Jahon | 12:11 / 21.11.2022
8747
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari: ZAES hududini o‘qqa tutish - olov bilan o‘ynashish

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi Rossiya nazorati ostidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasida «yadro reaktorlari yaqinida xavfli darajada ro‘y bergan» portlashlarni o‘ta xavfli deb atadi.

Foto: Global Look Press

Grossining so‘zlariga ko‘ra, «gap kilometrlar haqida emas, balki metrlar haqida ketayotganini» nihoyatda xavotirli.

«Ushbu yirik AES hududida portlashlar sodir bo‘ldi, buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Buning ortida kim turganidan qat’i nazar, zudlik bilan to‘xtatish kerak. Ko‘p marta aytganimdek, ular olov bilan o‘ynashmoqda», - dedi Grossi. 

AEXA hisobotida aytilishicha, dushanba kuni agentlik xodimlari atom elektr stansiyasining xavfsizligini tekshiradi. Biroq, «Rosenergoatom» inspektorlarga cheklovlar qo‘ygan.

«Agar ular yadroviy xavfsizlikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan obektni tekshirishni istasalar, ularga rad javobi beriladi», dedi «Rosenergoatom» rahbari maslahatchisi Renat Karchaa TASS’ga.

Bundan oldin Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) hududida 19 noyabr kuni kechqurun va 20 noyabr kuni ertalab portlashlar eshitilgandi, natijada ZAES hududida ba’zi binolar, tizimlar va uskunalar shikastlangan. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ma’lum qildi.

Kuzatuvchilari stansiyada bo‘lgan AEXAga ko‘ra, yetkazilgan zarar yadro xavfsizligi uchun jiddiy emas. Agentlikning Zaporijjya AESdagi mutaxassislari shtabga xabar berishicha, 20 noyabr kuni ertalab qisqa vaqt ichida o‘ndan ortiq portlash ovozlari eshitilgan, ularning ba’zilarini derazalardan ko‘rishgan. Aftidan, stansiyani o‘qqa tutish qayta boshlangan, dedi AEXA.

Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, portlashlar Dnipropetrovsk viloyati Marganets aholi punkti hududidan Ukraina Qurolli kuchlari stansiyaning o‘qqa tutishi natijasida sodir bo‘lgan. «19 noyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari artilleriyasi AES hududini 11 ta yirik kalibrli artilleriya snaryadidan o‘qqa tutdi. 20 noyabr kuni ertalab Ukraina qo‘shinlari AES hududini ikki marta o‘qqa tutdi», — deyiladi xabarda. 

Rossiya qo‘shinlari 2022 yilning mart oyida Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olishdi. O‘shandan beri Rossiya va Ukraina bir necha bor bir-birini stansiyani o‘qqa tutishda aybladi.

Mavzuga oid