bu jamoani tomosha qilish juda qiziq bo‘ladi — «oltin avlod» yo‘lda.

Bu o‘rinda jamoa imkoniyatlaridan kelib chiqib, o‘yin qurayotgan van Gaalga hurmat ko‘rsatsa arziydi. Niderlandiyaliklarga pleymeyker yetishmayapti. Laterallar hujum qilishni yaxshi ko‘rishadi, ammo himoyada mukammal emas.

Jamoada sof forvard yo‘q — Lui Depay va Bergveynning tezkorlik fazilatlaridan foydalanib, Niderlandiya uchun odatiy sxemani ikki yashirin forvard bilan tikladi. Jamoa hozirda o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholab, yaxshi natija keltiradigan futbol o‘ynamoqda.

2018 yilgi mundialni o‘tkazib yuborish futbolchilarga ham, ishqibozlarga ham qattiq ta’sir qildi. Shuning uchun Qatarda motivatsiya yuqori bo‘ladi. Bu har doim ham yaxshi emas, chunki 2014 yildagi Braziliya kabi kuyib qolish mumkin, ammo van Gaal kabi tajribali murabbiy o‘z o‘yinchilarining emotsionalligidan iliq atmosfera yarata oladi.

Pozitsion xatolar to‘pga egalik qilishda katta ustunlik bilan o‘ynaydigan jamoalarga qarshi o‘lim jazosi hisoblanadi. Agar niderlandiyaliklar o‘z oldiga eng yuqori maqsadlarni qo‘ygan bo‘lsa, unda ular, albatta, bunday raqiblarga duch kelishadi. Ha, ular Millatlar Ligasida Belgiya bilan buni muvaffaqiyatli uddalashdi, ammo jiddiy raqiblar oldinda. Polyaklar yoki belgiyaliklar foydalanmagan vaziyatlarni top-raqiblar kechirishmaydi.

Foto: Getty Images

Niderlandiya oldindan taxmin qilinganidek harakat qilmoqda, deb bahslashishning ma’nosi yo‘q. Ular tajovuzkorroq yoki ehtiyotkorroq o‘ynashlari mumkin, lekin asosiy tamoyillar bir xil bo‘lib qoladi, ayniqsa, hujum qilishda. Raqiblar, albatta, bunga tayyor bo‘lishadi va agar ular yuqori tezlikdagi uzatmalarni to‘sib qo‘yishsa, shuningdek, maydon markazida kuchli qarshilik qilinsa, u holda van Gaalda muammolar bo‘lishi mumkin. Shunday jamoalar borki, ularga qarshi raqiblar qanday o‘ynashni bilmaydilar, lekin Niderlandiya bilan buning aksi – tushunarli, qiyin bo‘lsa ham.

PROGNOZ

Niderlandiya chempion bo‘lmasa ham, medallarga ega bo‘lishi mumkin. Jamoa Senegal, Ekvador va Qatar o‘rin olgan guruhdan peshqadam sifatida keyingi bosqichga chiqadi. Senegal va Ekvador bilan, albatta, himoyada muammolar bo‘ladi, lekin hujumda hammasi joyida bo‘lishi kerak. Qatar o‘z o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi, lekin oxir-oqibat darajadagi farq ta’sir qiladi.

Foto: Getty Images

1/8 finalda niderlandiyaliklarda muammo bo‘lmasligi kerak. Angliya, AQSh yoki Uels — variantlardan har biri van Gaal uchun qulay. 1/4 finalda Fransiya, Meksika, Daniya yoki Argentina milliy jamoalari kutilmoqda. Bulardan faqat Argentina va Daniya – qiyin va noqulay raqiblar. Ulardan o‘tilgan taqdirda ham 1/2 final so‘nggi bekat bo‘ladi, chunki final yo‘lida Braziliya, Ispaniya yoki Xorvatiya kutib oladi.

Niderlandiya guruhdan 2-o‘rin bilan chiqsa, qulayroq. Final uchun imkoniyat bo‘ladi, hal qiluvchi bahsgacha Braziliya va Ispaniyaga duch kelmaydi.

Mavzuga oid